Ijtimoiy tarmoqlar:
“Yashil tashabbus” aksiyasiga munosib hissa qo'shaylik!

Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida yasharish va yangilanish ayyomi — Navroʻzi olamni munosib kutib olish va nishonlashga qizgʻin taraddud koʻrilmoqda. Xususan, Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yashil tashabbus” aksiyasiga munosib hissa qo'shish uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ham bugun ko'kalamzorlashtirish ishlarini boshlab yubordi. 

Milliy qadriyatlarimizga xos oʻzaro mehr-oqibat va saxovatni yanada kuchaytirish, ijtimoiy hamkorlik, begʻaraz yordam va muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar hududlarini, aholi turar-joylarini obodonlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, eng asosiysi, Navroʻz shodiyonalarini munosib kutib olish hamda nishonlashdek ezgu maqsadlarni mujassam etgan bugungi hashar Markaz jamoasini yanada jipslashtirdi.

Hashardan keyin Markaz hovlisida tayyorlangan osh toʻkin dasturxonga tortilib, bayram dasturi namoyish etiladi.

Fursatdan foydalanib, Siz va yaqinlaringizni kirib kelayotgan Navroʻz ayyomi bilan chin dildan samimiy tabriklaymiz! Oilangizga tinchlik, totuvlik, qut-baraka tilaymiz. Sizga yangi muvaffaqiyatlar, omad tilaymiz!

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Matbuot xizmati

 

16.03.2019