Ijtimoiy tarmoqlar:
Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qoʻyildi

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma olti yilligi katta koʻtarinkilik bilan bayram qilinmoqda.

Bayram munosabati bilan 7 dekabr kuni hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu maqsadlarimiz ramzi boʻlgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga tantanali gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Xalqimiz uchun qadrli va ulugʻ bayramlarda Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga tantanali gul qoʻyish marosimi yaxshi anʼanaga aylangan. Zero, Mustaqillik maydoni xalqimiz ozodligining, ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan va muttasil intilib yashagan, bugungi avlodlarga nasib etgan eng ulugʻ, eng aziz neʼmat boʻlmish istiqlolimizning muqaddas ramzidir. Shu bois, bu muazzam maydon majmuasi bizni doimo yuksak marralar sari chorlab turadi.

Bundan yigirma olti yil muqaddam umumxalq muhokamasidan keyin har tomonlama va chuqur oʻylangan, demokratik yoʻl bilan qabul qilingan Konstitutsiyamiz yangi jamiyatning huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi. Mustaqil taraqqiyot yillarida erishilgan barcha yutuqlarimiz, xalqimiz turmushi farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tub zamirida Bosh qomusimiz tamoyillari mujassamdir.

Mustaqilligimizning mustahkam huquqiy asosi – Konstitutsiyamiz, mamlakatimizdagi tinchlik va barqaror taraqqiyot muhiti, hamjihatligimiz qut-barakasi. Bu ulugʻ tushuncha va qadriyatlar hamisha egizak. Mamlakatimizda xalqimizning hayotdan rozi boʻlib yashashi yoʻlida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgan shu kunlarda bu jihatlar yanada sayqal topmoqda.

Asosiy qonunimiz xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashimizning qonuniy kafolati boʻlib kelmoqda.

photo5210838423441615488.jpg

 

photo5210838423441615489.jpg

 

photo5210838423441615490.jpg

 

photo5210838423441615491.jpg

 

photo5210838423441615492.jpg

 

photo5210838423441615493.jpg

 

photo5210838423441615494.jpg

 

Nurillo Nasriyev, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA

07.12.2018