Ijtimoiy tarmoqlar:
8-mart - Xalqaro Xotin-qizlar kuni!
Halima XUDOYBЕRDIYEVA,
Oʻzbekiston xalq shoiri
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
MUQADDAS AYOL
Oshiqlaring poyingga gul otib ham boʻldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham boʻldi,
Va bu hakda kimlargadir sotib ham boʻldi,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
 
“Avval: “Kel-ey, quchogʻimga toʻl, balq”, dedilar,
Unamading, ayol oʻzi ters “xalq”, dedilar.
Icholmagach yuz oʻgirib shoʻr, talx, dedilar,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
 
Sen daryosan, oʻpganini qirgʻoq yashirar,
Juftim boʻl, — deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim, — deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
 
Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen,
Rostu yolgʻon ertaklarning borar yeri Sen,
Asov otday erkaklarning borar yeri Sen,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
 
Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davraga bir sarin yel, bir tor kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
 
Qimtinasan, astagina koʻtarasan bosh,
Ming yillikdir koʻzingdagi jovdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
 
Harir, xushboʻy badaningda toshlar izi bor,
Koʻkragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!

 

07.03.2019