Ijtimoiy tarmoqlar:
Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni

Bugun Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Navoiy viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi, Alisher Navoiy jamgʻarmasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston respublikasi Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi III anʼanaviy xalqaro ilmiy konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Xalqaro konferensiyaga Ozarbayjon, Afgʻoniston, Boshqirdiston, Vengriya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Moʻgʻuliston, Rossiya, Turkiya, Shvetsiya, Hindiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi 15 ga yaqin davlatlardan 50 nafardan ortiq navoiyshunos olimlar, shuningdek respublikamizning barcha viloyatlaridan taniqli akademiklar, professorlar, ijodkor ziyolilar, maʼnaviy soha mutaxassislari, faollar, talabalar va yosh olimlar tashrif buyurishgan.

Erta tongdan Navoiy shahri markazidagi istirohat bogʻida savlat toʻkib turgan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda barcha konferensiya ishtirokchilari, chet ellik mehmonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Asosiy tadbirlar boʻlib oʻtadigan “Yoshlar markazi”da mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy asarlarining yangi talqin va koʻrinishda chop etilgan namunalari asosida badiiy koʻrgazma tashkil etildi. Ushbu koʻrgazmadan Navoiyning qayta nashr etilgan 10 tomlik asarlari ham mehmonlar eʼtiboriga havola etildi. Shuningdek, tadbirda adabiyotimizning eng durdona asarlaridan iborat kitoblar koʻrgazmasi hamda aksiyasi tashkil etildi.

“Yoshlar markazi”ning katta majlislar zalida boʻlib oʻtgan konferensiyani Navoiy viloyat hokimi Q. Tursunov kirish soʻzi bilan ochib, oʻz nutqida Navoiy ulugʻ shaxsiyat sohibi sifatida har birimiz uchun ibrat boʻla olishini, istiqlol yillarida viloyatimizda amalga oshirilgan obodonchilik va bunyodkorlik ishlari Navoiy bobomiz orzu qilgan ezgu gʻoyalarning amaliy ifodasi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, konferensiyada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari A.Qodirov, Vengriyalik navoiyshunos olim Benedikt PerriTurkiyaning Amasiya universiteti rektori, professor Metin Orbay, Shvetsiya Navoiyshunos olim Shafiqa Yorqin, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbar va boshqalar soʻzga chiqib, Navoiy oʻz ijodi, badiiyatining qudrati bilan jahon adabiyoti rivojiga katta taʼsir koʻrsatganligi, uning bebaho maʼnaviy, ilmiy, badiiy va madaniy-tarixiy asarlari butun insoniyatning bebaho merosi ekanligini eʼtirof etishdi.

Ushbu konferensiyani tashkil etishdan asosiy maqsad – Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida keng targʻib etishdan iborat. Chunki adib asarlarining asosiy mazmuni ham insonlarni milliy-maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylashga daʼvat etish, odamlar orasida ezgu xislatlarni targʻib etishga qaratilgan.

Alisher Navoiy inson maʼnaviyatiga insonlikni belgilovchi eng muhim omil sifatida qaraydi. Uning har bir qahramoni vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr-muhabbat, kechirimlilik, bagʻrikenglik kabi fazilatlarga bilan bezalgan. Navoiy asarlarida komil inson gʻoyasi har doim birinchi oʻrinda turgan. U inson oʻz maqsadlariga faqat yuksak axloqiy va maʼnaviy saviyasi bilan erisha olishiga ishongan. Bu fikrlar bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganligini har lahza koʻrishimiz mumkin. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev oʻz chiqishlarida Navoiy hikmatlarini barchamizga eslatayotgani, yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganligi ham bejiz emas, albatta.

Zero, umri davomida xalq manfaati yoʻlida kurashib, xayrli ishlari va bebaho asarlari bilan hammaga oʻrnak boʻlgan ulugʻ mutafakkirga munosib boʻlish har birimizning burchimizdir.

 

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Matbuot xizmati

05.02.2019