Ijtimoiy tarmoqlar:
So‘rovnoma: Oila - o‘zbekistonliklar uchun bosh hayotiy qadriyat

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq oila va nikoh, farzandlar tarbiyasi, uyg‘un rivojlangan avlodni shakllantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganildi.

O‘zbekistonning barcha mintaqalarida yashovchi 18 va undan katta yoshdagi aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada 49,2 foiz erkaklar va 50,8 foiz xotin-qizlar ishtirok etdi.

Jamoatchilik fikri so‘rovining ko‘rsatishicha, oila o‘zbekistonliklar uchun bosh hayotiy qadriyat va hozirgi O‘zbekiston jamiyatining asosiy hayotiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim omil hisoblanadi.

Olingan natijalarning ko‘rsatishicha, ko‘pchilik fuqarolarning tasavvurida (71,4 foiz) oila – bu qarindoshlik va nikoh rishtalari bilan o‘zaro bog‘langan kishilarning birlashmasidir, u jamiyat va davlatning asosi hisoblanadi. So‘rovlar monitoringining aniqlashicha, ushbu ko‘rsatkich keyingi yillar davomida barqaror bo‘lib qolmoqda (2015 yilda 70,5 foiz, 2017 yilda 70,2 foiz, 2017 yilda 71,4 foiz).

So‘rov jarayonida fuqarolarning 38,3 foizi yosh avlodni tarbiyalash, bola shaxsini shakllantirish, uning layoqati va qiziqishlarini uyg‘un rivojlantirish, bolalarga oilaning katta a’zolari tomonidan to‘plangan ijtimoiy tajribani berish, ularning aql-idrokini boyitish, estetik rivojlantirish, ularning jismoniy kamolotiga va salomatligini mustahkamlashga yordam berish masalalarini oilaning bosh vazifalaridan biri sifatida qayd qildi.

Inson hayotida oila qanday rol o‘ynashi haqidagi savollarga respondentlarning javoblari doirasida olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbekistonliklarning 43 foizi uchun oila – bu unga ishonchli tayanch va madad hisoblanuvchi, unga hayotda ishonch bag‘ishlovchi qo‘rg‘ondir. 45 foizdan ortiq so‘rov ishtirokchilari asosiysi farzandlarning tug‘ilishi va ularning tarbiyasi, deb javob berishdi.

So‘rov jarayonida o‘zbekistonliklarning nikohga kirish va oila tuzishning maqbul yoshi haqidagi tasavvurlari aniqlandi. Olingan natijalarga muvofiq, har ikkinchi respondent erkak kishining 24-25 yoshda oila qurgani maqbul, deb hisoblaydi.

Monitoring 26-27 yoshni uylanish uchun eng maqbul yosh ekanligi haqidagi nuqtai nazarga qo‘shiluvchi respondentlar sonining o‘sganligini aniqladi, ushbu ko‘rsatkich 2017 yildagi natijalar bilan qiyoslaganda 3,3 foizga o‘sdi va 26,5 foizni tashkil qildi.

Erta nikohlarni (18-20 yosh) qo‘llab-quvvatlovchi, shuningdek, erkaklar yanada yetuk yoshda (28 yosh va katta yoshda) oila qurishi kerak deb hisoblovchi fuqarolar ulushi unchalik ko‘p emas (tegishlicha 2,2 foiz va 4,5 foiz) va keyingi yillar mobaynida barqaror qolmoqda.

So‘rovning ko‘rsatishicha, mamlakat fuqarolarining 60,3 foizi 21-23 yoshni qizlarning turmushga chiqishi uchun eng maqbul yosh deb hisoblashadi (ushbu ko‘rsatkich 2017 yil bilan qiyoslaganda 5,1 foizga kamaydi – 65,4 foiz). Ayni paytda 18-20 yoshni qizlarning turmush qurishi uchun eng maqbul yosh deb hisoblovchi respondentlar soni 3,9 foizga o‘sdi (2017 yilda 24,5 foiz, 2018 yilda 28,4 foiz).

19.07.2018