Ijtimoiy tarmoqlar:
Vatanimiz taraqqiyot yoʻlining huquqiy kafolati

Ватанимиз тараққиёт йўлининг ҳуқуқий кафолати

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan 7 dekabr kuni “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat arboblari, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport namoyandalari, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etib, mamlakatimiz hayotining bir yilida roʻy bergan oʻzgarish va yangilanishlar haqida maʼruza qildi.

Mustaqillik yillarida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar, xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanayotgani, iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligi mustahkamlanib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalib borayotgani zamirida Asosiy qonunimizda belgilangan huquqiy kafolatlar mujassam. Konstitutsiyamizda xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan milliy istiqlolimiz, jonajon Vatanimizning taraqqiyot yoʻli, inson huquq va erkinliklari kafolatlari belgilab qoʻyilgan.

Prezidentimiz maʼruzasida taʼkidlanganidek, mamlakatimiz mustaqillik yillarida bosib oʻtgan gʻoyat murakkab va sharafli yoʻl Bosh qomusimizning hayot́baxsh kuchi, ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishda, innovatsion rivojlanish sari odimlashda beqiyos oʻrin tutmoqda.

Joriy yil xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, tadbirkorlarda tashabbuskorlikni kuchaytirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash borasida tizimli amaliy harakatlar davri boʻldi. “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi asosida bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilinib, aholi hayotini tubdan yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Bu xalqimiz ertaga, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, degan olijanob gʻoyani roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. “Har bir oila – tadbirkor” hamda “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha sezilarli ishlar qilinmoqda. Bularning barchasi odamlarda Vatanimiz taqdiriga daxldorlik, ertangi kunga ishonch tuygʻusini yanada mustahkamlamoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida erishilayotgan bunday oʻzgarishlar nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqa hayotiga yangi ruh olib kirdi. Qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlar yanada mustahkamlandi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik koʻpriklari tiklandi.

Konstitutsiyamiz boshlangan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, xalqimiz uchun hech kimdan kam boʻlmagan turmush sharoiti yaratish, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, eng muhimi, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishdek olijanob maqsadlarimizning kafolati va huquqiy poydevori sifatida barchamizni yuksak marralarga ruhlantiradigan beqiyos qudrat manbai boʻlib xizmat qilaveradi.

Tantanali marosimda yurtimiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilar ishtirokida ilk bor jonli konsert dasturi namoyish etildi.

6.JPG

 

9.JPG

 

11.JPG

 

18.JPG

 

31.JPG

 

51.JPG

Aʼlo Abdullayev, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA

08.12.2018