Ijtimoiy tarmoqlar:
Xalqimiz roziligi uchun xizmat qilish – faoliyatimizning bosh mezoniga aylanishi kerak

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatida boʻldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz Urganch shahridagi “Nihol” innovatsion maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Joriy yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan ushbu nodavlat taʼlim muassasasi boshlangʻich sinflarga mental arifmetikani oʻrgatishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, bu yerda ingliz, rus tili fanlari chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitiladi. Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida shaxmat toʻgaragi tashkil etilgan.

Maktab qurilishiga 3 milliard 350 million soʻm mablagʻ sarflangan boʻlib, hozirgi kunda ingliz tili, rus tili, mental arifmetika, maktabga tayyorlov, tez oʻqish kabi oʻquv kurslari faoliyat yuritmoqda.

Maktabda 19 ta fan xonasi, kutubxona, oshxona, sport zali, hamshira, oʻqituvchilar xonalari, faollar zali mavjud.

Nodavlat taʼlim muassasasi 250 oʻringa moʻljallangan boʻlib, mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda qoʻshimcha 500 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etish rejalashtirilmoqda. Shu bois maktab rahbariyati taʼlim muassasasi yonidan qoʻshimcha yer maydoni va 6 milliard soʻmlik imtiyozli kredit olishni moʻljallamoqda. Yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirilsa, yana 50 ish oʻrni tashkil etiladi.

Prezidentimiz maktabdagi sharoitlarni koʻzdan kechirar ekan, taʼlim muassasasining mazkur tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Bugungi kunda viloyatdagi 12 ta “Barkamol avlod” bolalar markazida 4 ming 700 dan ortiq oʻquvchi 213 ta toʻgarakka jalb etilgan. Biroq ushbu markazlarda mental arifmetikani oʻqitish boʻyicha mutaxassislar yoʻq.

“Nihol” innovatsion maktabi taʼlim uslublarini “Barkamol avlod” bolalar markazlariga joriy etish oʻquvchilarning intellektual qobiliyatini yanada oshirish imkonini beradi.

Avvalo, bolalarning maʼnaviyatiga eʼtibor berishimiz, ularni tariximizga qiziqtirishimiz kerak. Bolalarga bilimni turli oʻyinlar orqali berish zarur, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari mental arifmetikaga boʻlgan talabni eʼtiborga olgan holda, uni oʻqitish metodologiyasini takomillashtirish, oʻquvchilarda mantiqiy fikrlash qobiliyatini yuksaltirish, maktabni eng namunali taʼlim muassasalaridan biriga aylantirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi. Mutasaddilarga maktabga avtobus, oʻquvchilarga planshet sovgʻa qilish vazifasi topshirildi.

Vatan ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi jasorati unutilmasdir. Uning sinmas irodasi, qudratiga gʻanimlar ham tahsin aytgan. Xorazmshohlar davlatining soʻnggi vakili boʻlgan sarkardaning favqulodda iqtidori, buyuk jasoratiga hali-hamon jahon ahli hayrat bilan qaraydi. U haqda minglab maqolalar, kitoblar yozildi, qoʻshiqlar kuylandi. Bugun bobomizning sharafli nomi xalqimiz qalbida ulugʻlanadi. Mamlakatimizda koʻcha va xiyobonlarga sarkarda nomi berilran, “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis etilgan, Urganch shahrida haykali oʻrnatilgan.

Prezidentimiz Urganch shahar markazida Al-Xorazmiy va Pahlavon Mahmud koʻchalari kesishmasida bunyod etiladigan Jaloliddin Manguberdi memorial bogʻi loyihasi bilan tanishdi.

Shahar qiyofasi tubdan oʻzgarmoqda. Tarixiy va zamonaviy anʼanalar uygʻunligida yangi binolar, uy-joylar barpo etilmoqda. Aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda buyuk ajdodlarimiz merosini abadiylashtirish, ulardan meros xislatlarni yoshlarimiz ongiga ham singdirish, ular qalbida vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jaloliddin Manguberdi haykali buyuk bobomizning jasorati va shonu shavkatiga mos mahobatli boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Bu maydon tariximiz koʻzgusi, Xorazmning “tashrif qogʻozi” boʻlishi kerak. Shuning uchun tarixchi olimlar bilan maslahatlashib, maydonni chuqur mazmunli, betakror va muazzam ansamblga aylantirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz bogʻ hududini kengaytirish va obodonlashtirish, bunda koʻproq tarixiylikni aks ettirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda Urganch shahri markazini batafsil rejalashtirish, koʻp qavatli uy-joylar qurish, issiqlik va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga doir loyihalar boʻyicha ham maʼlumot berildi. 

Urganch shahrida xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, aholining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Joriy yilda viloyatda 312 ta investitsiya loyihasi bajarilib, yangi korxonalar ishga tushirilgan. Yil yakuni boʻyicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 16 foiz, eksport 22 foiz oʻsishi kutilmoqda.

100 ta davlat va xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etilib, bolalarni bogʻchalarga qamrab olish 33 foizga yetgan.

Xorazm uchun muhim boʻlgan elektr energiyasi va toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha ham muayyan ishlar qilindi. 254 kilometr elektr, 456 kilometr suv tarmoqlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Joriy yilda xalqimizning hayotini tubdan yaxshilash maqsadida qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 27 ta qishloq va mahallada keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 14 mingta yakka tartibdagi uy va 75 ta koʻp qavatli turar joy, koʻplab muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlari taʼmirlandi. Ushbu ishlarga jami 236 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Kelasi yili “Obod qishloq” dasturiga muvofiq, viloyatda 30 ta qishloqda va “Obod mahalla” dasturi doirasida 2 ta shaharning 6 ta mahallasida qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Prezidentimiz oʻtgan davrda yaratilgan ish oʻrinlari yetarli emasligi, viloyatda ishsizlik saqlanib qolayotganini taʼkidladi. Iqtisodiyot tarmoqlarini koʻpaytirish, yangi sanoat korxonalari tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali bandlik darajasini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz viloyat rahbarlari Xorazm xalqi bilan bir tanu bir jon boʻlib, bugun belgilab berilgan vazifalarni toʻla bajarishi, iqtisodiyotni rivojlantirish va odamlar hayotini yaxshilash boʻyicha kutilgan natijalarga erishishi zarurligini taʼkidladi.

Sessiyada soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz nutqida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalarni bajarish yoʻlida viloyat ahli astoydil mehnat qiladi va koʻzlangan marralarga albatta erishadi, deb taʼkidladi.

Shu bilan Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.


Umar Asrorov, Ziyodulla Jonibekov, Matnazar Elmurodov, OʻzA

03.12.2018