Ijtimoiy tarmoqlar:
Quchoq ochib, xalq ichiga boraylik!

2019 yilning 16 fevral kuni poytaxtning 25 nafar professor-olimlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining avtobusida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani aholisi bilan bevosita muloqotga otlandilar.

Quyosh chiqqan tomon shitob bilan harakatlangan avtobusdagi “Olimlar klubi”ning aʼzolari tilida va dilida “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik”, degan yangi shior yangrab turdi. Oʻng tomonda gullashni boshlab yuborgan daraxtlar, chap tomonda maysalar koʻz ochgan dalalar. Bizni oppoq qorga burkangan purviqor, donishmand Chimyon chorlar edi.

HAMKORLIKKA UZATILGAN QOʻLLAR

Xalqimiz azaldan ilm-ziyoga shaydo. Olimlarni eʼzozlaydi. Bu gal ham shunday boʻldi. Tuman markazidagi 24-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabiga yetib kelganimizda, iqtidorli yoshlar orkestri ijrosidagi chiroyli kuylar sadosi tumanni tutdi. Maktab jamoasi va tuman faollari toʻla muhtasham zal olimlarni gulduros qarsaklar, yonib turgan,intizor koʻzlar bilan kutib oldi.

Ana shunday koʻtarinki kayfiyat bilan boshlangan uchrashuvni tuman hokimi oʻrinbosari A.Tastanbekov ochib berdi. Shundan soʻng, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, professor M.Quronov soʻz oldi. Notiq muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan gʻoyalarining mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi. Bugungi kunda har bir oila, xonadonga kirib borish nafaqat hokimlik, idoralarning, balki ilm ahli, olimlarning ham burchi ekanligini uqtirdi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati qoshida tashkil etilgan “Olimlar klubi”ning maqsad-vazifalarini oydin qilib ochib berdi. Klubning “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!” shiorining oliyjanob maqsadi haqida gapirdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati raisi A.Kamalov ushbu amaliy tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasining hikmatlari, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining mazmun mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Inson kapitalining mohiyatini aholi, ayniqsa yoshlarga tushuntirish, iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashish, oliy taʼlim va maktablar bilan “Ustoz-shogird” rishtalarini bogʻlash, shuningdek ularni katta fan yoʻllariga boshlashdan iborat ekanligini aytdi.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetidan professor A.Oʻtamurodov, siyosiy fanlar doktori, professor I.Ergashev hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetidan tarix fanlari doktori, professor R.Xoliqovalar soʻz olishdi.

Qizgʻin muloqot boshlandi. Biri biridan yaxshi taklif va tashabbuslar oʻrtaga tashlandi.

Yuqori Chirchiqning adabiyotga, ijodga oshno bolalarning koʻp ekanligi maʼlum boʻldi. Va Milliy universitet olimlari bunday yoshlarga ham nazariy ham amaliy koʻmak berishda hamkorlik qoʻllarini uzatdilar. Oʻsha zahoti taʼlim, yoshlarning tumandagi masʼullari amaliy ishlar rejalarini belgilashga kirishishdi. Bunday amaliy hamkorlik kelishuvlari yigʻilganlarni dildan quvontirdi. Ilhomlantirdi.

HAYRAT

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar ikki guruhga boʻlinib korxona va tashkilotlardagi mehnat jamoalari, taʼlim muassasalariga yoʻl olishdi. Bir guruh chaqaloqlarga maxsus tagliklar ishlab chiqaruvchi korxonaga jam boʻldi. Katta maydonni egallagan korxona. 100 dan ziyod Yuqori Chirchiqlik opa-singillarimiz, aka-ukalarimizning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Natija ham shunga yarasha – bir minutda 260 dona taglik ishlab chiqarilib, mashinalarga yuklanayotir. Zamonaviy texnologiyalar shiddati, surʼati mamlakatimizda kechayotgan islohotlar shiddatini, surʼatini eslatadi. Mehmonlarning yuzu-koʻzini hayrat egalladi.

Darhol ishchilar bilan jonli muloqotga kirishib ketishdi. Ishchilarga yaratilgan sharoit zoʻr. Maosh – yuqori. Hatto poligacha isitilgan korxona xodimlarining koʻzlarida ularning bugun baxtli ekanligi, roziligi, ertasiga qatʼiy ishonchi balqib, koʻrganning havasini keltirar edi.

Bundan ilhomlangan “Olimlar klubi” aʼzolari mamlakatimizdagi oʻzgarishlar, islohotlar, ayniqsa ishlab chiqarishning xalq farovonligiga qoʻshayotgan hissasini alohida taʼkidlab oʻtishdi

. Halol mehnat madh qilindi. Ishchi-xodimlarni qiziqtirgan koʻp savollarga javoblar, maslahatlar berildi.

Yuqori Chirchiq tuman tibbiyot birlashmasida mehmonlarni birlashma boshligʻi X.Babaxanov qarshi oldi. Qisqa muddatda tibbiyotda roʻy bergan oʻzgarishlarni tuman misolida tushuntirib berdi.

“USMONOBOD”, “DARXON”DA

Ikkinchi guruhdagi olimlar tumandagi “Usmonobod” hamda “Darxon” mahallalari aholisi bilan uchrashishdi. Nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari ishtirok etishgan tadbirda klub aʼzolari “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan gʻoyaning sharofati, mazmun-mohiyatini ochib berishdi.

Koʻpmillatli bu mahallalarda insonlarning turmush darajasi, yoshlarning taʼlim olishi bilan bogʻliq masalalar borasida keng fikr almashildi. Olimlar tomonidan muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi millatlararo totuvlik yangi bosqichga koʻtarilayotgani yakdil eʼtirof etildi. Qatnashchilar bu oʻz navbatida yurtimizning madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va savdo-iqtisodiy sohalari hamkorligiga keng yoʻl ochayotganini zavq bilan soʻzlashdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida bildirilgan fikrlar mazmuni tushuntirildi. 2019 yilda taʼlim sohasida, “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturi doirasida tumanda amalga oshiriladigan ishlardan mamnun fikrlar aytildi. Ayniqsa, har bir xonadonga kirib borishning yoʻlga qoʻyilayotgani xalq baxtiga xizmat qilayotgani Yuqori Chirchiq tumanidagi misollar bilan taʼkidlandi.

Olimlar mahallalardagi maktablarga hamkorlik qoʻlini uzatib, oliy va oʻrta taʼlimni bir-biriga bogʻlash, nufuzli universitetlarda tashkil etilgan toʻgaraklar filiallarini Yuqori Chirchiq tuman maktablarida ochish tashabbusini koʻtarishdi. Tuman taʼlim mutasaddilari buni minnatdorlik bilan qabul qilib, hamkorlikning tashkiliy ishlarini boshlab yuborishdi.

HAR ISHGA ILMIY YONDASHISH NIMA UCHUN SHART?

Jonli muloqotlarda olimlar yigirma birinchi asrda inson kapitali inson baxtini belgilashning asosiy sharti ekanligi tushuntirishdi. Buning uchun farzandni uzluksiz maʼnaviy tarbiyalashni yoʻlga qoʻyish lozimligi, oilani qanday mustahkam saqlash mumkinligi, milliy gʻoya va hatto qaynona-kelin munosabatlarigacha ilmiy asoslangan maslahatlarini berishdi. Bu bejiz emas. Chunki har bir masalaga ilmiy yondashish yagona toʻgʻri yoʻl. Chunki ilmiy yondashish bu har bir sohada“yetti oʻlchab, bir kesish” demak.

Tashrifning eng qimmatli jihati shu boʻldiki, tumandagi taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar bilan oʻnlab oʻzaro kelishuvlarga hamkorlik qoʻllari uzatildi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining “Olimlar klubi”doimiy harakatda. Mart oyida Sirdaryo viloyatiga chiqib, jonli, maʼrifiy muloqotlar oʻtkazishga tayyorlanmoqda.

Zero, “Olimlar klubining shiori aniq va amaliy – “QUCHOQ OCHIB, XALQ ICHIGA BORAYLIK!”.

Z.Nurmonova,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi matbuot kotibi

19.02.2019