Ijtimoiy tarmoqlar:
Yosh professor Azamat Akbarov: "Til o'rganish - umidsizlikni yengishdan boshlanadi

Suhbatdoshimiz professor Azamat Akbarov 1977 yil Samarqand shahrida tavallud topgan. Samarqand davlat chet tillari institutining ingliz filologiyasi yo‘nalishini tamomlagan. 2003 yili Shvetsiyaning Dalarna universitetida siyosatshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi magistr ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan. 2009 yili Janubiy Koreyada ingliz tilshunosligi yunalishida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1999-2001 yillarida Samarqand davlat chet tillar institutida faoliyat yuritgan. 2004-2006 yillarida Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universitetida O‘rta Osiyo tadqiqotlari fakultetida o‘zbek tili, tarixi, madaniyati yo‘nalishida dars berdi. Janubiy Koreyada ilk bor o‘zbek tilini o‘rganayotgan koreys talabalari uchun 200 betlik darslikka mualliflik qildi, bu kitob hali ham ushbu mamlakatda yagona o‘zbek tili darsligi hisoblanadi. 2009 yildan 2016 yilgacha Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahridagi xalqaro Burch universitetida “Ingliz tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, Pedagogika fakulteti dekani, va ushbu universitetning (2012-2016) ilmiy ishlar va xalqaro munosabatlar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritdi. 2016 yil sentyabridan Al Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti umumiy tilshunoslik va yevropa tillari kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. A.Akbarov faoliyati davomida xalqaro andozalarga mos loyihalari bilan dunyo tilshunoslarining diqqat-e’tiborini jalb etdi.

So‘nggi 16 yil davomida 60 dan ortiq davlatda o‘tkazilgan ilmiy konferensiya, simpozium va seminarlarda qatnashib, 150 dan ortiq maqola, 15 ta kitob nashr qildi, 8 ta loyiha ustida ishladi. 10 dan ortiq xalqaro tilshunoslik (amaliy, kognitiv) va tarjimonlik assotsiatsiyasi a’zosi. 2017 yil dekabr oyida “Chet tilini o‘rgatishdagi yondashuv va usullar: nazariyadan ko‘nikmalargacha” kitobi chop etildi.

Sof.uz sayti yosh olim bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni diqqatingizga havola etadi.

— Suhbatni bolalik orzuingizdan boshlasak. Murg‘ak tasavvuringiz bilan qaysi kasb egasi bo‘lishni orzu qilgansiz-u, hozir nimani orzu qilasiz?

— Agar boshlang‘ich sinf bolalaridan ulg‘ayganida qaysi kasb egasi bo‘lishini so‘rasangiz, ularning orzularidan hayratga tushasiz. Keyinchalik bu istaklarni hayot o‘zgartirib yuboradi. Agar bolalikda orzu qilgan kasbingizni egallagan bo‘lsangiz, juda baxtli insonlardan birisiz. Men diplomat bo‘lishni orzu qilar edim. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Toshkent shahrida joylashgani, azim poytaxtda qarindosh yoki tanishlarim bo‘lmaganligi sababli, bu yerda o‘qiy olmadim. Chet tillarni o‘rganishga kuchli layoqatim borligini sababli shu yo‘nalishni tanladim. Maqsadlarimni o‘zgartirgan bo‘lishimga qaramay, bolalikdagi xayollar meni hamon tark etmayotganday tuyuladi. Bu orzu meni Shvetsiyaning Dalarna universitetida siyosatshunoslik bo‘yicha ikkinchi magistrlik unvonini olishga chorladi. 70 dan ortiq mamlakatlarda bo‘lgan, diplomat mutaxassisligini egallagan bo‘lsam-da, bu kasbda hali ishlay olmadim. Ammo, hali ham elchi bo‘lib faoliyat yuritish orzuim bor.

— Birinchi ustozingizni qanday xotirlaysiz?

— Hayot saboqlarini birinchi bo‘lib otamdan o‘rganganman; u menga harf tanitgan, shaxmat va futbol o‘ynashni o‘rgatgan. Maktabda har bir o‘quvchining o‘zi yaxshi ko‘rgan, hurmat qilgan ustozi bo‘ladi. Kim haqida gapirayotganimni tushunib turibsiz; u dunyoqarashingizni o‘zgartirgan, o‘zingizga ishonchingizni oshirgan va saboqlari umrbod xotirangizda qoladigan inson. Afsus, bayramlarga bir kun qolganda shoshilib tabrik xatlari yozishdan nariga o‘tmay, bunday ajoyib insonlarga o‘z minnatdorchiligimizni tom ma’noda izhor etmaymiz. Ba’zan yillar o‘tmaguncha, bu insonlar bizga nimalarni o‘rgatganini anglamaymiz. Boshlang‘ich sinf ustozim va fransuz tili o‘qituvchimiz haqida shunday deyishim mumkin. Afsuski, men yana ikki xil — qo‘pol va shavqatsiz, bolalarni har damda kitob yoki hassa bilan urishga tayyor o‘qituvchilarni unuta olmayman.

— Qaysi voqea hayotingizda burilish yasagan?

— Hayotimizda burilish nuqtalari turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, biror ustoz bilan uchrashish faoliyat pillapoyalari tomon yetaklaydi; kafe to‘sig‘i oldida kutilmaganda sodir bo‘lgan uchrashuv oila qurishga olib keladi; baxtsiz voqea atlet bo‘lish orzularini chil-parchin qilib yuboradi va hayotda boshqa yo‘lga boshlaydi. 1995 yilda men litseyni bitiruvchi kursida o‘qir edim. Yoshim atigi o‘n sakkizda va universitet qabul imtihonlarining natijalari qanday chiqishini o‘ylab qiynalib ketdim. Shu yil o‘qishga qabul qilindim. Bu hayotimning burilish nuqtasi bo‘ldi, chunki instituga kira olmaganimda xozir umuman boshqa kasb egasi va boshqa bir taqdir yulni bosayotgan bo‘lardim.

— Bir emas, bir necha chet tillarini mukammal bilasiz. Bu tug‘ma qobiliyatmi yoki mashaqqatli mehnat mahsuli? Til o‘rganuvchilarga qanday maslahatlar bera olasiz?

— Chet tilini o‘rganish “yaxshi taassurot qoldiradigan” tarjimai holga ega bo‘lish yoki sayohat qilishda qo‘l keladigan vositadan ham jiddiyroq ahamiyatga ega. U sizni aqlliroq, tez qarorga keluvchi insonga aylantiradi va hatto suhbat olib borish qobiliyatingizni oshiradi. Psixologik tadqiqotlar ham ikki va undan ortiq tilda so‘zlashish afzalliklarini namoyon etmoqda. Ikki tilni biladigan odamning miyasi bir tilda so‘zlashadigan odamnikidan boshqacha ishlaydi. Fransuz tili men o‘rta maktabda o‘rgangan dastlabki chet tili bo‘ldi, va 9-sinfga kelib ingliz tilini o‘rganishni boshladim. Men dars vaqtining eng kamida olti soatini suhbatlashish, intervyu olish metodlarini o‘rganish, o‘qish, va taqdimotlar tayyorlash bilan o‘tkazar edim. Har kuni turli kitoblarni o‘qir edim. Ba’zan kishi xayolini butun olam unga qarshi fitna uyushtirgan va chet tilini o‘rganish sening peshonangga yozilmagan degan fikr qamrab oladi. Umidsizliklar vaqt o‘tgan sari yo‘qoladi, muhimi, til o‘rganishga bo‘lgan xohishni yo‘qotmasdan va o‘rganishda davom etish zarur. Chet tilini muvaffaqiyatli o‘rganganlar ham bunday o‘y-xayollar bilan kurashadi — chunki shaxsan o‘zim bir ko‘p tillarni o‘rganish jarayonida bundan o‘tganman. Men har kuni biror ishni bajarishni qoida qilib olgan edim. O‘rganishni boshlagan vaqtdan muttasil so‘zlashish juda muhim, va shuning uchun men nisbatan qisqa muddat ichida boshqa tilda benuqson so‘zlashish darajasiga yetdim. Boshqa tilni o‘rganishni boshlashdan oldin, undan oldingi tilda yuqori darajaga erishishga harakat qildim — shu tarzda men shunchalik ko‘p tillarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim. Afsuski, bugungi kunda qo‘llanilayotgan ba’zi til o‘rgatish metodlari talabalarning vaqti va pulini behuda sarflaydigan mashg‘ulotlar xolos. Til o‘qituvchilari chet tilini o‘rgatishda adabiyotni o‘qish va grammatik qoidalarni batafsil tahlil qilishga emas, balki ko‘proq suhbatlashish ko‘nikma va malakalariga alohida e’tibor berishlarini xohlar edim. Bunday darslarda o‘qish va yozishga asosiy e’tibor qaratiladi va so‘zlashuv va tinglab tushunishga juda kam yoki umuman izchil e’tibor berilmaydi.

— Hayotingizda erishgan qaysi yutuqlaringizdan faxrlanish hissini tuyasiz? Yana nimalarga ulgurishim mumkin edi deb o‘ylaysiz?

— Inson ta’lim olish jarayonida va ijtimoiy hayotida yuzlab to‘siqlarga uchrab qoqiladi va yiqiladi. Shunday bo‘lsa-da, hayotning ushbu ikki jabhasidagi holatlarni bitta muammo deb qaramaslikka harakat qilish juda muhim. Xatoga yo‘l quyishimiz tabiiy va hissiyotlar va aql orasida muvozanatga erishish uchun vaqt va sabr kerakligi sababli ba’zan xatolarimizni darhol tuzata olmaymiz. Bunday holatlarda inson o‘z e’tiqodi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini, xususan, ko‘p yillar davomida asta-sekinlik bilan erishgan reja va orzularning ushalganligi hissini yo‘qotmasligi lozim! Bular Xudo bergan har kuni o‘zingizdan g‘ururlanishingiz uchun atigi bir necha sabablar xolos! Nyu York shahrida 1989 yilda tug‘ilgan Aliya Sabur materilshunos olima. U 18 yoshida bundan 300 yil oldin o‘rnatilgan rekordni bekor qilgan dunyodagi eng yosh professor mavqeiga erishgan rekord sohibasi hisoblanadi. Oldingi rekord sohibi esa 1717 yilda Aberdin Universiteti tomonidan matematika fanidan professorlikka tayinlangan buyuk Isaak Nyutonning shogirdi Kolin Maklorin bo‘lgan. Bu fakt insonning barcha og‘ir mehnati sa’y-harakatlari o‘z iqtidor va aqliy qobiliyataringiz darajasiga erishishga yordam berishini namoyish etadi. Men ham ko‘p natijalarga erishdim, ammo men uchun eng muhimi, dotsentlik va professorlik unvonlarini chet mamlakatda olgan eng yosh o‘zbekistonlik olimlardan bo‘lganligimdir. 38 yoshimda, menga to‘la professorlik unvoni berildi, va bu O‘zbekiston ta’lim muvaffaqiyatining yaxshi ko‘rsatkichidir. Men 14ta doktorlik dissertatsiyasi va 40ta magistrlik ishlariga ilmiy rahbarlik qildim. Bu kabi yutuqlarimdan faxrlanaman.

— Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida saboq bergansiz. Bu jarayonda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz? Yoki qanday qiziqarli voqealar yuz bergan?

— Pedagogik faoliyatni tanlamaganimda dunyo ko‘rmagan bo‘lar edim. Chet elda o‘qituvchilik qilish fikri juda maftunkor tuyulishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, hayotingizda birinchi marta ro‘parangizda ko‘zlarini katta ochib turgan bir guruh talabalarga qarab turganingizda bu shahar tashqarisiga dam olishga chiqish emasligini tushunib yetasiz. Janubiy Koreyadagi mehnat faoliyatimning birinchi kuni universitetning 2-kurs talabalariga o‘zimni tanishtirayotganimda meni nimalar kutayotgani haqida tariqcha ham fikrga ega emasdim. Tajriba qilib sinab ko‘rish va xatolar orqali, koreys tilini bilmasam ham, va talabalar ingliz tilida juda cheklangan darajada so‘zlasha olgan sharoitda, talabalar bilan til topishishim lozim edi. Chet ellarda o‘qituvchilik kasbi bilan shug‘ullanish nafaqat talabalarim, balki men uchun ham o‘rganish maktabi bo‘ldi. U yerdan men ich-ichidan o‘zgargan va ma’rifatga erishgan shaxs bo‘lib chiqib keldim. Nafaqat bu kasbga butun vujudim bilan bog‘lanib qolganligimni tushundim, balki yaxshigina o‘qituvchi ekanimni ham angladim. Ishimdan zavq ola boshlaganimdan so‘ng pedagoglik qobiliyatimga yanada sayqal bera boshladim. Dunyo ulkan, go‘zal, chalkashtiradigan, ko‘ngil qoldiradigan, o‘ziga tortadigan va tinmay yuragi urib turadigan joy. O‘nlab chet mamlakatlarda yashash menga sayyoramiz bo‘ylab turli-tuman hayot shakllari va tarzi haqida ochiq o‘ylash masalasini qo‘ydi. Buni tushunib yetish har qanday mavjud ko‘rinishda lol qoldiruvchi va hayratomuzdir.

— Eshitishimizcha, Bosniya universitetida o‘zbek tili to‘garaklari faoliyat yuritar ekan. Bu sizning tashabbusingiz bilan amalga oshganmi? Umuman, xorijliklar o‘zbek tili, madaniyati va tarixini o‘rganishga qanday qiziqish bildirishadi?

— Men garchi markaziy Yevropada yashab, faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsam-da, O‘zbekiston bilan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, o‘zbek ilmi, madaniyatini Yevropada targ‘ib qilishni o‘zimning bosh maqsadim, deb bilgandim. Bosniyada O‘zbekistonning shuhratini imkon qadar yoyishga harakat qildim. Har yili may oyida Bosniyada tashkil etiladigan an’anaviy Xalqaro “Davlatlar kuni” tadbirida O‘zbekiston burchagini tashkil etib, milliy liboslar, taomlarni tayyorlab xorijliklarga namoyon qildim. 2013-2018 yillarida o‘zbekistonlik o‘qituvchi-professorlar bilan hamkorlikda ko‘plab maqolalar yozdim, konferensiyalar tashkillash etdim. Bu ishlarning ichida diqqatga moligi — bu Turkiyada 2014 yilda nashr qilingan “MOTIV AKADЕMIK” (2-soni) jurnalining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sonidir. Bu nufuzli jurnalning O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni tayyorlandi. Jurnalning ushbu soniga bosh muharrirlik qilish asnosida o‘zbekistonlik olimlarning maqolalarini to‘plab, ularni tahrirlab, zarur o‘rinlarda ularni ingliz tiliga o‘girishga harakat qildim. Xalqaro ilmiy-nazariy jurnaldagi saralangan maqolalar mamlakatimizning bu sohadagi ilmiy salohiyatini dunyo olimlari tomonidan tanilishiga xizmat qiladi. Boshqa nomdagi xalqaro ilmiy-nazariy jurnal — “Xorijiy tillarni o‘rgatish va amaliy tilshunoslik” jurnalining ham O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sonining 2015 yilda nashr qilinishi ham katta voqea bo‘ldi. Jurnalning bu maxsus soni o‘zbekistonlik xorijiy til mutaxassislari tomonidan to‘plangan va bu sohaning butun mavzulariga bag‘ishlangan maqolalarni o‘z ichiga jamladi. Ushbu jurnal mening buyuk mamlakatning farzandi sifatida O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligiga qilgan kamtarona sovg‘am bo‘ldi.

— Boshqa mamlakatlarning ham ta’lim tizimini puxta bilgan mutaxassis, ekspert sifatida aytingchi, O‘zbekiston ta’lim tizimining yutuq va kamchiliklari nimalardan iborat?

— Oliy ta’lim siyosati umr bo‘yi ta’lim olishning kalitidir va bu fikr ko‘plab mamlakatlarda yoshi katta aholi sonini tobora oshayotgan sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi. Tinmay rivojlanib borayotgan global iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy raqobatni ilgari surish asosiy omillardan biridir, va u ijtimoiy yakdillik va farovonlikka olib keladi. Dunyo mamlakatlarida oliy ta’lim muassasalari global raqobatga dosh beradigan ko‘nikma va malakalar tadqiqotlar asosini olib borish va jamiyat foydasi uchun bilimlarning berishini takomillashtirish zarurati kundan kunga oshib bormoqda. So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ulkan ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Shunday bo‘lsada, hali o‘zbekistonliklarga mehnat bozoriga kerakli kasb ko‘nikmalarini o‘rgatish va tadqiqotlar va innovatsiyalar orqali iqtisodiy rivojlanishga yordam berish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Keyingi ikki yil ichida oliy ta’lim tizimida mamlakat iqtisodining boshqa sohalariga mos ravishda bir qator o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. O‘qitish dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi va ularga o‘zgarayotgan mehnat bozori sharoitlarini hisobga olgan holda o‘zgartirishlar kiritish lozim. Bundan tashqari, yangi ta’lim resurslari, asosan darslik kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, eski adabiyotlarning o‘rniga joriy qilinishi lozim.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’limni internatsionalizatsiyalashtirishni ustuvor vazifa qilib belgilashi lozim. Universitetlarga o‘z uzoq muddatga mo‘jallangan loyihalarni ishlab chiqishda avtonom mustaqillik berilishi lozim, chet ellardan mutaxassislarni taklif qilish uchun vazirlikdan ruxsat olish uchun yoki xalqaro konferensiya tashkil qilish uchun oylab kutib turish kerakligini bir tasavvur qilib ko‘ring. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir qator iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni boshlab yuborgani tufayli O‘zbekiston dunyoga o‘z eshiklarini ochishni boshlayotgan bir vaqtda bunaqa holatlar bo‘lmasligi lozim deb o‘ylayman. Biz milliy ta’lim dasturlarimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi, dunyo bo‘ylab sifatli ta’lim olish imkoniyatini oshirish, milliy ta’lim tizimi sifatini yanada yaxshilash, hamda kredit to‘plashga asoslangan tizimini barpo qilish va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari diplomiga Yevropa Ittifoqi qo‘shimcha sertifikati qo‘shib berish yo‘li bilan talaba va o‘qituvchilarning ta’lim mobilligini oshirishga erishishimiz lozim. Biz sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini paydo qilib inson kapitalini rivojlantirish yo‘li bilan ta’limning raqobatbardoshligiga e’tibor berib, uni kuchaytirishimiz lozim; aks holda universitetlar sifatga e’tibor bermasdan subsidiya yordamini olaveradilar.

— Vataningizni sog‘inasizmi? Ona yurt haqida o‘ylaganda ko‘z oldingizga birinchi bo‘lib nima keladi? Yurtimizga qaytib biror oliy ta’lim muassasasida dars berishni istamaysizmi?

— Chet elga borib ishlab yashash juda qiziqarli bo‘lishi mumkin. Chet mamlakatlardagi hayot va qiyinchilik insonni shaxs sifatida rivojlantiradi, yangi ko‘nikma va malakalarni o‘rgatadi va qobiliyatlarni charxlaydi, hayotning yangidan-yangi ma’nolarini ochib beradi, va odatda ularni ko‘p yillar eslab yuradigan qimmatli xotiralarga aylantiradi. Biroq, “begona mamlakatda ishlab yashashning salbiy tomonlari” ham mavjud. O‘z vatanlaridan uzoqda yashab yurgan odamlar o‘zlarini qandaydir bir “qamalib qolganday, u yerda ham, bu yerda ham emasday” his qilishadi. Begona mamlakatda yashash vaqtincha deb qabul qilinganligi uchun, ko‘pchilikka bu tuyg‘u tushunarli. Chet ellarda vaqtincha yashab yurganda insonni vatanda qolgan tengdoshlari, qarindoshlari va do‘stlarining hayotlari ham davom etishi asosiy xavotirga soladigan masaladir: yangi oilalar quriladi, odamlar lavozimlarda ko‘tariladilar va uylar quradilar. Hatto yangi ko‘nikmalar, tajriba va rejalar bor bo‘lsada, vatanga qaytgan paytda, kechagi sayohatchi o‘ziga yangi ish topishi kerakligi, yangi yashash joyi tashkil qilishi va ijtimoiy aloqalarni tiklash kerakligi kabi masalalarga duch keladi. O‘zga mamlakatda bir muddat yashash odamni butunlay o‘zgartirib yuborishi ko‘pchiligimizga yaxshi ma’lum. Shu sababdan, men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning chet ellarda yashab–ishlab yurgan vatandoshlarni vatanga qaytishlari va O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shishga chaqirganini hurmat bilan qabul qildim. Hozirgi kunda men o‘zim olgan boy tajribamni baham ko‘rishni xohlayman. O‘zbekiston shunchaki mamlakat emas, u zamin, mintaqa, boradigan joy va shu bilan birga ranglar, madaniyat va o‘zlarini o‘zbekistonlik bo‘lganlaridan g‘ururlanadigan va ustun his qiladigan turli tuman insonlar hamdir. Endi masala, inson o‘z vatani, ya’ni O‘zbekiston kabi xilma-xil sharoitlari ko‘plab odamlarning hayot turmushlarini o‘tkazishga imkon berayotgan mamlakatning hayotiga qanday qilib o‘z hissasini qo‘sha olishida. Tom ma’nodagi, sodiq, dunyoviy qarashlarga ega va shuningdek vatanni sevuvchi o‘zbek sifatida men qo‘limdan kelgan hamma narsa bilan o‘z vatanimga, tug‘ilib o‘sgan diyorim O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shish niyatim bor. Men bilgan har qanday inson buni ayta olishi mumkin, ammo har bir inson buni samimiy ayta olarmikan? O‘zbekiston bizga shuncha ko‘p narsalar berganki, biz undan faqat qarzdor bo‘lib qolaveramiz, vaholanki asl o‘zbekistonlik bu o‘z vatanidan qarzdorlikni his qila olgan insonlardir. Chet elga ilk bor chiqqanimda, xalqaro tajribam umuman yo‘q edi, endilikda esa o‘z sohamda meni xalqaro maydonda tanishadi. Shu tariqa, men O‘zbekistonga o‘zimning xalqaro tarmoqlar yaratish tajribamni olib kelish orqali va ta’lim sohasida ishlab, bir guruh yosh avlod vakillariga ta’lim va tillarni o‘zlashtirishda yashil chiroq berish bilan O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shishim mumkin.

 

Manba: http://sof.uz/news/show/16731-yosh-professor-azamat-akbarov-til-urgani

01.08.2018