Ijtimoiy tarmoqlar:
IKKI USTUN –BIR BUTUN!

Har qanday davlatning suyanchi va tayanchi bo‘ladi. Suyanchi uning xalqi bo‘lsa, tayanchi iqtisodiyot va maʼnaviyatdir. Prezidentimiz raisligida 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xuddi shu fikr bilan bog‘liq mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Zero, mamlakatning ozodligi, obodligi uning birlashtiruvchi va olg‘a chorlovchi kuchi bu uning milliy g‘oyasi va mafkurasidir.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni jamiyat hayotining tanasiga, maʼnaviyatni esa uning joni va ruhiga qiyos qilish asnosida yangi O‘zbekistonni barpo etish xuddi shu ikki mustahkam ustunga, yaʼni biri — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bo‘lsa, ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga bog‘liq ekanligini alohida eʼtirof etdi. Ular bir butun bo‘lgandagina, jamiyatning chinakam rivoji taʼminlanadi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda ham, taʼlim tizimidagi yondashuvda ham taʼsirchanlik yuqori bo‘lsa, natija, sifat va samara bo‘lishi tabiiy. Ilohiy neʼmat sanalgan so‘zdan do‘st ham, dushman ham foydalanadi. Gap kim undan qanday foydalana bilishida. Targ‘ibot va tashviqotning quroli germenevtika, yaʼni tushuntirish, yetkazish, talqin qilish sanʼati. Uning muhim omili esa ritorika sanʼatidan o‘rinli va unumli foydalana bilishdir. Bu esa, o‘z navbatida, Ritorika mahorat maktabini tashkil etishni taqozo etadi. Chunki aynan jaholatga qarshi maʼrifat g‘oyasini notiqlik sanʼati orqali amalga oshirish mumkin. Maʼruzada o‘rinli taʼkidlanganidek, kambag‘allikni qisqartirish borasida ancha ishlar qilinyapti va natijalarga ham erishilyapti, lekin maʼnaviy qashshoqlikni qisqartirish, fikr qaramligidan qutulish haqidagi o‘ylar insonni jiddiy xavotirga soladi. Qanday qilinsa, taʼsirchan taʼlim va tarbiya tizimini yaratish mumkin? Davlatimiz rahbarining “bolalarimizni qo‘lidagi telefon tarbiyalayapti” degan fikrlari ayni haqiqat. Bolalarga telefon orqali singdirilayotgan har xil buzuqlik va uydirmalar bir tomondan ularning axloqiga salbiy taʼsir etsa, ikkinchi tomondan, yot g‘oya manfaatiga xizmat qilayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Natijada bolalarimiz dinning asl mohiyatini bilib-bilmasdan, ana shunday radikal oqimlar taʼsiriga tushib qoladi. Keyinchalik esa buni tuzatish uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Prezidentimiz ogohlik davr talabi ekanini eslata turib, ikkita mashhur iborani keltirdi: “Daraxtning bo‘shini qurt yeydi”, ”Sen uxlaganingda dushman uyg‘oq bo‘ladi”. Har ikki ibora ham sustkash, befarq, irodasi sust, bo‘sh, loqayd kimsalarga daxldor. Daraxtning bo‘shiga qurt tushib, uni tamomila quritgani kabi beparvo kishilarni ham jaholat o‘z domiga tortadi. Ildizimiz mustahkam bo‘lsa, hech qanday yot g‘oya pand berolmaydi. Buning uchun chuqur bilim va teran tafakkurga, yuksak maʼnaviyatga ega bo‘lishimiz kerak. Bu esa fikr tarbiyasini, aqlan-jismonan sog‘lomlikni, qalban uyg‘oq bo‘lishni taqozo etadi.

Rahimboy JUMАNIYOZOV,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini

mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti,

“Maʼrifat” targʼibotchilar jamiyati aʼzosi

28.01.2021