Ijtimoiy tarmoqlar:
ULUG‘ XALQ QUDRATI JO‘SH URGAN ZAMON

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi mamlakatimiz suverenitetining ramzi boʻlib, milliy davlatchiligimiz, tarixiy-madaniy anʼanalarni oʻzida mujassamlashtirgan. Madhiyamizda ezgulik, baxt, sadoqat, poklik, xalqimizning yuksak maʼnaviyati aks etgan. Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan, gʻururimiz va shon- shuhratimizni tarannum etgan madhiyamiz ozod Vatanimiz sarhadlari uzra yangrar ekan, u bizni yurtimiz tinchligi va ravnaqi yoʻlida birlashtirib, yangilanayotgan Oʻzbekistonni hamisha koʻz qorachigʻiday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlishga, yuksak ishonch va qatʼiyat bilan kelajakka qadam tashlashga daʼvat etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kunning 28 yilligi munosabati bilan poytaxtimizning Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyi maydonida tashkil etilgan “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon!” deb nomlangan tantanali bayram tadbirini Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, Oliy Majlis senati aʼzosi Minhojiddin Mirzo ochib berdi.

Tantanada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis senati aʼzosi Sirojiddin Sayyid soʻz olib, Davlatimiz ramzlaridan biri boʻlgan madhiya Oʻzbekiston xalqining shon-sharafi, gʻururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassamlashtirishi borasida soʻz yuritdi.

Bayram tantanasida taniqli sanʼatkorlar tomonidan Ona Vatan, mehr-muhabbat, yurtga sadoqat tuygʻularini madh etuvchi goʻzal qoʻshiqlar ijro etildi. Shodiyonaga Milliy gvardiya musiqa maktabi oʻquvchilari chiqishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoshidagi harbiy orkestr jamoasining konsert dasturi oʻzgacha fayz kiritdi.

11.12.2020