Ijtimoiy tarmoqlar:
Maʼnaviyatsiz yashash – yashash emas!

Har birimiz farzandlarimizning oʻqimishli, maʼrifatli boʻlishini xohlaymiz. Lekin, ming afsuski, badiiy kitob, gazeta-jurnal kirib bormaydigan xonadonlar juda koʻp. Endi oʻylab koʻring: umrida hech boʻlmasa oʻn-oʻn beshta badiiy kitob oʻqimagan, hatto gazeta-jurnallarning nomini ham eshitmagan baʼzi yoshlardan nima kutish mumkin? Obuna narxi qimmat dersiz, kechirasiz,toʻy-maʼrakalarda millionlab pulni havoga sovurayotgan oʻzimiz emasmi axir?

Insonning inson boʻlib shakllanishida maʼnaviyatning oʻrni muhim. Maʼnaviyatsiz yashash — yashash emas, shunchaki kun koʻrishdir. Biz kitob oʻqishni, rasm chizishni, musiqa tinglashni, qoʻyingki, oʻzga mavjudotlardan yuksakroq tuygʻularni idrok etgan, sezgan paytlarimizdanoq maʼnaviyat degan ilohiy neʼmat paydo boʻlgan. Bu soʻzlarni tamaddunning yangi bir pallasida turib aytyapmiz, ammo bu shunday palla boʻldiki, oʻzimiz ardoqlagan, qonuniyatlarini kashf etgan maʼnaviyatning dushmani ham oʻzimiz boʻlib qolyapmiz.

Insonning inson boʻlib shakllanishida maʼnaviyatning oʻrni muhim. Maʼnaviyatsiz yashash — yashash emas, shunchaki kun koʻrishdir. Biz kitob oʻqishni, rasm chizishni, musiqa tinglashni, qoʻyingki, oʻzga mavjudotlardan yuksakroq tuygʻularni idrok etgan, sezgan paytlarimizdanoq maʼnaviyat degan ilohiy neʼmat paydo boʻlgan. Bu soʻzlarni tamaddunning yangi bir pallasida turib aytyapmiz, ammo bu shunday palla boʻldiki, oʻzimiz ardoqlagan, qonuniyatlarini kashf etgan maʼnaviyatning dushmani ham oʻzimiz boʻlib qolyapmiz.

Ortga nazar tashlang: maʼnaviyat, tarbiya masalasida koʻp vaqtimiz sabablarni bartaraf etishga emas, oqibat bilan kurashishga sarflandi. Samarasi past, serxarajat, nomigagina oʻtkaziluvchi tadbirlardan boʻshamay qoldik. Endi boʻlsa, ijtimoiy loqaydlik, boqimandalik, koʻzboʻyamachilik kabi illatlarni rad etish, qoralash va ularga qarshi kurashish juda sust kechmoqda.

Ushbu salbiy illatlar bola hayotining ilk yillarida yoʻl qoʻyilayotgan psixologik, fiziologik va pedagogik xatolarning oqibati ekani ham sezilib qoldi. Shu sababli maʼnaviyatli jamiyat, maʼnaviyatli inson shakllanishini taʼlim-tarbiya tizimining ilk bosqichidan boshlab yoʻlga qoʻyish zarurligi yanada ayon boʻldi. Shu bois ­Prezidentimizning “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respub­likasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yangi tizim yaratilmoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bu jarayonda samarali ishtirok etish maqsadida faol saʼy-harakat olib bormoqda.

Uch bosqichli uzluksiz tarbiya

Amaldagi taʼlim tizimiga muvofiqlashtirilgan uzluksiz maʼnaviy tarbiya tizimini yaratish ustida ishlayapmiz. Uch bosqichdan iborat ushbu tizimning birinchi bosqichi tugʻuruqxona eshigidan boshlanadi. Mamlakatimizda yiliga 700 mingdan ortiq farzand dunyoga keladi. Chaqaloqning uch yoshgacha boʻlgan davrida ona va bolaning psixologik,fiziologik muloqoti ruhiyatning ong ostini shakllantiradi. Insonning asosiy fazilatlari ong osti bilan uzviy bogʻliq ekanini hisobga oladigan boʻlsak, ushbu davrning hal qiluvchi ahamiyatini idrok etish qiyin emas.

Binobarin, savol tugʻiladi: yosh onalar bolaning maʼnaviy tarbiyasi uchun nimalar qilish kerak ekanini biladimi? Ona suti bilan oziqlangan va oziqlanmagan bolaning jismoniy, maʼnaviy shakllanishdagi farqi, bola oldida ota-ona janjalining psixologik oqibatlari, ona mehrining bola uchun umri davomida atrofdagilarga nisbatan munosabatini belgilab berishini-chi?Biz tugʻuruqxonadan chiqayotgan har bir onaning qoʻliga shular haqida oddiy va sodda tilda yozilgan, kerak boʻlsa, rasmli tarzda tushuntirilgan qoʻllanma tutishni, ulardagi tavsiyalarga mahallalardagi maʼnaviy ishlarga masʼul vakillar, patronaj hamshiralar orqali amal qilinish holatini monitoring qilib borishni rejalashtirganmiz.

Ikkinchi bosqich maktabgacha taʼlim muassasalarida boshlanadi. Ona tomonidan uyda boshlangan maʼnaviy tarbiya professional pedagoglar tomonidan aynan mana shu maskanda davom ettiriladi. Bu bosqichni samarali va sifatli tashkil etish har tomonlama muhim. Buning uchun avvalo, malakali boshlangʻich taʼlim pedagoglarini tayyorlash kerak. Shu maqsadda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy oʻquv yurtlari uchun maʼnaviy tarbiyani tashkil etish metodik qoʻllanmasini ishlab chiqish borasida ish olib borilmoqda.

Ikkinchidan, Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan muhim vazifa – mamlakatimizdagi 4 milliondan ortiq 7 yoshgacha bolalarni toʻligʻicha MTMga qamrab olishga erishish zarur. Endi bosqichma-bosqich, maktabgacha taʼlimni toʻliq davlat nazorati va taʼminotiga olish masalasi ustida oʻylashimiz lozim. Xususiy bogʻchalarning boʻlishi juda toʻgʻri, oilalarning maʼlum bir qismi yuqori sifat va yanada takomillashgan qoʻshimcha xizmatlarni tavsiya qiluvchi xususiy bogʻchalar xizmatidan foydalanishi tabiiy. Lekin maktabgacha taʼlim davrida yoʻl qoʻyilgan xatolar keyinchalik jamiyatning serxarajat muammolariga aylanib borayotgani hisobga olinsa, bunday jiddiy masala oilalarning imkoniyatiga tashlab qoʻ­yilmasligi kerak. Har bir bola qisqa vaqt ichida mamlakat fuqarosiga aylanadi. Uning fidoyi yoki loqayd boʻlishi aynan shu davrda hal boʻladi. Bu davr uchun qilingan har qanday xarajat kelgusida oʻzini toʻliq oqlaydi.

Uchinchidan, bolalarning toʻgʻri ovqatlanishini tashkil qilish ham har jihatdan ahamiyatli. Zero, sifatli ovqatlanish sogʻlom tarbiyani taʼminlaydi. Tan olish kerak, minglab muassasalar zaxirasidagi oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatini har kuni muntazam nazorat qilish qiyin. Tahlillardan oʻtgan, tarkibida zarur mikroelementlar kafolatlangan, qadoqlangan nonushta, tushlik va kechki yengil taomlarni maktabgacha taʼlim muassasalariga yetkazib berish tizimi masalaning yechimi boʻla oladi. Bu jarayonga xalqaro tajribadan toʻgʻri foydalangan holda tadbirkorlarni jalb qilish kerak, deb oʻylayman.

Uzluksiz maʼnaviy tarbiyaning uchinchi bosqichi maktabda amalga oshiriladi. Taʼlim jarayonida integratsiyalashgan maʼnaviy tarbiya tizimini ishga tushirish zarur. Bu bosqichda maktab­lardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, maʼnaviy tadbirlar oʻtkazish, ota-onalarni jarayonga faol jalb qilishni nazarda tutadigan loyi­halarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Bolani gap-soʻzimiz emas, harakatlarimiz tarbiyalaydi

Har birimiz farzandlarimizning oʻqimishli, maʼrifatli boʻlishini xohlaymiz. Lekin, ming afsuski, badiiy kitob, gazeta-jurnal kirib bormaydigan xonadonlar juda koʻp. Endi oʻylab koʻring: umrida hech boʻlmasa oʻn-oʻn beshta badiiy kitob oʻqimagan, hatto gazeta-jurnallarning nomini ham eshitmagan baʼzi yoshlardan nima kutish mumkin? Obuna narxi qimmat dersiz, kechirasiz,toʻy-maʼrakalarda millionlab pulni havoga sovurayotgan oʻzimiz emasmi axir?

Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga tayanib, barcha hududiy boʻlimlarimiz tomonidan “Oilalarga maʼrifat ulashib” nomli loyiha doirasida chekka hududlardagi kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalarga oʻzbek milliy qadriyatlari, madaniyati va maʼnaviyati aks etgan kitob tarqatildi. Bu loyihani barcha bayramlarda oʻtkazib borishni anʼanaga aylantirdik.

Tarbiyaning asosiy qismi – namunadir. Shu sababli nufuzli oliy oʻquv yurtlarining vatanparvar, fidoyi talabalaridan iborat “Talaba targʻibotchilar” guruhlarini tuzdik. Ushbu guruh aʼzolari oʻqishdan boʻsh vaqtda, oʻquv taʼtillari davomida mamlakatimizning eng chekka hududlaridagi maktablar, litseylarda uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Qoʻliga biron marta kitob olmagan odam bolasiga kitob oʻqishni maslahat berishi, hatto buyurishi, befoyda va samarasiz! “Bolalarni bizning gap-soʻzlarimiz emas, balki harakatlarimiz tarbiyalaydi”, degan edi buyuk pedagoglardan biri Anton Makarenko. Kitob boʻlgan xonadonda u albatta qoʻlga olinadi, hech boʻlmaganda, besh-olti sahifa oʻqiladi. Shu maʼnoda shahar va qishloqlarda qurilayotgan namunaviy uylarga diniy, dunyoviy va badiiy adabiyotlardan iborat kitob javonini joylashtirish taklifini ilgari suryap­miz.

Mamlakatimizda 9 mingdan ortiq mahallada6 milliondan ziyod oila istiqomat qiladi. Har bir mahallaning posboni, hamshirasi va maʼnaviyat masalalariga masʼul maslahatchisi bor. Mana shu uchala mutaxassisga zamonaviy planshetlar bermoqchimiz. Ushbu planshetlarga joylashtirilgan soʻrovnoma – dastur asosida, markaziy ekspertlar guruhi bilan muntazam aloqada uyma-uy, mahallama-mahalla tahlillar olib boriladi. Savollar psixolog, pedagog va sotsiologlar tomonidan tuzilgan boʻlib, berilgan javoblar oilalar va mahallalardagi maʼnaviy muhitni koʻrsatib beradi. Ana shunda Verner qonunidagi: “...keraksiz joydagi keraksiz harakatning oqibati kutilgan natijaning teskarisiga tengdir” degan xulosadan kelib chiqib, qayerda nima bilan shugʻullanishimiz zarurligini avvaldan bilib, rejali, ilmiy tahlillar va xulosalarga tayangan holda ish olib boramiz. Hozirda Axborot texnologiyalari vazirligi bilan hamkorlikda ayni maqsadlarga xizmat qiluvchi das­tur ishlab chiqilmoqda.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, qaydaki, ilm-maʼrifat taraqqiy etgan, inson qadri ulugʻlangan boʻlsa, oʻsha joyda barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishilgan. Shunday ekan, maʼnaviyat mashʼalasini baland tutgan xalqimizning hamisha qadamlari qutlugʻ, istiqboli ulug ʻboʻlishi shubhasiz.

 

Alisher QODIROV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

"Jamiyat" gazetasi " №44-son, 31-oktyabr

02.11.2018