Ijtimoiy tarmoqlar:
SADOQAT VA NAFOSAT TIMSOLI

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, publitsist, shoira Muhtarama Ulug‘ova qalamiga mansub "Muhabbat saroyida qolganlar" xotira kitobining taqdimoti bo‘lib o'tdi. Zulfiyaxonimning izdoshlari, yaqinlari, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi xodimlari, she'riyat va kitobsevar muxlislar ishtirokida o‘tgan tadbir barchaga ma'naviy ozuqa ulashdi, desak adashmaymiz. Davra suhbatini Shoira Farog‘at Xudoyqulova olib bordi. Shoir G‘ayrat Majid, Zulfiyaxonimning shogirdi, jurnalist Qutlibeka Rahimboyeva, shoira, "Do‘stlik" ordeni sohibasi Marhabo Karimova, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo‘lim boshlig‘i, Munojotxon Nurmatova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi Hakim Sattoriy va boshqalar so‘zga chiqishib, Zulfiyaxonim bilan bog'liq go‘zal xotiralarni, shuningdek, ushbu xotira kitobining yozilishi adabiyotimiz uchun o‘ziga xos bebaho tuhfa ekanligi va bu asarning yuksak tarbiyaviy ahamiyati borasida so‘z yuritdilar.

- Chin insoniylik maqomiga qalban ko‘tarila olganlar ibratiga hamisha muhtojmiz. Zulfiyaxonim haqida bilgan, ko‘rgan, eshitganlarni yozish, davralardan so‘zlab berishdan niyatimiz shunchaki xotiralarni bayon etish emas,- deydi muallif, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimi Muhtarama Ulug‘ova. - Zero, asosiy maqsad o‘z faoliyati, ijodi bilan nafaqat Vatanimiz, balki dunyo ayollari orasida ham har jihatdan ibratga loyiq bu ajoyib insonning fazilatlarini o‘zimizda, farzandlarimizda, kelajak avlodlarimizda ham ko‘rmoqdir.

Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim hayoti va ijodiga bag'ishlangan ushbu kitob bugungi yoshlarimiz uchun, ularning kamoloti uchun ham hayotdan dars berguvchi kitob bo'lib qolishi shubhasiz.

15.03.2021