Ijtimoiy tarmoqlar:
O'zbek kino san'atining asoschilaridan biri Shuhrat Abbosovni yod etib...

Ba’zilar inson umrini shoshqin daryoga o‘xshatishadi. O‘zbek kinematografiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, serqirra ijodkor, buyuk rejissyor , iste’dodli ssenarist, tug‘ma aktyor Shuhrat Abbosovning zalvorli mehnat va mashaqqat bilan kechgan hayoti hamda o‘ziga xos ijodi ummonga qiyoslagulik. Bu ummon osti-yu, ustiga nazar tashlamoq uchun 9-may "Xotira va Qadrlash" kuni munosabati bilan ijodkorning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan maqolamizni sizga taqdim etmoqchimiz.

Bolalik shunchaki tarix emas, u inson kelajagiga taqdiriga poydevor qo‘yadi. Shuhrat Abbosovning bolalik davrlarida kechgan mashaqqatlari, uning kelajagi mustahkam bo‘lishida asos bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shuhrat Abbosovning otasi Moskva qishloq xo‘jaligi institutini oltin medal bilan, onasi esa Moskva Konservatoriyasini a’lo baholarga tamomlagan. 1931-yilning yoz oylarida 5-6 oylik go‘dak Shuhrat Abbosovni, ota-onasi poyezdda Qo‘qondan Moskvaga shahriga olib kelishadi. Ijodkor bolalik chog‘larining ilk yillarini Moskvada ziyolilar davrasida o‘tkazdi. Shuhrat Abbosov Qo‘qon shahrida tug‘ilgan bo‘lsada, otasining kasbi tufayli Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida ulg‘aydi. Ammo, urush degan ayanchli ofat barcha qatori ularning oilasini ham tinchini buzdi.

1942 yil ayni ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqan pallada, Koson tumanida sovuq o‘z kuchini ko‘rsatib, ocharchilik boshlangandi. Aynan o‘sha yili Shuhrat Abbosovning onasi kichik ukasini dunyoga keltirdi. Chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng, olti kun o‘tar-o‘tmas, onasi va singlisi ich terlama kasaliga chalinib, maxsus shifoxonaga yotqizildi. Shuhrat aka va otasi har kuni ertalab yetti kunlik chaqaloqni, ularning uyidan juda olis qishloqda yashovchi yaqindagina farzand ko‘rgan onaning oldiga olib borishardi va ona sutiga to‘yintirib uyga qaytishardi. Odamning suyagigacha zirqiratadigan urush zamonida uning oilasi uchun ham yashash uchun kurash anchayin zahmatli kechdi. Shuhrat aka tiriklik vaqtida tinch zamonamizga shukrona aytib, o‘sha kunlarda ukasini uyga olib qaytishayotgan vaqtlarida xonadonlarning supalarida ovqat tanqisligi, turli-tuman kasalliklar ko‘paygani oqibatida o‘lim to‘shagida yotgan odamlar hali hamon ko‘z oldidan ketmasligini ko‘p bor eslab yurdi. Ukasi to‘qqiz kunligida tibbiy e’tibor va ozuqaga muhtoj bo‘lib olamdan o‘tdi. Bechora otasi bu judolikni ko‘tara olmadi, oxir oqibatda farzandi o‘limining ertasi kuni yuragi huruj qildi. Chamasi tun yarmi soat 02:00 lar atrofida edi. Otasi unga tez shifokorni chaqirishini buyurdi, bolalik chog‘larida do‘stlari jarlik atrofida o‘ynashardi. Ammo Shuhrat Abbosov o‘sha jarlikdan ming marta sakrab ham o‘ta olmasdi, o‘sha kechada vajohat, alam, yig‘i aralash jarlik oldiga yugurib keldi va bir urinishdayoq sakrab o‘tdi. Qishloq ambulatoriyasi uylaridan uzoqda joylashganligi bois, shifokor ayol ancha kech keldi. Shifokor opa 35 yoshida bu yorug‘ olamni tark etgan otasining jasadiga qarab: “Essiz nitroglitserin tabletkasini tilining tagiga qo‘yib shimganida, barcha og‘riqlari o‘tib ketardi”, - deb yig‘ladi.

Shifoxonada davolanayotgan onasi bu xabarni eshitib, ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmadi. Onasi bolaligidan qo‘shiqchi bo‘lishni orzu qilgan. Ammo, otasi tiriklik davrlaridayoq ”Oilani deysiz yoki san’at yo‘lidan ketasiz”, deb shart qo‘ygan ekan. Onasi yuragida o‘t-olov bo‘lib yongan kasbini emas, otasi bilan osoyishta turmushni tanlagandi. Shuhrat Abbosovning onasi otasi o‘tgandan keyin ham va’dasiga sodiq qolib, hech qachon qo‘shiq ijro etmadi. Rejissyor kinofilmlaridagi to‘la-to‘kis o‘zbek ayolining ona obrazini onasining timsolidan olganini ko‘p bor ta’kidlardi. Yillar o‘tgan sari ham uning ko‘z o‘ngida onasining mungli so‘zlari lekin, nigohidagi dadil, o‘tli qarashlari hech ketmadi.

Shuhrataka 11 yoshga to‘lmay turib, onasi bilan birga oila boshi sifatida beshafqat hayotning qiyinchiliklarini yengib o‘tishga harakat qilardi. U oilasining qornini to‘yg‘azish uchun onasi bilan birga har kuni cho‘l yantoqlaridagi shakar shirasini qoqib olish uchun dalaga borardi. Onasi yantoq tagiga gilamcha to‘shar, u esa yantoqni kaltak bilan qoqardi. Onasining qo‘llari yantoq tikanlaridan shirani ajratish uchun qonab ketardi. Yantoqni tozalab bo‘lgach, uning shirasidan qaynatib, qand tayyorlashardi. Shuhrat aka onasi bilan kunduzlari yantoq bilan ovvora bo‘lsa, kechalari dala-dashtda toshbaqa, tipratikon ovlab kun ko‘rishardi.

Shuhrat Abbosovning xonadonida ilmga bo‘lgan chanqoqlik muhiti uni doimo ma’rifat sari yetakladi. Maktab ijodkor istiqomat qilayotgan hududdan ancha uzoqda joylashgandi. Onasi uy yumushlari, jamoa xo‘jaligidagi ish bilan band bo‘lishiga qaramay u va ukalariga vaqti bo‘ldi deguncha qiziqarli hikoya va rivoyatlar so‘zlab berardi. Ijodkor 4-sinfgacha bo‘lgan sabog‘ini onasi va asosan ularning uyidan sal nariroqda yashaydigan 96 yoshni qoralagan bir  onaxondan ta’lim oldi. Abbosovning rus, jahon va o‘zbek adabiyoti borasidagi olgan bilimlari, hikoya va asarlardagi voqealar rivoji bir umr xotirasida muhrlanib qoldi va hayot yo‘lida tayanch vazifasini o‘tadi.

Shuhrat Abbosovning onasi farzandi ta’limni mukammal davom ettirishi zarurligi, jamiyat bilan yuzma-yuz hayotni o‘rganishi kerakligini o‘ylab uni Toshkent shahriga singlisinikiga yuborishni rejalashtirdi. Ijodkor esa yoshlik onlari o‘tgan cho‘l-biyobonlarni, do‘stlarini, otasi bilan baxtiyor kechgan uyini tashlab ketgisi kelmadi. Uning yolvorishlariga qaramay Shuhrat Abbosov Toshkentda xolasi Xadicha Eshonho‘jayevanikida istiqomat qila boshladi. Xolasi Xadicha Eshonho‘jayeva Moskva Konservatoriyasini tamomlagan. Uning turmush o‘rtog‘i o‘sha vaqtlarda “O‘zbekfilm”ning rahbari A’lo Eshonho‘jayev edi. Rejissyor yashayotgan xonadonida deyarli har kuni kino olamining yirik namoyondalari ijodiy uchrashuvlar, turli kinokartinalarning namoyishi oldidan muhokamalar o‘tkazishardi. U ilk bor haqiqiy san’at bilan to‘qnash keldi. Ijodkorning yuragida xolasi va uning dugonasi Maqsuma Qoriyeva ijro etgan o‘zbek milliy mumtoz qo‘shiqlari yillar davomida saqlanib qoldi.

Shuhrat Abbosov uchun ming qilsa ham xolasi, onasi o‘rnini bosa olmadi, uning san’atga bo‘lgan ishtiyoqi, tashnaligi haqida mulohaza ham qilmadi, uni shunchaki diplomli bo‘lsin deb uylariga yaqin joylashgan yibbiyot kasb-hunar bilim yurtiga imtihon topshirishini aytdi. Afsuski, kimyo fani ijodkorni umuman qiziqtirmas edi. Ijodkorning adabiyotni o‘rganishga bo‘lgan intilishi bilim yurtida ham uni tark etmadi. U bilim yurtidagi badiiy to‘garakning eng faol qatnashchilaridan edi. Rejissyor bilim yurtida do‘stlari va guruhdoshlarini yangi sahna asarlarini namoyish etishga jalb etardi. U bilim yurtini tugallash jarayonida kimyo fanidan davlat imtihonida rektorga ro‘baro‘ keldi va rektor “Abbosov, siz dorishunoslikni ikki baho darajasida ham o‘rganmabsiz. Essiz uch yil umr”,- deb uni koyiy ketdi. Jaryonni kuzatib ko‘rgan adabiyot o‘qituvchisi “Bu bolaning yuragida haqiqiy qobiliyat o‘t-olov bo‘lib yonayapti. U chin professional aktyorlarday mahorat bilan rol ijro etadi”, - deb, rektorni qiziqtirib qo‘ydi. Ijodkor kimyo imtihonida Pushkinning ”Xasis ritsar” asaridan bir monologni bor vujudi bilan, to‘lqinlanib ijro etib berdi. Rektor yosh aktyorning ijrosiga hangu-mang bo‘lib qoldi va Abbosov, monologni qoyilmaqom qilib ijro qilganingiz uchun uch baho qo‘yib beraman. Ammo so‘z bering: Hech qachon dorishunos bo‘lib ishlamaysiz”,- dedi.

Shuhrat Abbosov bilim yurtini tugallash arafasida, do‘stlari bilan birga yangi spektakl tayyorladi. O‘sha vaqtlarda Qo‘qon shahridagi teatrda faoliyat olib borgan Hamza Umarov orqali Qo‘qonda istiqomat qiluvchi, otasi tomonidan qarindoshlari Shuhratakaga bir tugunda vodiy patiri, olma, o‘rik, mayizlardan berib yuborishibdi. Tasodifni qarangki, Hamza Umarov bilim yurtiga kelgan vaqtda ijodkor sahnada Ostrovskiyning ”Aybsiz aybdorlar” asaridagi keksa chol – Shmag obrazini talqin qilayotgandi. Spektakl tugagandan so‘ng o‘sha onning o‘zidayoq Hamza Umarov Shuhrat akani teatr va rassomchilik instituti rektorining oldiga olib bordi va rektor uning turli xil chehralarni yaratib bera olishini ko‘rib qoyil qoldi va u “Abbosov, sizda aktyorlikka nisbatan rejissyorlikka kuchli moyillik bor ekan. Hozir bizda aktyorlar ko‘p. Ammo, iste’dodli rejissyorlar yetishmayapti” deb, rejissyorlik sohasiga taklif etdi. Avvaliga ijodkor aktyor bo‘lish fikridan qaytmadi, keyinchalik ustozlarining yo‘l-yo‘rig‘i va Hamza Umarovning yordami bilan Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomchilik institutining talabasi bo‘ldi.

Shuhrat Abbosov oliygohni tamomlagach 1956-yili Yangiyo‘l tumanidagi Mannon Uyg‘ur nomidagi musiqali drama teatrida bosh rejissyor bo‘lib ishlay boshladi. U teatrda Abdulla Qahhorning “Og‘riqli tishlar”, Komil Yashinning “Nurxon” kabi zalvorli asarlarini sahnaga olib chiqdi. Bir qancha iqtidor sohiblarini kashf etdi.

Rejissyor keyinchalik sohasi bo‘yicha malakasini oshirish maqsadida 1957-1958 yillarda Moskva “Mosfilm” dargohida dars oldi. U 1958-yildan boshlab “O‘zbekfilm”da rejissyorlik faoliyatini boshladi. Rejissyor ish boshlaganiga bir yil bo‘lsada, yuragi jiz etadigan biron bir senariyni uchratmadi. “O‘zbekfilm”ning rahbari Malik Qayumov unga “Abbosov senariy ma’qul kelmagani bilan sizga kimdir didingizga moslab asar yozib bermaydi. O‘zingiz izlaning, harakat qiling”, - deb maslahat berdi. Rejissyor umid bilan senariylar saqlanadigan xonaga kirdi va qog‘oz qatlamlarining eng ustki qismida bir varaq qog‘ozni shunchaki qo‘liga oldi va onaning uzoq Moskvada bilim olayotgan o‘g‘liga yozgan dilnomasiga ko‘z yugurtirdi. Oq qog‘oz ustiga "Abdulla Ramazonov hayotidan ocherk" deb bitilgandi. Rejissyor ocherk muallifi bilan suhbatlashdi lekin uning hikoyasidan ilhomlanmadi. U ish yuzasidan 1959-yil Moskvaga institutga bordi. Tasodifan ustozi Ginzburg Moskvadaligidan xabardor bo‘lib va uni mehmon qilish uchun gruzinlar restoraniga taklif etdi. Vaqt allamahal bo‘lgunicha suhbatlashib o‘tirishdi va gap orasida “Shuxrat tezroq yangi filmingni boshlagin”, - deb tanbeh berdi. Ustozi uni urush yillarida jonini saqlab qolish uchun oilasi bilan Toshkentda yashagan va o‘zbek millatining mehmondo‘stligi, odamiyligi, mehribon xalq ekanligini tilidan bol tomib, maqtab gapiradigan 86 yoshga kirgan yozuvchi Yuliy Rest bilan uni tanishtirib qo‘ydi. Ijodkor yozuvchi bilan suhbatlashgandan so‘ng, rejissyorlik iqtidorini amaliyotda ko‘rsatish vaqti yetganini anglab yetdi va ilk marotaba haqiqiy o‘zbek insonlarining hayotini keng ko‘lamda ochib beruvchi kinoga qo‘l urdi.

Rejissyor Yuliy Rest bilan Toshkent mehmonxonasida 10 kun davomida “Mahallada duv-duv gap” kinokomediyasining senariysini birgalikda yozib tugatishdi. Ammo senariy rus tilida bitilgani edi. U guruhi bilan tasvirga olish jarayonlariga tayyor turgan bir paytda, qo‘lyozma rus tilida bo‘lganligi to‘sqinlik qildi. Rejissyor uchun tarjima bobida Abdulla Qahhorga teng keladigan ijodkor yo‘q edi. U o‘sha kunning o‘zidayoq Abdulla Qahhorni qidirishga tushdi. Aynan o‘sha vaqtda yozuvchining tobi qochib, shifoxonada davolanayotgan edi. Abdulla Qahhor sog‘ligi joyida bo‘lmasa ham rejissyorning rayini qaytarmadi. Yozuvchi qoyilmaqom qilib senariyni o‘zbek tiliga o‘girib berdi. Xattoki kuldirish sahnalari uchun mo‘ljallangan monologlarni a’lo darajada, o‘zbek eli hayotidagi qiziq so‘zlardan o‘z-o‘rnida qo‘llab, hajviyona yozgandi. 1960-yil birinchi yanvar kuni sayqallash ishlari nihoyasiga yetdi va “Mahallada duv-duv gap” omma e’tiboriga havola etish uchun tayyor xolga keltirildi.

Ijodkor hamon odamlar ongida, yuragida yashab kelayotgan hattoki, shu soha vakillari yodga olganda to‘lqinlanib eslaydigan ko‘plab kinolar yaratdi. Masalan, “Sen yetim emassan”, Shum bola”, “Sevgi mojarosi”, “Qalbingda quyosh” kabi o‘lmas asarlari xalq hukmiga havola etildi. Ular orasidan “Sen yetim emasan “ kinosining o‘rni alohida ahamiyatga egadir.

Rejissyor “Mahalladan duv-duv gap” filmi tasvirga olingandan so‘ng oradan ancha vaqt o‘tgach Malik Qayumov bilan ish yuzasidan Moskvada uchrashib qoldi. Malik aka unga 14 ta turli millat vakillari hisoblangan yetim bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan Toshkentlik Shomahmudovlar oilasining tarixi haqida hujjatli film olinganligi haqida aytdi va Shuhrat Abbosov bunga ishonmadi. Chunki, o‘sha zamonlarda urush avj pallasida edi. “Odamlar o‘zi uchun zo‘rg‘a yegulik topib kun kechirishgan bir paytda qanday qilib bir ota-ona shuncha farzandni o‘stirishi amri mahol, agar shunday bo‘lsa, bu katta jasorat”, - dedi. U onam uch bolani voyaga yetkazgunicha sochlari oqarib ketdi deb o‘ylab qoli. Malik Qayumov rejissyorga “Ushbu hujjatli filmni tomosha qilsangiz hammasini tushunib yetasiz, mulohaza qilasiz va kinokartina yaratish borasida o‘ylab ko‘ring”,- dedi. Unga hali hech kim bu mavzuga qo‘l urgani yo‘q deb maslahat berdi.

O‘sha vaqtlarda yozuvchi Raxmat Fayziyev Shomahmudovlar oilasining turmush tarzi to‘g‘risida murakkab, kishini yig‘latadigan ammo xalqano roman yozayotgan edi. U roman bilan obdon tanishib chiqdi va voqealar rivojiga qiziqib qoldi va qog‘ozda yozilgan hodisalarni haqiqiy hayotda ko‘rishga jazm qildi.

Shuhrat Abbosov ikki oy davomida Shomahmudovlar oilasidan qo‘nib topdi. Dastlab, xonadonga kirib borganida qozoq millatiga mansub yosh qiz bilan, rus bolasi beg‘ubor tortishishayotganiga ko‘zi tushdi. O‘g‘il bola qizchaga qarab, sen qozoqsan, derdi. Qizcha esa, yo‘q men o‘zbekman. Sen o‘zing qozoqsan, deb uyni boshiga ko‘tarib yig‘lardi. Buni qarang. Yoshgina bir qizchaning murg‘ak qalbida yashayotgan go‘shasiga, begona bo‘lsa-da, muruvvat ko‘rsatgan ota-onasiga nisbatan mehr va endi men ham o‘zbeklarning farzandiman degan g‘oya uyg‘onganligini tomosha qilib ijodkor lol qoldi. Bir-biri bilan tortishayotgan bolalarning oldiga otasi keldi va hammangiz mening o‘zbek farzandlarimsiz. Boshqa bir-biringiz bilan urishib, xo‘rlayotganingizni ko‘rmay deb qattiq ohangda buyruq berdi. Lekin, keyin yumshoqlik bilan ikki o‘smirni ham yarashtirib, murosaga keltirdi. Onalari ertadan kechgacha uyda qizlariga ayollarga xos bo‘lgan ibo hayoni o‘rgatib borsa, temirchilik kasbini egallagan otalari esa o‘g‘il bolalarga chiniqib mehnat qilish kerakligini, inson faqatgina mukammal darajada egallagan hunari orqasidan halol va barakali mablag‘ topish mumkinligini uqtirardi. Rejissyor bu oilada barcha bolalar biz o‘zbek milatining farzandlarimiz degan oddiy ammo, kuchli g‘oya bilan sug‘orilgan fikr ostida ahil-inoq bo‘lib umrguzoronlik qilishayotganiga tahsinlar aytdi. Ijodkorga oiladagilarning barchasi otaning bir so‘zi bilan birlashib tarbiyalanishsa, onaning mehri ila zavq bilan kelajak sari olg‘a qadam tashlashi ilhom va yangi asar tayyorlash uchun kuch berdi.

Shuhrat Abbosov endina oliygohni tamomlab kelgan tasvirchi Xotam Fayziyev bilan filmni tasvirga olish ishlari borasida chuqur va puhta reja tuzib chiqdi. Xotamjon har kuni ijodkorning hovlisiga kelar, ertadan to kechgacha birgalikda senariy to‘g‘risida suhbatlashishardi. Va nihoyat Raxmat Fayziyevning romani va Abbosovning Shomahmudovlar oilasida ko‘rgan kechirganlari umumiy birlashtirilib “Sen yetim emassan” filmining senariysi dunyoga keldi. Hattoki u asar nomini ham obdon o‘ylab qo‘ydi. O‘sha uydagi insonlarning xuddi aka-uka, opa- singilday bir-biriga muomila qilishi, xonadon egalarining begona bolalarni o‘z jigar porasiday aziz bilib, silab-siypab, yaxshilik qilib, qalbining to‘ridan joy berishi ijodkor yuragida filmning nomini belgilab berdi.

Senariy kino holiga keltirildi va barcha aktyorlar bor mahoratini ishga solib yurakdan rol ijro etishdi. Ammo, dastlab Moskva negadir kinofilmni ommaga ko‘rsatish uchun tasdiqlamadi. Keyinchalik, oradan vaqt o‘tgach barchasi iziga tushdi va rejissyorning qalbida xalqi uchun tortiq qilmoqchi bo‘lgan o‘lmas kartinasi omma e’tiboriga havola etildi. Shuhrat ushbu film orqali juda ko‘p yutuqlarga erishdi va xalqning duosini oldi, hattoki chet mamlakatlarda bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Rejissyor 1963-yili Frankfurtda o‘tkazilgan Xalqaro kinofestivalning oliy mukofotiga loyiq topildi. Butun dunyo ahli, o‘zbek millatining mehmondo‘stligini, jonkuyarligini, har qanday vaziyatda ham atrofidagi insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor xalq ekanligini bildi va yuksak e'tiroflar, maqtovlar bilan tan oldi.

U yaratgan filmi “Sen yetim emassan” ning o‘ziga xosligi o‘zbekona milliyligimizni, urf-odatlarimizni, o‘zligimizni anglatib turuvchi syujetlarga boy bo‘lgani uchun menga yana omad kulib boqdi deya hisoblagan. Ijodkor umrining oxirgi kunlariga qadar “Sen yetim emassan” filmi orqali erishgan yutuqlari o‘sha onlarda boshdan o‘tkazgan xursandchilik va his-xayajonlari hamda shunday elning farzandi ekanligidan faxrlanib, yurakdan to‘lqinlanib gapirardi. Rejissyor umri davomida xalqi boshidan o‘tkazgan mashaqqatlarni, kelajakka bo‘lgan umidni, millatimizga xos bo‘lgan fazilatlarni namoyon etuvchi filmlar yaratishga harakat qildi va ular doimo alohida o‘zgacha ruhda tayyorlanganligi bilan ommaning diqqat markazida bo‘lib keldi.

Shuhrat Abbosov odatda oliygohdagi, atrofidagi san’at vakillariga, barcha so‘ragan narsalarini chuqur tushuntirib berishga harakat qilardi. Ba’zida, buning uchun soatlab vaqtini sarflardi. U shogirdlariga, o'z kasbini egallab kelayotgan farzandlariga ham, hamisha mehnatdan, izlanishdan charchamanglar deb, ko‘p ta’kidalardi. Ularga mehnat bilan birga ilm olish, manbaalarga boy kitoblarni, shuningdek hayot uchun asqotadigan badiiy asarlarni ko‘p o‘qish va uqish zarurligini doimo uqtirardi, maslahat berardi. Eng yaxshi ko‘rgan shogirdlaridan biri Rustam Sagdiyev har bir filmini tasvirga olish oldidan u bilan maslahatlashardi. Rejissyor tiriklik chog‘idan shogirdi bilan faxrlanib, “Meni barcha ko‘rsatmalarimga, qonun-qoidalarimga rioya qiladi” deb, aytib o‘tgandi.

Shuxrat Abbosov yoshligidan oila bu muqaddas dargoh ekanligini chuqur anglab yetgan edi. U har birimiz yoshlikda olgan tarbiyamizning yaxshi yoki yomonligiga qarab umr kechiramiz derdi. Rejissyor hayot yo‘li bir tekisda, ravon bo‘lishiga, ijodida erishgan natijalarining asl zamirida, avvalo, ota-onasining yillar davomida qilgan mehnati, bergan tarbiyasi ta’siri muhim ahamiyatga egadir deb aytardi. U onasining qismatida qancha uqubatlar bitilishiga qaramasdan, onasi otasi yo‘qligini sezdirmaslikka harakat qildi. Kerak bo‘lsa, xuddi qattiqqo‘l otalarday metin iroda bilan jilovidan mahkam tortib turdi. O‘z o‘rnida onasi farzandlariga borliqni, insonlarni sevishni, mehrli bo‘lishni o‘rgatdi. Shuhrat Abbosov odamzod muvaffaqiyatini doimo bir me’yorda ushlab turishi uchun tinimsiz mehnat qilishi, izlanishi zarur deb o‘yladi va amaliyotda ham shuni isbotladi.

1946-yillarda Shuxrat Abbasovning oilasidagilar Qashqadaryodan Toshkentga ko‘chib kelishdi. Onasi uning har bir yutug‘idan dunyoga sig‘may faxrlanib, g‘ururlanardi. Rejissyor turmush o‘rtog‘i Guli Rayhon bilan 1961-yili oila rishtalarini uzviy bog‘ladi. 1961-yilda Oybek Muso Toshimuhammad o‘g‘liga kuyov bo‘ldi. 22 yil davomida tinch-totuvlikda hayot yo‘llarini bosib o‘tdi. Ayoli hamisha uni qo‘llab-quvvatlar, ijodkor asarlarining ilk muhlisi va tanqidchisi edi. Xonadonida uch nafar farzand dunyoga keldi. Nozim, Eljon Abbosov va Asal Abbasovalar. Farzandlarining barchasi san’at va madaniyat oliygohlarida tahsil oldi Ayoli ijodkorning kasbini tushunib, bolalarini oq-yuvib taradi. Ammo, qismat ekan. Bu yorug‘ olamni tark etdi.

Shuxrat Abbasov hayotda inson barcha qiyinchiliklarga iroda bilan qat’iy tursa, har bir o‘ylagan niyatiga erishadi deb, hisoblagan.

Shuxrat Abbasov bolaligidan tarixiy janrdagi hujjatli filmlar olishga ishtiyoqmand bo'lgan. U buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy haqida tarixiy janrdagi 2 qismli ilmiy telefilmni tasvirga oldi. Rejissyor o‘sha yillarda Abu Rayhon Beruniy to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar arab tilida bo‘lishiga qaramay, har bir misrani qoldirmay uning hayoti haqidagi kitobni o‘zbek tiliga tarjimon bilan o‘girib chiqdi. O‘sha vaqtlarda, ushbu film Yunisef tomonidan ham yuksak maqtovlarga sazavor bo‘ldi.

1977-yili Tehronda bo‘lib o‘tgan “Oltin delfin” mukofotini qo‘lga kiritdi. U: “Jamiyatimizni ma’naviy-ahloqiy jihatdan mustahkamlash va taraqqiy ettirishda xalqimizning boy madaniy tarixini chuqur o‘zlashtirish, jahon madaniyati tarixida munosib o‘rin egallagan allomalarimizning merosini har tomonlama o‘rganish katta hamiyatga egadir”, - derdi. Ijodkor yurtimizda o‘tmishda o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymolarning hayot yo‘li, ularning biz avlodlarga qoldirgan madaniy-ma’naviy boyligini xalqqa, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ko‘rsatib bershimiz lozim deb hisoblardi va bu jarayonda u kabi ijodkorlarning alohida o‘rni, mas’uliyati bor deya ta’kidlardi.

 

Sh. Tojiddinova

08.05.2018