Ijtimoiy tarmoqlar:
Tarixni oʻzgartirayotgan inson

Shunday odamlar bor, ular ilgʻor tashabbusi, azmu shijoati va eng muhimi, yuksak maʼnaviy fazilati tufayli olamshumul voqealarga sabab­chi boʻladi, asrlarga tatigulik ishlarni boshlab beradi. Bugun yurtimiz ahli Prezident Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlarini koʻrib, kuzatib ana shunday xulosaga keldi.

Eʼtibor bering: qabul qilinayotgan har bir farmon yoki qarorda, hududlarga tashriflarda, maʼruzalarda, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotgan qonunlar yoxud yangitdan joriy etilayotgan, loyihasi ishlab chiqilayotgan hujjatlarda faqat bir maslak bot-bot tilga olinadi: “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak.”

Mahallamizda Umrqul ota degan nuroniy bor. U kishi qahatchilikni ham koʻrgan, urush yillaridagi ocharlikka ham guvoh boʻlgan. Umrqul boboning aytishicha, hech bir zamonda xalqqa qayishish hozirgidek boʻlmagan. Otaxon bunga sabab qilib Shavkat Mirziyoyevning tugʻma xalqparvar ekanligini aytadi. “Tabiat har kimga bunday fidoyilikni ravo koʻrmaydi. Yurtboshimiz oddiy odamlarning qalbini egalladi. Chekka hududlarni yayov kezib, kamsuqum, oʻrtahol oilalarga borib, ularning ahvolini oʻrgandi. Hatto bir oiladagi taʼziyani eshitib, u yerga bordi, toʻylarda qatnashdi. Yaqinda esa nukuslik ikki yoshning toʻyiga guvoh boʻlib, uy sovgʻa qilganini televizor orqali koʻrdik. Oʻz xalqini chin yurakdan sevgan, ardoqlagan insongina shunday ishlarni qiladi. Demak, har birimiz ana shu noyob fazilati tufayli Yurtboshimizga havas qilsak, ibrat olsak, ergashsak arziydi”, deydi nuroniy.

Maʼnaviy yuksalishsiz, taʼlim va tarbiyaga eʼtiborsiz chinakam rivojlanishga erishish mushkul ekani bugun yanada oydinlashmoqda. Shu maʼnoda, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan gʻamxoʻrlikning mohiyatini anglash qiyin emas. Ayniqsa, muqaddas islom dinini ulugʻlash, mamlakat miqyosida Qurʼon musobaqasining oʻtkazilishi, yot oqimlarga adashib kirib qolganlarni kechirish hamda ularga imkon berish, bu nafaqat bagʻrikenglik, shu bilan birga beqiyos odamiylik namunasidir.

— Adashganlarni afv etish, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish haqida koʻp gapiramiz, ammo amalga kelganda, ayrimlar uyalib qoladi, — deya oʻz fikrini bildirgan edi Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor muallim. — Soʻz va amal uygʻunligi haqida gap ketsa, mening koʻz oldimda birinchi navbatda Oʻzbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev gavdalanadi.

Bokuga safarimiz chogʻida Anor muallim davlatimiz rahbarining ezgu tashabbuslari haqida gapirar ekan, toʻylarni ixchamlashtirish borasidagi fikrlarini katta mamnuniyat bilan eshitganini, marosimlarni isloh etishga oid tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini, maktab, ayniqsa, bogʻchalarga qaratayotgan eʼtiboridan boshqa davlatlar oʻrnak olsa arzishini aytgan edi.

Turkiyalik adabiyotshunos, professor Sulaymon Qiziltop­rak esa Oʻzbekis­ton va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar samimiyatga yoʻgʻrilganini taʼkidlar ekan, jumladan, shunday deydi:

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 2017 yil 25 oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi. Bu tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yangi pogʻonaga koʻtarishda muhim omil boʻldi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrif buyurganida juda koʻp joylar qatori tarixiy masjidlarimizga ham qadam ranjida qildi. U odatiy mehmonlardan emasligi, tarixiy joylarni shunchaki koʻzdan kechirmaganligi bilan menda yorqin taassurot qoldirdi. Angladimki, u ota-bobolarimiz eʼtiqod qilgan islom dinini yuksak qad­rlashi bilan ibratga lo­yiqdir.

Bugun Oʻzbekiston juda koʻp sohalarda dadil odimlamoqda. Iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda maʼnaviy yuksalishga erishilayotgani esa qoʻshaloq muzaffarlikdir. Prezident qoʻshni va qardosh davlatlar bilan koʻp yillardan beri uzilib qolgan, rasmiyatchilikdan nariga oʻtilmaydigan rishtalarni tikladi. Nafaqat tikladi, balki unga yangicha ruh berdi.

Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi oʻrinbosari, taniqli yozuvchi Rashod Majid fikricha, Shavkat Mirziyoyevtarixni oʻzgartirdi, eskicha qarashlar, qotib qolgan anʼanalarga chek qoʻydi. “Prezidentin­giz tashabbusi bilan mintaqada doʻs­tona muhit paydo boʻldi. Ilgari hamma oʻz holicha edi. Endi esa davlat rahbarlari bir-biriga nafaqat hamkasb sifatida, balki doʻst va yelkadosh, samimiy hamkor deb qaramoqda. Bugungi davr Shavkat Mirziyoyev­dek shaxsning iqtidorga kelishiga muhtoj edi”, — deydi yozuvchi.

Dehlidagi Jamiya Milliya Islamiya universitetining professori Shohid Taslim Oʻzbekistonni alohida mehr bilan tilga oladi. U yurtimizga turli xalqaro anjumanlar tufayli tez-tez kelib turadi. Oʻzbekchada mukammal gapiradi. Navoiy va Bobur, Mashrab kabi bobokalonlarimizning koʻplab gʻazallarini yoddan biladi.

— Oʻzbekiston — allomalar yurti, — deydi Shohid Taslim. — Bu zaminda kamol topgan muhaddislar, olimu ulamolar, tabiblar, shoirlar Yer yuzining barcha mintaqasida maʼlum va mashhur. Jumladan, islom dini ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydek zoti mukarramning taʼlimoti bugungi davrimiz uchun ham oʻta muhim va dolzarbdir. Xuddi shuningdek, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻiloniy, Zamaxshariy singari ulugʻ murabbiylarning boy maʼnaviy merosidan bahramand boʻlish har bir insonga, ayniqsa, yoshlar uchun koni foydadir. Prezidentingiz ana shu mutafakkirlarning asarlarini keng oʻrganish, tadqiq va targʻib etish uchun barcha shart-sharoit­larni yaratib bergani tahsinga sazovor. Tarixi, oʻzligi eʼzozlanadigan yurtda oʻsish, oʻzgarish boʻlishini bugun Oʻzbekiston misolida koʻrib turibmiz.

Davlatimiz rahbarining olis va yaqin mamlakatlar bilan har tomonlama aloqani mustahkamlashga kirishgani xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotgani bizni gʻururlantiradi. Buning zamirida oʻzaro doʻstlikni mustahkamlash orqali boshqa davlatlar, xususan, notinch mamlakatlardagi vaziyatni barqarorlashtirishdek ulugʻvor maqsad ham mujassam. Shavkat Mirziyoyev xalqimiz haqida qanday qaygʻursa, Afgʻoniston taqdiriga ham shu darajada eʼtiborli. Axir, “Qoʻshning tinch — sen tinch” degan naql bor xalqimizda. Binobarin, mamlakatimiz yetakchisi qachon, qayerda boʻlmasin, qoʻshni yurt ahvoli haqida kuyunib gapiradi. Ayniqsa, BMTning 72-sessiyasida u kishi tomonidan ilgari surilgan takliflar, bildirilgan fikrlar butun dunyo ahlini oʻyga toldirdi, mushohadaga chorladi.

Har bir mamlakatning ertangi taqdiri bugun voyaga yetayotgan oʻgʻil-qizlar qoʻlida. Ularning zamonaviy bilim olishlari uchun shart-sharoit yaratib berilgandagina koʻzlangan manzillarga erishish mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan boʻlsak, bugungi tanlangan yoʻl oqillik, uzoqni koʻra bilish ifodasidir.

Ajdodlardan meros qadriyat va urf-odatlarni ulugʻlash, ularning muborak izidan borish, yoshlarga keng imkon berish, boshini silash, odamlarni eʼzozlash, xalqning roziligini olishga intilish — bu chin komillik belgisi, aslida. Biz bugun ana shu yetuklikni, olib borilayotgan siyosatda esa mukammallikni koʻryapmiz. Shu bois ishonchimiz yuksak, umidimiz ulkan. Zero, ishonch va umid ertangi yorugʻ istiqbol sari dadil odimlashga, buyuk kelajakni birgalikda qurishga undaydi.

Maqsud Jonixonov

04.12.2018