Ijtimoiy tarmoqlar:
Sohibqiron bunyodkorligining tarixiy mohiyati

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 682 yilligini nishonlash va xotirasini yod etish maqsadida joriy yilning 5 aprel kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Sohibqiron bunyodkorligining tarixiy mohiyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda tarixchi olimlar,taniqli aktyorlar hamda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariishtirok etdi.

Bizga ma’lumki, dunyo tarixida juda ko‘p hukmdorlar, sarkardalar, siyosat, ilm-fan va madaniyat arboblari yashab o‘tgan. Lekin ular orasida butun bir xalqlar, mamlakatlar taqdiriga, istiqboliga kuchli ta’sir ko‘rsatgan daho insonlar alohida e’tirof etiladi.

Mamlakatimizda mustaqillikka erishilgandan keyin istiqlolimiz asoschisi Islom Karimov tashabbusi bilan Amir Temurning ulug‘ tarixiy nomi, xotirasi qayta tiklandi, hayoti va faoliyatiga oid ko‘plab kitob va risolalar o‘zbek tilida chop etilib xalqimizning ma’naviy xazinasi yanada boyitildi. Har yili yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ vatandoshlarimiz qatori Sohibqiron Amir Temurning tavallud kuni ham keng nishonlanishi an’anaga aylandi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ma’naviy jasorat sohibi deganda avvalo, har qanday vaziyatda o‘zligini yo‘qotmagan, o‘zini anglab yetgan, ezgulik va adolat, haqiqat va ma’rifat bayrog‘ini doimo baland tutgan, bunyodkor g‘oya va qarashlarni ilgari surgan, o‘zidan bir olam yaxshilik qoldirgan insonlarga beriladigan nisbat anglanadi.

Shu ma’noda, Birinchi Prezidentimizning Sohibqiron Amir Temur haqida faxr va g‘urur bilan aytgan quyidagi so‘zlari xalqimiz qalbidan mustahkam o‘rin oldi: “Amir Temur – bizning sha’n-shavkatimiz, g‘urur-iftixorimizdir, Amir Temur – xalqimiz dahosining timsoli, ma’naviy qadriyatimiz ramzidir”.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqimiz qalbida tarixiy xotiramiz, buyuk o‘tmishimizga daxldorlik va vatanparvarlik tuyg‘usini yanada chuqurroq singdirish, Amir Temurning ma’naviy hayotimizdagi o‘rni haqida tushunchalar berishdan iborat bo‘ldi.

10.04.2018