Ijtimoiy tarmoqlar:
Oʻzbek tili va adabiyotining tarixi, uning bugungi holati va istiqboli

Bugungi kunda ona tilimiz hayotimizning barcha jabhasida rasmiy davlat tili sifatida qoʻllanib kelmoqda. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun tilimizning boy lugʻatidan, oʻziga xos imkoniyatlaridan foydalanish, uni asrab-avaylash, nufuzini oshirishga imkoniyatlar yaratdi.

Mazkur Qonunning 7-moddasida: “Davlat oʻzbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini taʼminlaydi, shu jumladan, unga hamma eʼtirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga taʼminlaydi” deb belgilangan.

Bugun Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida “Oʻzbek tili va adabiyotining tarixi, uning bugungi holati va istiqboli” muvzuida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Oʻzgacha tanqidiy-tahliliy ruhda boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuvda soʻzga chiqqanlar oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining tarixiy, ijtimoiy-siyosiy ahamiyati, oʻzbek adabiy tili meʼyor va qoidalarining buzilishini oldini olish va davlat tilining jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish, millat maʼnaviyatini yuksaltirish va jamiyat taraqqiyotini belgilashda tilning muhim vosita ekanligi haqida alohida taʼkidlashdi.

Oʻzaro bahs-munozaralar davomida tilimizning mamlakatimiz va dunyo miqyosidagi oʻrni va rolini oshirish borasida asosli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, ommaviy jamoat joylari, OAVda oʻzbek adabiy tili meʼyor va qoidalariga amal qilinishi bilan bogʻliq mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish va bunda parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda targʻibot ishlarini yangicha usullarda bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib olindi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi​

Matbuot xizmati

20.10.2018