Ijtimoiy tarmoqlar:
Farovon jamiyatga eltuvchi yoʻl: Insonga hurmat, Qonunga itoat va Vatanga muhabbat

Insonga hurmat!

Odam bolasi koʻp jihatlariga koʻra hurmat qilinadi. Uning dini, ilmi, irqi, jamiyatdagi tutgan oʻrni, yoshi, millati... Ammo u, avvalambor, hazrati inson boʻlgani uchun hurmatga loyiqdir. Insoniylik mohiyati oʻzini anglash bilan boshlanadi. Buyuk mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiy: “El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam”, – deganida har bir inson oʻzini qadrlashi, anglashi va rivojlanishi, shundan keyingina uni el tanishi, eʼtirof etishi va hurmat qilishi mumkinligini taʼkidlaydi. Boshqa bir mutafakkir Yunus Emro: “Meni menda dema – menda emasman. Bir men bordir menda – mening ichimda”, – deya insonning suvrati aldamchi boʻlib, siyrat birlamchi ekanini taʼkidlagan va bu bilan har bir insonni ichki “meni”ni goʻzal qilishga chaqirgan.

Bugungi tez oʻzgaruvchan, koʻrinishi va maqsadi bir-biridan farq qilayotgan munosabatlar negizida Adam Smit aytganidek, manfaat – harakatlantiruvchi kuch emas, balki insonga zarar keltiruvchi omilga aylanib bormoqda. Daromad maqsadida insonni oyoqosti qilish, xoʻrlash bilan bunyodkor kuchni buzgʻunchi kuchga aylantirayotganlar kim? Xuddi shunday, daromad maqsadida oʻzini qadrlamaydigan, oʻzini xorlikka mahkum etayotganlar kim? Har ikkisi ham oʻzini – ichki menini, aslini topolmagan, gʻururdan mosuvo odamlar emasmi?

Yurtimizda bugun fuqarolarning muammolarini hal qilish, ularga eng zarur yashash sharoitlarini yaratish maqsadida keng koʻlamli islohotlar boshlangan. Uning mohiyati Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” va “Xalqimiz ertaga yoki uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak” degan hayotiy konsepsiyada namoyon boʻladi. Buning amaliy natijasi sifatida aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda bunyod etilgan uy-joylar mashʼum Toshkent zilzilasidan keyin qudrati dunyoni qoʻrqitgan sovetlar mamlakati qurgan uy-joylardan 2 barobar koʻproqni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston Prezidentining hayotga koʻchgan insonparvarlik, yurtparvarlik gʻoyasining asl mazmuni, aslida.

Aholi daromad manbaini shakllantirish borasida imtiyozli, maqsadi foyda boʻlmagan kreditlar berilmoqda. Maxsus davlat fondlari orqali yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun trillionlab mablagʻ ajratilmoqda. Xarobaga aylangan qishloq yoki mahallalar navbat bilan obod maskanlarga aylanmoqda. Oʻz uyi boʻlmagan odamdan Vatanga egalik qilishni talab qilishning maʼnosi bormi? Umuman, shaxsiy mulki boʻlmagan fuqaroda vatanparvarlik hissi boʻladimi? Abu Ali ibn Sino baxtli jamiyat sifatlari haqidagi qarashlarini ilgari surar ekan, fuqarosi mulkdor boʻlgan yurtgina chin maʼnodagi baxtga erishishini alohida taʼkidlagan. Demak, yurtimizda amalga oshirilayotgan bu siyosat mustahkam azaliy ildizlariga ega.

Insonning oʻziga boʻlgan hurmati oilasi, farzandlariga boʻlgan masʼuliyatli munosabatini, bu munosabat oʻz oʻrnida mamlakatga va atrofidagi insonlarga boʻlgan yondashuvini shakllantiradi. Inson hurmati tiklangan jamiyat taraqqiyot haqida rejalar tuzishi mumkin, chunki taraqqiyot oʻzini hurmat qiladigan insonlarning ongli, fidoiy va sadoqatli mehnati evaziga yuzaga keladi. Ilmiga, qadriga, gʻururiga tayangan insonlargina Vatan tushunchasini mohiyati bilan idrok etishga qodirdir.

Qonunga itoat!

Qonun - fuqarolar oʻrtasidagi kelishuvdir. Shunga koʻra, unga qatʼiy amal qilish jamiyat aʼzolarining barchasiga birdek taalluqli. Ushbu kelishuvni qayd etish, rasmiylashtirish, amal qilish va nazorat qilish tizimining barchaga barobar tushunarli boʻlishi jamiyatning komillik darajasini belgilab beradi. Demak, barcha jabhalarda qonun ustuvor boʻlgan jamiyat komil jamiyatdir. Davlatning oʻzagini tashkil etuvchi jamiyatning holati davlatning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini belgilab beradi. Intizom, tartib, oʻzaro hurmat boʻlgan jamiyat rivojlanish yoʻlini tez topib oladi va ushbu yoʻlda sobitqadamlik bilan ilgarilaydi.

Kim tinch, farovon va xotirjam yashashni istamaydi? Bu ehtiyojning boʻlmasligi insonning xastaligidan dalolatdir. Chunki odam bolasi oʻziga zulmni, kambagʻallikni ravo koʻrishi mumkin emas! Maqsadga erishishning yoʻli qayerda? Albatta, insonning oʻzida. Inson oʻziga hokim. U oʻz hayotini oʻzi quradi. Tanlovi, xohish-irodasi bilan. Ilm olish, kasb oʻrganish, eʼtiqod kabi inson hayotini belgilab beruvchi asoslarga ega boʻlish yoki boʻlmaslik uning istagiga va harakatiga bogʻliq. Bunga xalaqit beruvchi omillar yuqorida aytib oʻtilgan oʻzaro kelishuvga amal qilmaslik, oʻz manfaatini ustun qoʻyish, boqimandalik va irodasizlikning mahsulidir.

Davlatimiz rahbari: “Bundan ming yil oldin jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan alloma”, deya taʼriflagan teolog Abul Muin Nasafiyning bu boradagi qarashlari muhim. U ezgulik va yovuzlikdan birini tanlash inson hayotining asosini tashkil etishiga eʼtibor qaratib, baxtli yoki baxtsizligi ayni shu sabab bilan bogʻliqligini uqtiradi hamda toʻgʻri tanlovning bir koʻrinishi jamiyatda mavjud qonunlarga itoat ekanini aytadi. Bundan koʻrinadiki, bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri insonlarga, ayniqsa, yoshlarga ilmiy tanlov, toʻgʻri qaror qabul qilish madaniyatini oʻrgatishdir. Shunday ekan, fuqarolar oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishi, ularni anglab yetishi, ogʻishmay amal qilishi xotirjam, farovon hayot kechirishning garovidir.

Vatanga muhabbat!

Moʻtabar manbalarning guvohlik berishicha, insonning tugʻilib, ilk nafasni olgan, voyaga yetgan maskani uning Vatanidir. Ulugʻlarimiz hatto, muborak Haj ibodatini amalga oshirgan zahoti Vatanga qaytish shartligini uqtirishgan.

Ota-ona kabi Vatan ham tanlanmaydi. Ularga istisnosiz xizmat qilinadi. Yaxshiligiyu yomonligi muhokamada etilmaydi – tahlilsiz qabul qilinadi. Demak, ota-ona va Vatan tuygʻusini anglab yetish – shukronalikning boshlanishi.

Inson oʻzi tugʻilib oʻsgan joyidan uzoqda yashashi, rivojlanishi va baxtli boʻlishi mumkin, lekin tugʻilgan joyiga va u yerda yashayotgan odamlarga yomonlik tilashi mumkin emas. Dunyoda eng baxtsiz inson oʻz qadriyatlari qaror topgan Vatanidan ajralib qolgan inson boʻlsa kerak. Buyuk faqih Imom Shofiyning taʼkidlashicha, insonga vatanidan ayrilishdan kattaroq kulfat yoʻq. Chunki Vatanini ongli tark etgan, uni inkor qilgan insonning xotiri jam boʻlmaydi, bilʼaks, tabiatida johillik ustuvor boʻlib, sadoqatdan yiroqlashadi. Bu toifa insonlarda qadriyat qadrsizdir.

Maqsad – BAXT!

Har bir davlatni hayotning hadsiz va beshafqat ummonida oʻz maqsadlariga intilayotgan bir kemaga oʻxshatsak, uning ichida ketayotgan xalqning hamjihat, hamkor va xotirjam boʻlishi kemaning bexatar harakatini kafolatlaydi. Har bir insonning oʻziga xos dunyo ekani sababli fikrlar va dunyoqarashlarning turli boʻlishi tabiiydir. Alisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda, baxt qushi boʻlgan Simurgʻ bir maqsad yoʻlida birlashgan oʻttiz nafar turli-tuman qushlardan iboratdir. Shuningdek, mutafakkir bobomiz maqsadsiz millat boʻlmasligini aytadi. Millat maqsadi esa, shubhasiz, uning milliy gʻoyasidir. Jamiyatni tashkil etuvchi insonlar Simurgʻ misoli bir bunyodkor maqsad atrofida birlashsa, uning ijobati yoʻlida jiddu jahd koʻrsatsagina maqsad – baxt hosil boʻladi.

Alisher QODIROV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

16.02.2019