Ijtimoiy tarmoqlar:
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni

Korrupsiyaga qarshi kurashishda shafqatli boʻlish kerak emas. 

“Hokimiyatni pulga sotib olganlar undan foyda olishni istaydi”, degan edi faylasuf Arastu. Qadimgi Grek faylasufi yashab oʻtgan davrdan beri qancha suvlar oqib oʻtdi. Ammo korrupsiya bilan bogʻliq muammo oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Buning ustiga unga qarshi kurashishda samarali qurol ham yaratilmagan. 

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab korrupsiya xalqaro muammolardan biriga aylandi. Bir mamlakatdagi korrupsiya koʻrinishi ikkinchi mamlakat bilan bogʻlanib ketdi. Ayni damda korrupsiya xalqaro savdoda milliardlab zarar keltirmoqda. 

Korrupsiya bilan bogʻliq muammo Yevropada ham saqlanib qolmoqda. Bu mavzu davlat va hukumat rahbarlari, politsiya va jurnalistlarning doimiy eʼtiborida. Tahlilchilarning fikricha, “koʻhna qita” dagi korrupsiya har yili Yevropa iqtisodiyotiga 120 milliard yevro miqdorida zarar yetkazadi. 

Biroq, Yevropa Ittifoqining aksilkorrupsiya agentligi – OLAFning taʼkidlashicha, bu atigi aysbergning yuqori qismi xolos. Aslida Yevropa mamlakatlari korrupsiya tufayli yiliga 323 milliard yevrodan mahrum boʻladi. Kuzatuvchilarning fikricha, korrupsiyaning haqiqiy qamrovini baholashning imkoniyati yoʻq. YEI mamlakatlari aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalariga qaraganda, respondentlarning 76 foizi korrupsiya oʻsib borayotganini qayd qilgan. 

Yevropada eng korrupsiyalashgan mamlakat Gretsiya ekani aytiladi. Undan keyingi oʻrinlarda Italiya , Ispaniya, Litva, Chexiya davlatlari turar ekan. Yevropada korrupsiyaga qarshi kurashishga oʻnlab tashkilotlar jalb qilingan. 

Jahonning turli davlatlarida korrupsiyani bartaraf etish yoʻlida bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Shu oʻrinda sharhlovchilar bir ovozdan Singapur tajribasini tez-tez tilga oladi. Bu davlat chorak asr mobaynida uchinchi dunyo mamlakatidan gullab-yashnagan farovon mamlakatga erishdi. Bu maqomga erishishida korrupsiyaga qarshi keskin kurashish bosh omil boʻldi. Oʻtgan asrning 50-yillarida Singapur juda ham qashshoq edi. Tabiiy resurslarning yetishmasligi, hatto ichimlik suvining chetdan olib kelinishi davlat idoralarida ildiz otgan korrupsiya oldida arzimagan ish boʻlib koʻrinardi. Hamma, hatto oʻqituvchilar ham pora olardi. Ammo Singapur hukumati korrupsiya ustidan gʻalaba qozondi. Bunda birinchi navbatda mamlakat rahbariyatining qatiy irodasi muhim ahamiyat kasb etdi. Bosh vazir Li Kuan Yu korrupsiyaga barham berishda oʻz qarindoshlari va hukumatdagi maslakdoshlarini ham ayab oʻtirmadi. Har bir fuqaroning shubhali xatti-harakatlari tekshirildi, aybdorlarga munosib jazo berildi. 

Ikkinchidan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan yangi qonunlar qabul qilindi. Uchinchidan, bu qonunlarni hayotga tatbiq etish maqsadida amalda cheklanmagan vakolatlarga ega boʻlgan – Korrupsiya holatlarini tekshirish byurosi tashkil etildi. Byuro bevosita davlat rahbariga boʻysinardi, bu oʻz navbatida har bir davlat amaldoriga nisbatan adolatli tergov olib borilishini taʼminladi. 

Shu oʻrinda Ruminiya tajribasini ham misol sifatida keltirish mumkin. Bu mamlakat 2007 yilda Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlib kirdi. Shuni aytish kerakki, Ruminiya Yevropa Ittifoqiga kirishidan avval va kirganidan keyin ham mamlakatda korrupsiya ildiz otgan edi. Unga qarshi kurashish shunchaki, koʻrgazmali boʻlib, biror bir natija bermasdi. Vaziyatni kuzatib borgan Yevrokomissiya bu illatga qarshi kurashishga aralashishga ahd qildi. Uning ekspertlari 2011 yilda Ruminiya uchun aksilkorrupsiya strategiyasini ishlab chiqdi, bu loyiha oʻz samarasini berdi. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish ikkita idoraga – Milliy aksilkorrupsiya boshqarmasi va Milliy yaxshilik masalalari agentligiga topshirildi. Bu ikki idora 2013 yilda mingdan ortiq ishni sudga topshirdi. Poraxoʻrlikda gumon qilinib oʻnlab vazirlar, elchilar, merlar, politsiya va bojxona xodimlari qoʻlga olindi. Bu mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali boʻlishiga Yevropa Ittifoqi va mahalliy siyosatchi, sud va OAVning birgalikda qilgan harakatlari sabab boʻldi. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, toʻgʻri strategiya boʻlmas ekan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish samara bermas ekan. 

Uzoq yillardan beri Shvetsiya korrupsiyalashgan davlatlar roʻyxatiga kirmaydi. Shuni taʼkidlash kerakki, 19 asrga avvalboshda lotinchada aks etgan maʼnodan boshqacha yangraydi. 

Transparency International, Jahon banki va boshqa tashkilotlar korrupsiya deganda hukumat amaldorlari oʻzlarining shaxsiy manfaatlari yoʻlida xizmat vakolatlarini suisteʼmol qilganligini tushunadi. 

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA

10.12.2018