Ijtimoiy tarmoqlar:
“El netib topgʻay menikim...”

9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Yurtimizning barcha hududlarida buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi keng nishonlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida shu munosabat bilan “El netib topgʻay menikim...“ deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligidagi ushbu tadbirga olimlar, mazkur akademiya tinglovchilari, maʼnaviyat targʻibotchilari, pedagoglar taklif etildi.

Yurtimizda milliy oʻzlikni anglash, jahon tamadduni rivojiga betimsol hissa qoʻshgan ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish, ularni koʻz qorchigʻidek asrab-avaylash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy merosi nainki yurtimiz, balki bashariyat mulkiga daxldorligi bilan ahamiyatlidir. Zero, uning ijodida tinchlik, vatanparvarlik, mehr, sadoqat, komil inson gʻoyasi ustuvor oʻrin egallaydi. Shu bois necha asrlar oʻtsa hamki, Navoiy ijodi hamon sevib mutolaa etilib, jahonning turli tillariga tarjima qilinmoqda.

Tadbirda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlab yaratilgan sahna asarlaridan parchalar Oʻzbek Milliy akademik drama teatri va Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari tomonidan ijro etildi. Navoiy gʻazallari asosida qoʻshiqlar yangradi.

09.02.2019