Ijtimoiy tarmoqlar:
Marg'ilondagi konferensiyadan reportaj

Marg‘ilon shahridagi ijodkorlar bog‘ida “O‘zbekistonda yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar natijadorligi: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda shahar va tumanlar hokimi o‘rinbosarlari, xalq ta’limi bo‘limi rahbar va mutaxassislari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va yoshlar ishtirok etdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari A.Qodirov, O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigida qayd etilganidek, yosh avlodimizning fuqarolik pozitsiyasi va faolligini kuchaytirish, uni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslar etib tarbiyalash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarorida ham yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgan.

Konferensiyada yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, sog‘lom dunyoqarash, jumladan, mutolaa ko‘nikmasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Eng chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlashda ma’naviy-ma’rifiy soha sifatini oshirish, yangi metod va usullardan foydalanish borasida fikr-mulohaza bildirildi.

Anjuman ishtirokchilari Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘ydi, shoir nomi bilan ataluvchi memorial muzey faoliyati bilan tanishdi.

 

02.07.2018