Ijtimoiy tarmoqlar:
“Oʻzbekiston tarixi” telekanali yaratilishi boʻyicha ekspert Rene Falkner bilan uchrashuv

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga MurojaatnomasidaOʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida “Oʻzbekiston tarixi” kanali tashkil etilishini maʼlum qilgan edi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari oʻz nutqida mamlakat kelajagiga yoʻnaltirilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda kuch-qudrat manbai boʻladigan milliy gʻoyani rivojlantirish masalasiga eʼtibor qaratib, Oʻzbekistonning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar.

“Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak. Shu maqsadda, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida „Oʻzbekiston tarixi“ kanalini tashkil etib, ilmiy jamoatchilik, ijodkor ziyolilarimiz bilan birgalikda, uning dasturlarini puxta shakllantirish zarur”, — dedi yurtboshimiz.

Darhaqiqat, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi PQ-3160-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida maʼnaviyat va maʼrifat sohasida, oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy oʻzlikni anglash ruhida voyaga yetkazish, ularning ongu shuuriga vatanparvarlik ruhini singdirish, yoshlarning mafkuraviy tahdidlarga qarshi maʼnaviy immunitetini mustahkamlash borasida mamlakatimizdagi bir qator davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro yaqindan hamkorlik aloqalarini oʻrnatmoqda.

Jumladan, Konrad Adenauer nomidagi xalqaro xayriya jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha Oʻzbekistondagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan tuzilgan Memorandumga muvofiq,2019 yilda oʻzaro hamkorlik doirasida koʻplab yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Shunday loyihalar doirasida bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Konrad Adenauer nomidagi xalqaro xayriya jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali yaratilishi boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Konrad Adenauer nomidagi xalqaro xayriya jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi vakillari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari, OʻzMTRK tarkibida ochilayotgan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali muharrir va rejissyorlari hamda texnik mutaxassislari ishtirok etadi.

Germaniya Federativ Respublikasining mahalliy telekompaniyalar Assotsiatsiyasi Prezidenti, “Firmenvideos – online.de” sayti asoschisi va rahbari, ekspert Rene Falkner “Oʻzbekiston tarixi” telekanali yaratilishi boʻyicha oʻzining oʻz tajribalari asosida bir nechta qimmatli taklif va tavsiyalarini bildirib, telekanal faoliyati yoʻlga qoʻyilgunga qadar oʻzbekistonlik mutaxassislarga turli seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etib oʻzining amaliy yordamini ayamasligini aytib oʻtdi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Matbuot xizmati

26.02.2019