Ijtimoiy tarmoqlar:
Markazning yil sarhisobi ommaviy axborot vositalari obyektivida

Bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Maʼnaviyat – eng taʼsirchan va qudratli qurolimiz: maʼnaviy-maʼrifiy soha kecha, bugun va ertaga” nomli yil yakunlariga bagʻishlangan Matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari, Markazning viloyat boʻlimi rahbarlari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi qoshidagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari hamda markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Alisher Qodirov soʻzga chiqib Markaz tashkil etilgandan buyon amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida taqdimot qildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berilib, turli taklif va tavsiyalar muhokama etildi. Shuningdek, barcha tadbir ishtirokchilariga Markazning 14 turdagi kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.

Maʼlumki, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi PQ-3160 sonli Qaroriga muvofiq, qayta tashkil etildi. Markaz tuzilmasida 6 ta yangi boʻlim mavjud boʻlib, 60 nafar shtat birligidan iborat yangi tuzilmasi tasdiqlanib, bugungi kungacha 50 nafar yangi malakali xodimlar ishga qabul qilindi. Markazning barcha hududiy boʻlim va boʻlinmalarida xodimlar tarkibi bilan suhbat oʻtkazilib, ularning malakasiga baho berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning hozirgi milliy yuksalish bosqichida maʼnaviyat, yoshlar tarbiyasi masalalariga alohida va muntazam eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada mavjud muammolarning yechimlari koʻrsatib berilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirishning amaliy yoʻllarini koʻrsatib, “... har birimiz bu masalaga befarq boʻlmasdan, oʻz bolamizni, oʻz uyimiz, oʻz mahallamizni oʻzimiz asraydigan boʻlsak, men ishonaman, bunday balo-qazolar hayotimizdan albatta yiroq boʻladi”, degan edilar.

Oʻtgan qisqa davr mobaynida Markaz tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar faqat targʻibot-tashviqotdan iborat boʻlmay, aniq maqsadga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishdan iborat boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Avvalo, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targʻibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish, bu borada keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati faoliyatini yoʻlga qoʻyildi.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar natijadorligini taʼminlash, mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ushbu toifani ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirish maqsadida jamoat tashkilotlari bilan Hamkorlik memorandumlarni imzolash va harakat dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi va birgalikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan harakatlar Dasturi ishlab chiqildi.

Xususan, Germaniyaning Konrad Adenauer xalqaro jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumini alohida taʼkidlab oʻtgan boʻlardim. Kelasi yilda mazkur fond bilan birgalikda “7 yoshgacha boʻlgan davrda ijtimoiy koʻnikmalarni shakllantirish: Germaniya tajribasi” mavzuida tahlillar olib borish rejalashtirilgan.

Markaz tomonidan birgina 2018 yilda2 ta xalqaro (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Navoiy viloyatida), 3 ta (Xorazm, Samarqand va Fargʻona viloyatida) respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Xorazm viloyatida Maʼnaviyat festivali tashkil etilib, viloyatning barcha tuman va shaharlarida alohida dasturlar asosida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, targʻibot ishlarining mazmuni va sifatini tubdan yaxshilash masalalarining muhokamalariga bagʻishlangan anjumanlar va ochiq muloqotlar oʻtkazildi.

Joriy yilning 17 avgust kuni Navoiy viloyatining Navoiy shahrida “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Marosimda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining 20 nafar faol aʼzolari, 14 nafar eng faol tuman boʻlimlari taqdirlandi. Shuningdek, respublikamizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligiga katta eʼtibor qaratayotgan Navoiy, Xorazm, Fargʻona, Namangan va Qashqadaryo viloyat Kengashlari eʼtirof etildi va qimmatbaho sovgʻalar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha Komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi F-4789-sonli Farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida Mamlakatimiz aholisi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik hissini yuksaltirish, joylarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan “Biz vatanga tayanchmiz”, “Oilalarga maʼrifat ulashib”, “Keling birgalikda kitob oʻqiymiz” shiorlari ostida aksiyalar tashkil etilib, kam taʼminlangan, serfarzand oilalarga oʻzbek milliy qadriyatlari, madaniyati va adabiyotiga tegishli boʻlgan jami 10 ming nusxadan ziyod turli nomdagi kitoblar sovgʻa qilindi.

Shuningdek, Markazning yirik loyihalaridan biri boʻlgan “Hududlardagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit xaritasi” konsepsiyasini alohida taʼkidlash oʻrinlidir. Ushbu konsepsiyaning maqsadi – hududlar kesimida aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, milliy va umuminsoniy maʼnaviy mezonlarga zid boʻlgan ichki va tashqi tahdidlarning turi, maqsadi, mazmuni va taʼsiri haqida maʼlumotlarni toʻplash va vizuallashtirishdan iborat.

Xaritani yaratish boʻyicha dastlab Toshkent, Surxondaryo, Buxoro, Fargʻona viloyatlaridagi 7 ta mahallada eksperiment olib borildi. Ikkinchi bosqichda 14 ta hududning 502 ta mahalla, 363 ming 481 ta xonadonida maʼnaviy-maʼrifiy muhit sogʻlomligini aniqlashga qaratilgan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazildi. Soʻrov natijalari umumlashtirilib tahliliy materiallar tayyorlandi.

Bugungi kunda Toshkent shahrining Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod tumanlarining “Maʼnaviy-maʼrifiy muhit xaritasi” tayyorlandi. Toshkent viloyatining Zangi ota, Yangiyoʻl va Toshkent tumanlaridagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit manzarasi aniqlandi va ularni bartaraf etish boʻyicha yoʻl xaritalari tayyorlanmoqda.

Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalari va professor-oʻqituvchilarining maʼnaviy qiyofasini oʻrganish boʻyicha soʻrovnoma oʻtkazildi. Mazkur soʻrovnoma natijalari tahliliy oʻrganib chiqilib, masʼul vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda harakatlar dasturi ishlab chiqildi.

Hozirgi kunda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan oila, maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida yoshlarni bosqichma-bosqich, uzluksiz maʼnaviy tarbiyalash va intellektual rivojlantirish boʻyicha yangicha tizim konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur tizim 0 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan goʻdak, oʻsmir va oʻspirinlarni yuksak maʼnaviy-axloqiy, intellektual sifatlarga ega, fidokor fuqaro, yuqori malakali mutaxassis shaxs etib tarbiyalashga qaratilgan hamda oʻzaro uzviy va uzluksiz tarkibiy qismlaridan tashkil topgan, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshiriluvchi kompleks dasturiy pedagogik-psixologik faoliyatdir.

Tizimning maqsadi: yosh avlod maʼnaviy tarbiyasida davlat va jamiyatning ijtimoiy hamkorligini kuchaytirish, jamoatchilik, ota-onalarning bu borada malaka va masʼuliyatini oshirish, yoshlar tarbiyasini modernizatsiyalashtirish,intensivlashtirish, natijador qilish va shaxs (bolalar, oʻquvchilar) maʼnaviyatini kutilayotgan darajaga koʻtarishning ilmiy dasturiy-metodik taʼminotini tashkil etishdan iborat.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Matbuot xizmati

24.12.2018