Ijtimoiy tarmoqlar:
Muhammadali Abduqunduzov: Bobur ismiga munosib sheryurak inson bo‘lib o‘tdi

Men Muhammadalini birinchi qadamidan boshlab kuzataman. Uning talabalik yillarida, aniqrog‘i, 1973 yili institutda mening “Ufq” romanim asosida diplom spektakli sahnalashtirildi. Spektakldagi bosh qahramon Ikromjon obrazini Muhammadali yaratgan. Ushbu obrazning o‘zi talaba ijodkorni kelajakda mashhur aktyor bo‘lishi uchun barcha imkoniyat mavjud ekanligini ko‘rsatgan edi. Zero azoblardan, iztiroblardan, alamlardan iborat bo‘lgan, butun ko‘rgiliklardan butun chiqqan bu obrazni sahnaga olib chiqish har qanday san’atkor uchun ham murakkab vazifa. Muhammadali shu rolni juda nozik va katta hayajon bilan ijro etdiki, bu faqat “Zabardast san’atkorning” qo‘lidan keladi. Muhammadalini tomoshabin sevib qoldi. Uni sahnada, ekranda kutyapti. Ana shu yuksak mas’uliyatni, javobgarlikni Muhammadali Abduqunduzov hamisha his etib turishini istab qolaman. O‘ziga uzoq umr va omad tilayman.

SAID AHMAD,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi,

O‘zbekiston Qahramoni 

Siz komil shaxs sifatida shakllanishingizda Zahiriddin Muhammad Boburning qaysi fazilatlarini hayotiy shioringizga aylantirdim deb hisoblaysiz?

1990 yil 20 dekabrdan - 30 dekabrgacha “Bobur” videofilmi birinchi marta efirga uzatildi va shundan so‘ng televideniyega tomoshabinlardan minglab xatlar kela boshladi. Bu jarayon xalqimizning Bobur hazratlari tarixiy allomalar orasida eng sevimli qahramoni ekanligini hamda odamlar qay darajada Bobur siymosiga tashnaligini, yuksak ehtirom va e’tiborda bo‘lganining yaqqol isbotidir. Bevosita Zahiriddin Boburning fe’l-atvoriga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 12 yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘tkir zehni, kelajakni oldindan ko‘rib chuqur mulohaza ila ish ko‘rishi, kuchli, matonatli jangchi bo‘lish bilan bir qatorda yumshoq ko‘ngilli, dilbar inson bo‘lgani, otasidan meros bo‘lib qolgan hududlarni qo‘liga qilich olib himoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilgani barchamizga ma’lum. Eng muhimi 48 yoshida Hindistondek ulkan mamlakatni boshqarib, hayoti jangu-jadallarda o‘tsa-da, biz ajdodlarga asqotadigan ma’naviy meros sifatida takrorlanmas ko‘plab asarlar yozib qoldirgani tahsinga sazovordir. Men inson sifatida umr bo‘yi har bir ishimda, xatti-harakatimda Boburdan o‘rnak olib yashashga, unga munosib bo‘lishga intildim va bundan keyin ham intilaman. Ba’zida taqdir taqozosi bilan turli qiyinchiliklarga duch kelgan vaqtlarimda Bobur hazratlari bundanda og‘ir vaziyatlarda ham turli ziddiyat va to‘sqinliklarga qaramasdan bardoshli bo‘lgani, hattoki, Ibrohim Lo‘dining onasi malika Bayda uning joniga qasd qilganidan xabardor bo‘lsa ham saroy ayonlari kechirmaslikni tavsiya qilishsa-da, Bobur hazratlari e’tiroz sifatida “Malika Baydani kechiraman, boisi kun kelib bizning islohotlarimizni, yutuqlarimizni, xalq hayoti farovon bo‘lishi uchun amalga oshirgan ishlarimizni ko‘rib vijdoni qiynalishining o‘zi unga berilgan eng oliy jazodir” - deya, masalaga yakun yasaganini o‘ylab, u kishi ko‘rgan zahmatlari oldida meniki hech narsa emasku deya, chuqur mulohaza bilan ish ko‘raman, o‘zimga-o‘zim taskin berib, irodali, sabrli bo‘lishga, o‘z ustimda izlanishga odamlarga yaxshilik qilishga va kechirimli bo‘lishga harakat qilaman. Ism bilan jismning bir-biriga monand kelishi hayotda kam uchraydiga noyob hodisadir. Ammo, Bobur timsolida bu tanlov juda to‘g‘ridir. Bobur ismiga munosib sheryurak inson bo‘lib o‘tdi.

Muhlislaringizga “Bobur” videofilmining tasvirga olish jarayonlari xususida so‘zlab bersangiz?

Men san’at oliygohini tamomlaganimdan so‘ng, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan musiqali drama teatri jamoasida ijodimning ilk yillarini boshladim. 1985 yili yoz oylari edi. Hamkasbim bilan Hakim at-Terimiziy ziyoratgohi yonidan oqib o‘tuvchi Amudaryo bo‘yida Toshkent shahrida yozuvchi Pirimqulov Qodirovning “Yulduzli tunlar” asariga videofilm tayyorlanishi va ushbu videofilm uchun ko‘plab aktyorlar sinovdan o‘tayotgani haqida suhbatlashib qoldik. Hamkasbim siz ham Bobur roli uchun sinov topshirib ko‘ring degan fikrni bildirdi. Men esa u kishiga Toshkentda iste’dodli aktyorlar ko‘p meni olisharmikan dedim. U kishi: “Mana kun botib kelyapti, shu bilan bir qatorda Hakim at - Termiziydek avliyo inson ziyoratgohi oldida turibmiz, ilohim Alloh barcha orzularingizni amalga oshirsin” - deya, duo qildilar. Afsuski, o‘sha kunlarda Bobur roli uchun boshqa aktyor tasdiqlanib bo‘lingan, biroq texnik sabablarga ko‘ra, videofilmning tasvirga olinishi to‘xtatib qo‘yilgan ekan. Oradan vaqt o‘tib 1987 yili O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyatimni boshladim. Niyatimiz chin yurakdan, holis ekan, bir muddatdan so‘ng, “Bobur” videofilmi uchun qaytadan sinovlar boshlandi va o‘shanda Izzat Sultonning “Kunduzsiz kechalar” spektaklida ikki shaxs Abdulla Qodiriy hamda Otabek obrazini talqin qilgan vaqtlarim edi. Rejisyorning tavsiyasi bilan Bobur roliga sinov topshirdim, tasvirga olish ishlari yaxshi yakunlandi va menga natijani kutishimni aytishdi. Buni qarangki, omad kulib boqib, Badiiy kengash tasdig‘idan o‘tdim. Hayotim davomidagi deyarli amalga oshgan eng ezgu ishlarim, davlatimiz, xalqimiz tomonidan ardoqlanganim, xalq artisti unvoniga loyiq ko‘rilganim barchasida Boburdek ilohiy bir zotning obrazini yaratganim bilan bog‘liq deb baholayman. Mana yigirma sakkiz yildan beri Zahiriddin Muhammad Boburning eng yaxshi fazilat va hayot yo‘lidagi to‘g‘ri deb hisoblagan qoidalarini o‘zim uchun dasturi amal qilib olganman. Hattoki, farzandlarimning komil inson bo‘lib shakllanishida bergan otalik tarbiyamda ham Bobur siymosidagi mardlik, bir so‘zlilik, atrofidagi insonlar fikrini hurmat qilish, sabrli va kechirimli, el yurtiga sodiq va mehribon inson bo‘lish kabi eng yaxshi jihatlarni bolalarimga o‘rnak qilib ko‘rsatib bordim. Nafaqat har bir aktyor, balki har bir inson ham buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, ularga munosib voris bo‘lmog‘i lozim deb o‘ylayman. “Bobur” videofilmi tasvirga olingandan so‘ng andijonlik bir Boburshunos akamiz: “Bobur hazratlari Afg‘onga yo‘l olib ketayotganlarida oltin beshiklarini mana shu Farg‘ona muzofotlarida qoldirib ketgan degan rivoyat bor. Ehtimol vodiyning buyuk siymolari qatori sizni ham ana shu beshik tarbiya qilgandir. Qiyofangizda qadim miniatyuralarda chizilgan Bobur timsolini aniq-ravshan ko‘rdim. Bunday o‘xshashlik tasodifiy bo‘lishi mumkin emas” – degan edi.

Har yangi avlod dunyoga kelishida Zahiriddin Muhammad Bobur tarixi va merosi qaytadan jonlanayapti va uning asarlari yoshlar hayotida asqotayapti. Sizning bu boradagi mulohazalaringiz qanday?

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Adabiyot, nafis san’at, tabiat go‘zalligiga yoshligidan mehr qo‘ygan Zahiriddin Hindiston yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bog‘-rog‘lar yaratish ishlariga homiylik qilishi, Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur bo‘lgan me’moriy yodgorliklar, bog‘lar, kutubxonalar qurdirgani uchun hali hamon Hind xalqi Boburdan minnatdordir. Tarixga nazar tashlasak, deyarli hech qaysi shoh o‘zi haqida yozib qoldirilgan kitoblarda fe’l-atvorining barcha kamchiliklari va yutuqlari xususida chuqur mulohaza bilan bayon qilmagan. “Boburnoma” asarida esa u hayoti davomida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari borasida anchayin arzirli fikrlar bildiradi va farzandalariga ham ko‘p pand-nasihatlar yozib qoldiradi. Shuningdek, Bobur ruboiylari ma’no jihatdan har zamonga va makonga to‘g‘ri kelishi bugungi kunda o‘z isbotini topgan. Boburdan so‘ng 535 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan hali hech bir yozuvchi u kishidek mahorat bilan so‘z o‘yini ila to‘rtlik yoza olmaginini guvohi bo‘lib turibmiz.

Har kimki vafo qilsa, vafo topg‘usidir,

Har kimki jafo qilsa, jafo topg‘usidir.

Yaxshi ko‘rmagay yomonlik hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa jazo topg‘usidir.

Javaharla’l Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi rag‘batlantirishlar hayotga, san’atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”. Darhaqiqat, Bobur butun dunyo tamadduniga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shib ketgan buyuk siymolarimizdan biridir.

Siz “Bobur” videofilmida bundan 28 yil oldin Zahiriddin Muhammad Bobur rolini talqin qildingiz. Oradan shuncha vaqt o‘tdi. Rolingizdagi xato va kamchiliklar xususida o‘ylab ko‘rganmisiz?

Bilasizmi, inson umrining eng go‘zal va serqirra imkoniyatlar berilgan davri bu – yoshlikdir. Bobur ijodiga va shaxsiga bo‘lgan qiziqish bolalik davrlarimdan boshlangan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qalbimdagi uning shaxsiga bo‘lgan intilish juda kuchli bo‘lgan, hozir ham shunday desam, to‘g‘ridir. Ijodimni shijoat bilan boshlagan davrlarimda aktyor sifatida o‘zimni namoyon etishim uchun Bobur rolini yaratish menga topshirildi va bor kuchimni bir joyda jamlab katta qadamlar bilan o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim sari intilib, qo‘limdan kelgancha Boburni talqin etishga xarakat qildim. Aminmanki, to‘g‘ri o‘ynadim va bu boradagi yuksak va xolis bahoni xalqimiz berdi. To‘g‘ri xato va kamchiliklarsiz hech bir ish amalga oshmaydi, ammo, ushbu inson qiyofasini yoshlik yillarimda gavdalantirganim eng katta yutug‘im va imkoniyatimdir. Aynan yoshlik shijoati, g‘ayrati bilan Bobur rolini o‘ynaganim odamlarga ma’qul keldi. Balki, hozir bu rolni ijro etsam, avvalgidek insonlar qalbiga Bobur shaxsini jonlantirib olib kirolmasmidim deb, o‘ylab qolaman. “Bobur” videofilmini uyda o‘tirib ko‘p marotaba tomosha qilaman va Bobur talqinini yoshlik davrlarimda ijro etish nasib etganiga ming bora shukr aytaman.

“Bobur” videofilmini suratga olish jarayonida siz uchun muhim bo‘lgan esda qolarli voqea bo'lganmi?

Samarqandga kelib, suratga olinadigan birinchi kun hammamiz Go‘ri Amirga kirib fotiha o‘qidik. Keyin men o‘zim yolg‘iz qolib Qur’on tilovat qildim. Sohibqiron hoki poyi oldida Xudoga iltijo qildim. ”Mana bu yerda abadiy qaror topgan ulug‘ bir bandang – Amir Temurning nevaralaridan birining hayotini elga ko‘rsatib berishga kirishganman. O‘zing qo‘lla va mendan marhamatingni ayama!” – deya, O‘zidan so‘radim. Ish boshlanib ketdi. Ko‘pincha nimadir bahona bilan suratga olish jarayonlari to‘tab qolishi mumkin. Lekin, ishonsangiz, Samarqandda yuzdan ortiq epizodlar, shuningdek, bir yilu uch oy davomida suratga olish ishlari davom etgan bo‘lsa-da, biron marta tasvirga olish to‘xtab qolmadi, aksincha, ish jarayonlarimiz o‘z-o‘zidan yurishib ketardi. Hattoki, Buxoro shahrida otlar bilan bog‘liq jang sahnasini tasvirga olish ishlarida mening va Mahmud Ismoilovning otlari to‘qnashib ketishdi va Alloh bizni o‘z panohida asradi. Barcha suratga olish jarayonlari omadli kechdi. Ko‘plab videofilmlarda rol ijro etdimu, lekin bunaqasi bo‘lgan emas.

 

Shahnozaxon Tojiddinova suhbatlashdi.

12.02.2018