Ijtimoiy tarmoqlar:
ZAMONAVIY OILA QANDAY BOʻLISHI KЕRAK?

Soʻnggi yillarda “Zamonaviy oilani shakllantirish”, degan atamaga tez-tez duch kelyapmiz. Joriy yilning 2 fevralida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida ham zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar muammolari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajrimlarning oldini olish boʻyicha tizimli vazifalar belgilab berildi.

Xoʻsh, zamonaviy oila aslida qanday boʻlishi kerak? Uni shakllantirish va rivojlantirish uchun nimalarga eʼtibor berish zarur?

 

OILA JAMIYATNING TЕRMOMЕTRIDIR

Alisher Qodirov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– Oila jamiyatning termometridir. Undagi holat jamiyatning sogʻligini koʻrsatadi. Olimlar dunyoda terroristlarni eng koʻp “tarbiyalayotgan” qitʼa – Afrika ekanligini aytmoqdalar. Sabablari oʻrganilganida ushbu qitʼada oila institutini inqirozga yuz tutayotgani, 1-7 yosh orasidagi bolalar oila mehrini koʻrmay ulgʻayayotgani, toʻyib ovqatlanmaslik oqibatida yuzaga keladigan psixo-neyrologik va fiziologik yemirilish yoshlarda agressiv xulq odatiylashib borayotgani oydinlashgan.

Mamlakatimizda amaldagi qonunlar bola tarbiyasining birinchi bosqich davri masʼuliyatini oila institutiga yuklagan (“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun 11-modda). Lekin bugun oilaning poydevori hisoblangan ayollarning salmoqli qismi faol, mehnat shartnomasi bilan korxona va tashkilotlarga bogʻlangan. Ular ish vaqti yakunlanmasidan oilasiga qaytolmaydi. Oilada ona boʻlmasligi oila poydevorini darz ketishiga olib keladi. Bolalar maktabdan qaytib, ularga “tuhfa qilingan” erkinlikdan bilganlaridek foydalanadilar. Ota bilan deyarli bir paytda kelgan ona ham dam olishga birdek haqli. Munosabatlar inqirozi sekin-asta oilaning inqiroziga olib keladi. Afsuski, aynan shu holat 55 foiz oilalarning buzilishiga sabab boʻlmoqda.

Ayolsiz oilani mustahkamlash mumkin emas. Yuqoridagi fundamental muammoni bartaraf etish uchun mamlakatimizda ayollarning mehnat qilish faoliyatini belgilovchi normalarga oʻzgartirish kiritish zarur. Masalan, ayollarning ish vaqti soat 16.00 da tugatilishi kerak. Shunda ayol farzandlari va umr yoʻldoshi uchun vaqt ajratadi. Bu esa oʻz oʻrnida oiladagi er-xotin, ona-bola munosabatlarida ijobiy muhitni yuzaga keltiradi.

Zamonaviy oila dunyoviy va diniy bilimlarga ega boʻlgan ayol atrofida qurilishi kerak. U nafaqat jamiyatga halol va sogʻlom fuqaroni tarbiyalab beradi, balki samarali mehnatga tayyor, xotirjam, Vatan taraqqiyotini taʼminlashi kerak boʻlgan xodimni ham vazifasiga kuzatib qoʻyadi.Mamlakatimiz rivojini farovon oilasiz tasavvur qilib boʻlmaganidek, farovon oilani oqila va mukarram onasiz ham tasavvur qilib boʻlmaydi.

ULARNI FAQAT OʻLIM AJRATGAN...

Muhammadjon Quronov, pedagogika fanlari doktori, professor:

– Bugungi zamonaviy oilalarda ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi psixologik munosabatlar ancha chuqurlashganini koʻramiz. Aynan oilada farzandning roli oshdi. Birinchidan, ilgari barcha oila aʼzolari bir hovlida birga yashashgan boʻlsa, soʻnggi davrlarda yosh oilalar alohida yashashga hoxish bildirishmoqda. Shuning bilan birga, ilgari yosh ota-onalar tarbiyada bobo-buvilarning yoʻl-yoʻriqlariga amal qilgan boʻlsalar, hozirda yoshlarga mana shu tarbiyaviy tajriba yetishmayotganligi kuzatilmoqda. Natijada yosh ota-onalar milliy tarbiyaning yaxshi tomonlarini bilmasdan farzand tarbiyasida biroz xatoliklarga yoʻq qoʻyishmoqda .

Ikkinchidan, bugun biz zamonaviy deb aytayotgan oilalarda ayollarning roli bir necha barobar oshganini koʻramiz. Bu oilaning ham iqtisodiy ham madaniy hayotida oʻz aksini topmoqda.

Uchinchidan, bugungi zamonaviy oilalarda bolaning oʻrni oshdi. Bugun bolalarimizda aqliy-emotsional akseliratsiya jarayoni kuzatilmoqda. Bunday paytda ayrim yosh ota-onalar farzandining intellektual talablarini oʻz vaqtida toʻgʻri anglab yetishmayapti. Ayrimlari esa bolasining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida ahamiyat berib, ularni qoʻshimcha mashgʻulotlarga jalb etishmoqda.

Toʻrtinchidan, ilgarilari kelin yoki kuyov tanlashni asosan ota-onalar belgilab berishgan boʻlsa,bugungi yosh oilalar ixtiyoriy sevgi-muhabbat asosida qurilmoqda. Natijada, ayrim yoshlar toʻgʻri turmush kechirib ketayotgan boʻlsalar, boshqa hollarda turmushning ilk davrlaridanoq ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalarni ham koʻrish mumkin.

Ota-bobolarimiz davrida ham ajrim boʻlgan. Lekin buning birgina sababi bor, u ham boʻlsa oʻlim. Ularni bir-biridan faqatgina oʻlim ajratgan. Shunday ekan,oilalar mustahkam boʻlishi uchun har ikkala yosh bir-birini tushunmogʻi, hayot sinovlari va turmush zarbalaridan asrab-avaylamogʻi, sabr-qanoatli boʻlmogʻi kerak. Farzandlar tarbiyasida esa milliy tarbiya metodlarini zamonaviy bilimlar bilan boyitib, dono va baxtli farzandlarni voyaga yetkazsalar, barcha havas qiladigan zamonaviy oilalar vujudga keladi. Jamiyat ham farovon boʻladi.

ZAMONAVIYLIKNING YANGI TALQINI

Shavkat Toʻrayev, falsafa fanlari nomzodi, dotsent:

– Bugun zamonaviy qarashlar, zamonaviy turmush tarzi, zamonaviy oila degan tushunchalar har xil talqin qilinmoqda. Masalan, gʻarb jamiyatini oladigan boʻlsak, oilada yuzaga kelgan tushunmovchilik tufayli erkak va ayol ajrashadi, erkak oʻz yoʻlidan ketadi, ayol esa “yolgʻiz ona” sifatida farzandlarini taʼminlash uchun yelib-yuguradi, mehnat qiladi, barcha masʼuliyatni “qahramonlarcha” oʻz zimmasiga oladi. Va buni zamonaviy oilaning bir koʻrinishi deya bemalol eʼtirof etishadi. Yana qaysidir mintaqalarda oila aʼzolarining barchasi iqtisodiy mustaqil boʻlishi, ota yoki onaning koʻpincha farzandlarning mustaqil hayot kechirishi yoki oʻz oila aʼzolari bilan biror sabab bilan restoranlarda ovqatlanishi, zamonaviy yurish-turish yoki oʻzaro chet tillarida suhbatlashishlari zamonaviylikning muhim belgilari deb qaralmoqda. Eng qizigʻi, bunday odatlar oʻzbek oilalarida ham tez-tez uchramoqda.

Nazarimda, bizning jamiyatimiz uchun mos boʻlgan zamonaviy oila tushunchasining yangi talqinini yaratish vaqti keldi. Biz bugun milliy davlat, milliy jamiyatni tuzmoqchimiz va bu jarayonda bizning zamonaviy oilamiz qanday boʻladi, degan savolga javob berishimiz kerak. Koʻpincha biz oʻtgan zamonlar oʻtdi-ketdi, hozir yangi davr, keling, yoshlarga imkoniyat beraylik, agar siz ularning baxtli boʻlishini istasangiz xalaqit bermang, toʻy qilib berishni ham toʻxtatib, uy-joy olib bering, alohida yashashsin deymiz. Lekin bu yerda boshqa bir masala turadi. Yaʼni milliy qadriyatlar masalasi. Masalan, oddiygina qaynona-kelin munosabatlarini oladigan boʻlsak, oldingiday qaynonaga boʻy sunib, uning aytganlarini soʻzsiz ado etishni milliy qadriyat, burch deb oladigan boʻlsak, yangi oila qurgan yoshlar turmushning dastlabchi davridanoq qaysidir maʼnoda tazyiqqa uchraydigan boʻlsa, oʻzi alohida turmushini qurish huquqiga ega boʻlmasa u qanday qilib baxtli boʻlishi mumkin, degan savollarni beramizda. Mayli, milliylik saqlanib qolsin, kelin kelinligini qilsin, choyni suzib avvalo qaynota-qaynonasiga uzatsin, bu ishni faqat majburiyat emas milliy tarbiya, hurmat nuqtai nazaridan yurakdan, faxr bilan amalga oshirsin. Ana shunday tarbiyani singdirish orqali zamonaviy oilani barpo qilishimiz mumkin, deb oʻylayman.

Milliy qadriyatlar ustuvor boʻlib, ham maʼnan ham moddiy jihatdan farovonlikka intilgan oilalarni zamonaviy degan boʻlar edim. Yaʼni uyida qaynona-qaynotani tan olmagan odam koʻchada hech kimni tan olmaydi. Demak oʻz-oʻzidan oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat kabi milliy qadriyatlarga darz ketadi. Masalan, gʻarbda hurmat qonun bilan belgilanadi. Lekin biz milliy qadriyat boʻlganligi uchun ham kattayu kichikka birday hurmat-ehtirom koʻrsatamiz. Agar biz oilamizga zamonaviy tus bermoqchi boʻlsak, uning aniq konsepsiyasini yaratmogʻimiz va buni toʻgʻri shakllantirishimiz kerak. Butun dunyoga nazar tashlab, bizga maʼqul boʻladigan ijobiy sifatlariga eʼtibor qaratishimiz va har bir qarorimizga milliy ruhni singdirishimiz kerak boʻladi.

Zamonaviy oila qanday boʻlishi haqida aniq bir tasavvurga ega boʻlmasakda, oilalarda farzandlar tarbiyasi, ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar qanday boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida fikr bildira olamiz. Bizning oʻzbek oilalarimizda hali hanuz bir stereotip saqlanib qolganini kuzatamiz, ayniqsa, qishloq joylarida. Yaʼni, aytaylik, oʻgʻil farzand ota-onasi koʻz oʻngida bolasini erkalashi uyat hisoblanadi. Biz bugun bolani uch yoshgacha tarbiyalash haqida metodik qoʻllanmalar yaratayotgan bir paytda agar bola besh yoshgacha boʻlgan davrda hayotdan olishi kerak boʻlgan hamma koʻnikmalarni egallashi toʻgʻri deb topilsa, ota-otasi bilan yashaydigan yosh oila oʻz farzandini qoʻliga olib erkalamasa, tortinib oʻtirsa, ota va bola oʻrtasida mehr qanday paydo boʻladi? Yoki boʻlmasam, yetti yoshgacha bolaga podshohday, oʻn olti yoshgacha qulday, oʻn oltidan soʻng doʻstday munosabatda boʻlish kerak degan tarbiya usullari bugun oʻzini oqlamayapti.

Darhaqiqat, oila qurish, insoniyatning ijtimoiylashuvi bizga Avestodan kirib kelgan. Oila qurish shunchaki erkak bilan ayolning juftlashishi emas, balki insoniyatning birlashuvi demakdir. Shunday ekan, biz oilalarimiz ajrashganda emas birlashganda baxtlimiz. U ham zamonaviy ham milliy ruhda barpo boʻlsa, nur ustiga aʼlo nur boʻladi.

 

Zebo NURMONOVA tayyorladi.

30.11.2018