Ijtimoiy tarmoqlar:
Jizzax: “Yuksak ma’naviyatli avlod” Respublika festivali

Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda Davlatimiz rahbari rahnamoligida yoshlarni Ona vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi ezgu ishlarga rag‘batlantirish, ongu shuurida daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamlash borasida yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarorlari hamda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga oid ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining bu yo‘nalishdagi hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan Harakatlar strategiyasining 4-bandida ham yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishga, ularni jismonan va ruhan sog‘lom, intellektual rivojlangan, vatanga sodiq yoshlar sifatida tarbiyalashga alohida urg‘u berilgan.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivali “Barkamol avlod”, “Universiada” va “Umid nihollari” sport musobaqalari arafasida tuman (shahar) hokimliklari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xalq ta’limi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, madaniyat boshqarmalari, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan festivalning hududiy tuman(shahar) bosqichlari joriy yilning 18-aprel 4-may kunlari Festival Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2018-yil 16-martdagi 36-I-sonli buyrug‘i 1-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomga asosan o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlar davomida  3 mingdan ziyod yoshlardan hududiy bosqichilarda ishtirok etish uchun anketalar jamlandi. Joylarda festivalning hududiy bosqichlari iqtidorli yoshlar ishtirokida bahs-munozarali tarzda ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Tanlovning bugun bo'lib o'tgan viloyat bosqichida 13 ta tuman(shahar) lardan hududning jami 248 nafar eng iqtidorli va intellektual salohiyatga ega yoshlar ishtirok etishdi.

Festivalning viloyat bosqichida ishtirokchilar 3 ta yosh kategoriyasi bo‘yicha jami 8 ta nominatsiya:

  • “Badiiy ijod” (nazm, nasr, publitsistika yo‘nalishlari);

  • “O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezident asarlari bilimdoni”;

  • “Mustaqillik tarixi bilimdoni”;

  • “Eng iqtidorli hunarmand” (yog‘och o‘ymakorligi, milliy kashta, zardo‘zlik, zargarlik, chilangarlik, lak miniatyurasi, ganchkorlik, kulolchilik, milliy o‘yinchoqlar yasash va boshqa yo‘nalishlari);

  • “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan rassom”;

  • “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan dizayner”;

  • “Vatan kuychisi” (an’anaviy ijro va estrada yo‘nalishi);

  • “Yuksak ma’naviyatli avlod” (zamonaviy ilm-fan yo‘nalishidagi yangilik) nominatsiyalari bo‘yicha ishtirok etishdi.

Festivalning viloyat bosqichi ishtirokchilari viloyat hokimligining 2018-yil 15-maydagi “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivalining viloyat bosqichini o‘tkazish to‘g‘risidagi 01-931-sonli yig‘ilish bayoni ilovasi bilan tasdiqlangan hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholab borildi.

Festivalning viloyat bosqichida ishtirok etgan barcha ishtirokchilar festivalning viloyat bosqichi faol ishtirokchisi sifatida sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 8 ta nominatsiya bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 24 nafar yoshlar viloyat hokimining diplomi va hamkor tashkilotlarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

23.05.2018