Ijtimoiy tarmoqlar:
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Olimlar klubi” Sirdaryoda

“QUCHOQ OCHIB, XALQ ICHIGA BORAYLIK!”

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida  hududdagi yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyat va maʼrifat, sport sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishar ekan, “ maʼnaviyatimiz, gʻurur-iftixorimiz birinchi oʻringa chiqadigan vaqt keldi. Farzandlarimizni ana shunday yetuk avlod qilib tarbiyalash uchun barchamiz masʼulmiz. Biz buning uchun mablagʻ va vaqtni ayamaymiz, bor imkoniyatimizni ishga solamiz” , deb alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Prezidentimizning mazkur yoʻnalishdagi tashabbuslarini tez va sifatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 18 mart kuni Sirdaryo viloyatida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Olimlar klubi” ning mahallalar, korxona-tashkilotlar va taʼlim muassasalarida turli uchrashuvlari, ochiq muloqot hamda davra suhbatlari tashkil etildi.

Joriy yilning 16 fevral kuni “Olimlar klubi” ning 25 nafar professor olimlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan “Quchoq ochib, xalq ichiga boraylik”, degan shior ostida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani aholisi, yoshlari bilan bevosita muloqotlar oʻtkazishgan edi. Ana shu amaliy tashabbusning uzviy davomi sifatida “Olimlar klubi” aʼzolari bugun quchoq ochib, xalq ichiga borishdi, aholi bilan oʻtkazilgan turli uchrashuvlar, ochiq muloqot hamda davra suhbatlarida ishtirok etishdi.

Men ham professor, akademik boʻlaman...

Poytaxtning peshqadam professor-olimlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining avtobusida Guliston davlat universiteti hududiga kirib borishdi. Universitet jamoasi va talabalari toʻla muhtasham zal olimlarni gulduros qarsaklar bilan kutib oldi.

Ana shunday koʻtarinki kayfiyat bilan boshlangan uchrashuvni universitetning ilmiy ishlar boʻyicha prorektori Amaliddin Sulaymonov ochib berdi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, professor M.Quronov Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi konseptual fikr va gʻoyalar, belgilab berilgan maqsad va vazifalar, oʻrtaga qoʻyilgan dolzarb muammolar, ularning mohiyati va ahamiyatini atroflicha tushuntirib berdi. Qolaversa, bugungi kunda xalq ichiga kirib borish nafaqat hokimlik, idoralarning, balki ilm ahli, olimlarning vijdoniy burchi ekanligini uqtirdi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Olimlar klubi” ning maqsad-vazifalarini oydin qilib ochib berdi. Klubning “Quchoq ochib, xalq ichiga boraylik!” shiorining oliyjanob maqsadi haqida gapirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini oʻrganish va keng jamoatchilik oʻrtasida targʻib etishga bagʻishlangan ilmiy-ommabop qoʻllanma taqdimoti boʻlib oʻtdi. Qoʻllanmada asosiy eʼtibor Murojaatnomada alohida taʼkidlangan ustuvor yoʻnalishlar mantiqiy ketma-ketlik va izchillikda yoritilib, ularni keng jamoatchilik, xususan, talaba-yoshlar oʻrtasida targʻib etishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetidan yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Najmiddin Qodirov, kimyo fanlari doktori, professor Tuygʻun Boboyev, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Begmatjon Maxsudovlar soʻz olishdi. Ayniqsa, Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudovning: “1962 yildan buyon bu dargohda faoliyat yuritaman, ammo poytaxtdan buncha koʻp olimlarning bir yoʻla tashrif buyurishini birinchi bor koʻrishim”, - degan fikrlari barchani toʻlqinlantirib yubordi.

Uchrashuv joʻshqin, qizgʻin kayfiyatda davom etdi. Amaliy taklif va tashabbuslar oʻrtaga tashlandi. Har ikkala nufuzli universitet olimlari ilmga chanqoq talaba-yoshlarga ham nazariy ham amaliy koʻmak berishda hamkorlik qoʻllarini uzatdilar. Oʻsha zahoti oliy taʼlim muassasasi masʼullari amaliy ishlar rejalarini belgilashga kirishishdi. Bunday amaliy hamkorlik kelishuvlari yigʻilganlarni dildan quvontirdi.

Ayniqsa, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, professor M.Quronovning kutilmagan ajoyib taklifi barchani hayratga soldi. U: “Oʻzining talabalik guvohnomasini shu yerdagi olimlarning professorlik guvohnomasiga almashishni xohlaydigan talabalar bormi?”, dedi. Va zal gulduros qarsaklarga toʻldi. Buni qarangki, universitetning ikki nafar dovyuragi qoʻl koʻtarib, maydonga chiqishdi. Ularga soʻz berildi. Biri, bugungi uchrashuv oʻzining hayotida juda katta ahamiyat kasb etishini, ilm yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan professor olimlarga chin dildan havas qilishini aytgan boʻlsa, ikkinchi talaba zoʻr shijoat bilan, talabalik guvohnomasini professorlik guvohnomasiga almashishning iloji yoʻqligi, biroq, kun kelib oʻzining ilmga boʻlgan mehri sabab astoydil oʻqib-oʻrganib, professorlik guvohnomasiga ega boʻlajagiga ishonishini aytdi. Yigʻilganlar hayratini, olimlar gʻayratini yashira olishmadi. Ikki nafar yetuk olim kelgusida shu ikki nafar talabaga ilmiy rahbar boʻlishga, ilm choʻqqilarini zabt etishda oʻzlarining beminnat yordamlarini ayamasligini aytib oʻtishdi. Ustoz-shogirdlikka qoʻl berishdi.

Inson oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar ikki guruhga boʻlinib Mirzaobod hamda Guliston tumanlariga yoʻl olishdi. Har ikkala tumanda joylashgan maktablarda tashkil etilgan uchrashuvlarda mahalla faollari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi vakillari hamda yoshlar ishtirok etishdi.

Ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida bildirilgan fikrlar mazmuni tushuntirildi. 2019 yilda taʼlim sohasida, “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturi doirasida hududlarda amalga oshiriladigan ishlar, ayniqsa, har bir xonadonga kirib borishning yoʻlga qoʻyilayotgani xalq baxtiga xizmat qilayotgani misollar bilan taʼkidlandi.

Olimlar mahallalardagi maktablarga keng miqyosli hamkorlik takliflarini bildirib, oliy va oʻrta taʼlimni bir-biriga bogʻlash, nufuzli universitetlarda tashkil etilgan toʻgaraklar filiallarini Sirdaryo viloyatidagi maktablarda ochish tashabbusini koʻtarishdi. Tuman taʼlim mutasaddilari va ota-onalar buni minnatdorlik bilan qabul qilib, hamkorlikning amaliy ishlarini boshlab yuborishdi. Shuningdek, mazkur taʼlim muassasalariga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan yuzlab kitoblar sovgʻa qilindi.

Tashrifning eng qimmatli jihati shu boʻldiki, tumandagi taʼlim muassasalari bilan bir qator oʻzaro amaliy kelishuvlarga hamkorlik qoʻllari uzatildi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining “Olimlar klubi” doimiy harakatda. Yil davomida respublikamizning boshqa viloyatlariga ham chiqib, jonli, maʼrifiy muloqotlar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Zero, xalq ichiga borishdan koʻzlangan oliyjanob maqsad – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmning baxt-saodat kaliti ekanligini aholi, ayniqsa yoshlarga tushuntirish, iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashish, “Ustoz-shogird” rishtalarini bogʻlash. Ularni katta ilm-fan yoʻllariga boshlashdan iborat.

Zebo Nurmonova

19.03.2019