Ijtimoiy tarmoqlar:
Ma’rifatli yoshlar-millat faxri

Mustaqillik asosida shakllangan yangicha tafakkurdagi dunyoqarash insonning insoniy xususiyatlarini belgilashda o‘z tahririni kiritmoqda. Bugungi kunda har bir shaxs olam ichidagi alohida olam, sirli xilqat ekanligi haqidagi estetik tushuncha jihatlaridan tashqari bevosita ijtimoiy hayotning iqtisodiy, huquqiy, siyosiy, axloqiy hamda ma’naviy tomonlari bilan qonuniy bog‘liqligi oydinlashmoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi yoshlarni ma’rifatli qilib tarbiyalash bilan bir qatorda ularning ma’naviy hamda madaniy xususiyatlari bevosita nafosat tuyg‘usining shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan joriy yil 16 may kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 34-sonli umumta’lim maktabida “Ma’rifatli yoshlar-millat faxri” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas'ul xodimlari B. Arziyev, H.Jo‘rayev, I.Abdusalomov, Muqumiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatri aktyori U.Shodmonovlar ishtirok etdilar.

Ma’ruzachilar bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan, nanotexnologiyalar asrida yashar ekanmiz yoshlarni har tomonlama yetuk, ma’naviyatli hamda ma’rifatli qilib tarbiyalash bugungi kunda oldimizda turgan dolzarb vazifalaridan biri ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan eng asosiy maqsad - yoshlar ongida ma’rifat tushunchasini shakllantirish, vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ularni turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarni namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash hamda komil inson g‘oyalarini tarannum etishdan iboratdir.

Tadbir so‘ngida muassasa o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar sovg‘a qilindi.

18.05.2018