Ijtimoiy tarmoqlar:
ULUG‘ XALQ QUDRATI JO‘SH URGAN ZAMON

 

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoldir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Ozod O‘zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari — Davlat gerbi, Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi azizdir. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.

Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligi va suverenitetining asosi sifatida 1991 yil 18-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi, 1992 yil 2 iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi, 1992 yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi, davlat va millat ramzlarining konstitutsional asosi yaratildi.

Joriy yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilingan kun munosabati bilan “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Bojxona instituti boshlig‘i, bojxona xizmati podpolkovnigi Ergashev Vosid Yoqubovich, Fidokorona xizmatlari uchun ordeni sohibi, shoir А.Oripovning turmush o‘rtog‘i Hanifa Oripova, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva hamda bojxona instituti professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar yer yuzida ikki yuzi ellikka yaqin davlatlar mavjud bo‘lib, har bir mamlakatning o‘z Davlat madhiyasi mavjud. Har bir madhiya o‘sha xalqning orzu-umidlari, ozodligining yer kurrasi bo‘ylab aks sado berib turadi. Ular bilan bir qatorda aks sado berib turgan madhiyamiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi.

Ushbu tadbirda so‘z olgan shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar tomonidan O‘zbekiston Qahramoni Аbdulla Oripov so‘zi, Mutal Burxonov musiqasi ostida bastalangan xalqimiz qo‘shig‘ining ulug‘vorligi, o‘zida xalqimizning tarixiy orzu-umidali yashashi, har bir Vatan farzandi Davlatimiz madhiyasiga munosib ehtirom ko‘rsatishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritdilar.

Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Bojxona institutining kursantlari qalamiga mansub Vatanni madh etuvchi sheʼriy chiqishlar, xalqimiz eʼzozidagi xonandalar tomonidan kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Toki Vatanimiz madhiyasi yangrar ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qaerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan Madhiyasi yer kurrasi aro yangrayveradi.

09.12.2020