Ijtimoiy tarmoqlar:
Talabalar Alisher Navoiydan saboq oldilar

Soʻz mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hazratlari tavallud topgan kun – 9 fevral erta tongidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari oʻquv dargohlariga mumtoz qoʻshiqlar sadolari ostida kirib keldilar.

– Har tong talabalarni mana shunday mumtoz ohanglar bilan kutib olish va vaqti-vaqti bilan buyuk ajdodimiz Mir Alisher Navoiy saboqlarini yoshlar qalbiga singdirib borishimiz gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi,– dedi OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻlimi hamda maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Abror Xidirov.– Yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida ulugʻ mutafakkir ajdodimiz merosini oʻrganish va tadqiq qilishga bagʻishlangan konferensiyalar oʻtkazilayotgan va unda Angliya, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Afgʻoniston, Fransiya, Qozogʻiston, Hindiston, Tojikiston va boshqa davlatlarning yetakchi universitetlari professorlari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya ustuvorligiga tan berayotgan bugungi kunda biz ham shunga yarasha saʼy-harakatlar qilishimiz maqsadga muvofiqdir.

Universitet bosh binosi va har bir fakultet hovlisiga oʻrnatilgan radiokarnaylardan Alisher Navoiy gʻazallari ijrosida kuylangan mumtoz ashulalar yangrab turardi. Bu betakror ohanglar ogʻushida zavq-shavq ila auditoriyalarga kirgan barcha fakultetlar talabalariga birinchi dars – “Alisher Navoiy saboqlari” mavzuida boʻldi.

– Matematika fakulteti talabalari bugun ulugʻ ajdodimiz Mir Alisher Navoiy merosini yanada teranroq angladi, dildan his etdi,– deydi fakultet dekani Nasriddin Jabborov.– Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Toʻlqin Eshbek boʻlgʻusi matematiklar ham adab ilmi sanalmish adabiyot fanini puxta oʻzlashtirishlari, oʻzbek adabiy tilimiz asoschisi boʻlgan Alisher Navoiy ijodini mudom oʻrganib borishlari haqida soʻz yuritar ekan, “Agar ogohsensen, shoh sensen” degan shoh satrlari zamirida olamcha maʼno mujassam ekanligini izohlab berdi.

Maʼruzachi “Sano-standard” nashriyotida 2016 yili 10000 nusxada chop etilgan “Ibratli hikoyatlar va xislatli hikmatlar” toʻplamidan oʻrin olgan Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Nasoyim ul muhabbat” va “Lisonut-tayr” asarlaridagi ayrim hikoyatlarning sodda nasriy bayoni, shuningdek, mutafakkir shoirning hikmatli soʻzlari maʼnolariga eʼtibor qaratdi. Mazkur toʻplamdan oʻrin olgan quyidagi satrlar mazmunini tushuntirar ekan, uni talabalarga takrorlashni taklif etdi. Yaʼni:

Tuxm (urugʻ) yerga tushub chechak boʻldi,

Qurt jondin kechib ipak boʻldi.

Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?!

Pilla qurticha himmating yoʻqmu?!

Talabalar bu satrlarni joʻrovozda takror aytishar ekan, borgan sari uning beqiyos mazmun-mohiyatini anglab borayotganini taʼkidlashdi. Oʻsha fikr va xulosalar hosilasi: har bir inson oʻziga oʻzi mudom shunday savol berib yurmogʻi darkor: chechakka aylangan gul urugʻichalik, ipak yaratgan qurtchalik gʻayratu himmati boʻlmagan odam – oʻzini odam deb hisoblashi mumkinmi?! Axir biz mukammal inson boʻlib yaralganmiz. Oyoq-qoʻllarimiz har ishga qodir! Aqlni peshlasak, toʻgʻri harakat qilsak, qanchalik naf keltiradigan odam boʻlishimiz mumkin, degan oʻy, fikr hech birimizga tinchlik bermasligi kerak. Mana, purmaʼno satrlardan olinadigan saboq!

***

Oʻsha daqiqalarda Ijtimoiy fanlar fakultetida oʻtkazilgan “Alisher Navoiy saboqlari” darsi yanada sermazmun boʻldi. Falsafa fanlari doktori, professor Mukarram Nurmatova oʻz soʻzida atoqli shoir Erkin Vohidovning “Oʻzbek Navoiyni oʻqimay qoʻysa, paytavaning salla boʻlgani shu-da” degan mazmunda bitilgan sheʼrini yodga oldi.

Maʼruzada taʼkidlanganidek, Mir Alisher Navoiy asarlarining mazmuni teran anglash inson maʼnaviy olamini boyitadi. Maʼnaviyati yuksak inson hech qachon tubanlik botqogʻiga botmaydi, oʻgʻrilik, bosqinchilik, poraxoʻrlik, taʼmagirlik, gʻiybat qilmaydi, ona Vatanini, millatini, iymonini sotmaydi. Bunday illatlardan oʻzini yiroq tutadi. Shu mezondan turib qaraganda, Alisher Navoiy asarlari avlodlarni komillik sari chorlayotgan ezgulik mayogʻiga oʻxshaydi. Demak, bu maʼnaviy xazinadan bebahra odam maʼnan qashshoqligicha, maʼrifat nurlaridan bebahra zulmat ichra qolaveradi.

– Mir Alisher Navoiyning merosxoʻrlari, bugungi izdoshlari hisoblangan talabalarimiz buyuk ajdodimiz oʻgitlariga soʻzsiz amal qilishni sharafli burchi, deb biladilar,– deydi fakultet dekani Hakim Toʻxtayev.– Bugungi ayyom munosabati bilan Ijtimoiy fanlar va Jurnalistika fakultetlari talabalari “Faqat adabiy tilda soʻzlashamiz!” aksiyasini boshladi. Bu aksiya doimiy ravishda davom etib, unga barcha yoshlarni chorlab qolamiz.

***

Navoiyxonlik darslari-yu adabiy kechalari shu kuni darslardan soʻng Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Talabalarning ijtimoiy media va madaniyat markazi”da davom etdi.

Unda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Talabalar turar-joylarida istiqomat qilayotgan yoshlar hamda professor-oʻqituvchilar ishtirok etdilar.

– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan “1991 yil – Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilingan edi. Eʼtibor qilsangiz, oʻsha yili yanvar oyida hali Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishishiga ancha bor edi,– dedi OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Najmiddin Qodirov.– Demoqchimanki, yurtimizda eng katta maʼnaviy jasorat – buyuk ajdodimizga ehtirom koʻrsatishdan, millat qaddini rostlashdan boshlangan edi. Onu Vatanga muhabbat va sadoqat aslida ana shunday buyuk ajdodlarga ehtiromdan, ularning boy maʼnaviy meroslarini teran oʻrganishdan boshlanadi.

“Talabalarning ijtimoiy media va madaniyat markazi” boʻlim boshligʻi Baxtiyor Egamberdiyev, OʻzMU Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Abror Xidirov va Axborot xizmati rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Toʻlqin Eshbek va boshqalar bebaho maʼnaviyatimiz asoslarini buyuk mutafakkir shoir Mir Alisher Navoiyning bebaho merosidan oʻrganish lozimligini taʼkidladilar.

Talabalar filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdumurod Tilovovning Mir Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqidagi sermazmun maʼruzasini katta qiziqish bilan tingladilar.

Abdumurod Tilovov hazrat shoir gʻazallarini yoddan aytgan va mazmun-mohiyatini teran tahlil etgan talabalarga oʻzi nashrga tayyorlagan va yaqinda chop etilgan Alisher Navoiyning hozirgi oʻzbek tiliga tabdil etilgan “Mahbub ul-qulub” (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar) kitobidan hamda oʻzining 1- va 2-jilddan iborat “40 odob va hikmat” kitoblaridan hadyalar qildi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Alisher Navoiy gʻazallaridan namunalar oʻqildi. Shoir gʻazallari bilan kuylanuvchi ashulalar ijro etildi.

***

Ushbu tadbir haqida isteʼdodli telejurnalist Oʻrol Hamidullayev va tasvirchi Erkin Azimov tomonidan tayyorlangan lavha “Oʻzbekiston-24” telekanalida keng yoritilgani munosabati bilan Oʻzteleradiokompaniya maʼmuriyatiga samimiy minnatdorchilik izhor etamiz.

 

Sayfulla ASHUROV,

OʻzMU Axborot xizmati xodimi

11.02.2019