Ijtimoiy tarmoqlar:
Prezidentimiz Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻi qurilishi bilan tanishdi

Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan, turli yillarda xizmat qilgan 24 ta harbiy texnika maketi bogʻ hududiga oʻrnatilgan. Maxsus tayyorlangan harbiy handaqda Ikkinchi jahon urushida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz haqida maʼlumotlar beriladi.

Bundan tashqari, bogʻda Oʻzbekiston milliy xaritasi viloyatlar kesimida maket tarzida joylashtirilgan. Unda har bir viloyatning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor togʻlari, hududidan oqib oʻtuvchi daryolari, bepoyon kengliklarigacha aks ettirilgan. Muxtasar aytganda, bu yerga tashrif buyuruvchilar Oʻzekistonimiz hududlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻladi.

Bogʻ atrofida qurilgan 4 ta zamonaviy koʻp qavatli turar joy, xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy yopiq suzish havzasi hudud goʻzalligini yanada oshiradi.

Davlatimiz rahbari “Vatanparvarlar” bogʻida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishar ekan, uni yanada zamonaviylashtirish, mavjud imkoniyatlardan, innovatsion gʻoyalardan unumli foydalanish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shunday boʻlsinki, bu maskan yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktab oʻquvchilarining harbiy kasbga boʻlgan qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak, dedi Prezidentimiz.

 

15.12.2018