Ijtimoiy tarmoqlar:
Telekanal maʼnaviyati

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan telekanallar orqali namoyish qilinayotgan turk seriallarining mazmun-mohiyati, gʻoyaviy yoʻnalishi yuzasidan tahliliy-tanqidiy munosabatlar, bu masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar OAV (“Oʻzbekiston 24”, “UzA”, “Kun.uz”, “Zo'r-tv” va “Sevimli-tv”, “Mening yurtim” telekanallari )da, ayniqsa, keyingi ikki oy mobaynida keng yoritilib, yangi voqelik sifatida eʼtirof etib kelinmoqda.

Markaz tomonidan maʼnaviyat va maʼrifat ustuvorligi borasida koʻplab chora-tadbirlar belgilangan. Markazning nafaqat seriallar, shu bilan bir qatorda, qoʻshiq va ularga ishlangan kliplar, koʻrsatuvlardagi kiyinish va nutq madaniyatiga rioya qilinishi, oʻzbek kinolaridagi milliy maʼnaviyatimizga zid sifatlar, iboralar borasidagi faoliyat, soʻz ustalari bilan davra suhbatlari hamda bevosita Markaz tashabbusi bilan Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Nodavlat telekanallarida oʻzbek milliy qadriyatlariga mutanosib boʻlgan gʻoyaviy-badiiy jihatdan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning maʼnaviy-estetik didini oshirishga qaratilgan media-kontent tayyorlashning muhim omillari” mavzusidagi davra suhbatlari oʻtkazishni yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda jamoatchilikning fikrlari mazkur tashabbuslar naqadar muhimligini tasdiqlayotgani bizni mamnun qilmoqda.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining mazkur tashabbusi nodavlat telekanallar ijodiy xodimlari tomonidan ham qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.Shu bois “Zor-tv” va “Sevimli-tv”, “Mening yurtim” telekanallari xodimlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlarida bir qator masalalar muhokama qilindi. Bu jarayonga Markaz boʻlim boshliqlari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari jalb etildi. Tan olib aytish kerakki, seriallar, reklamalar va ayrim koʻrsatuvlar borasida Markaz tomonidan joriy yil davomida tayyorlangan 11 ta xulosa vazirlik va idoralar qoshidagi Ekspert kengashlari va Badiiy kengashlarga taqdim etildi. Ular asosida vakolatli idoralar tomonidan taqdimnomalar kiritilmoqda.

Mazkur davra suhbatlarida soha mutaxassislari nodavlat telekanallar maʼnaviyati haqidagi asosli fikr-mulohazalar yigʻilganlarda katta taassurot uygʻotmoqda. Bahs-munozaralarga boy uchrashuvlarda telekanallar masʼullarining seriallar namoyishini yoqlab bergan savollariga yetuk maʼrifatparvar ziyolilar tomonidan asosli javoblar berildi. Masalan, telekanal masʼullaridan birining “Shu paytga qadar yurtimizda jinoyat va boshqa muammolar yoʻq edimi? Oʻsha muammolar turk seriallari namoyishidan keyin paydo boʻldimi?”, degan savoliga psixologiya fanlari nomzodi F.Akramova: “Ayrim seriallar yoshlarimizning ong ostiga juda katta taʼsir oʻtkazmoqda. Oilaviy ajrimlar boʻyicha komissiyada ham faoliyat olib boraman, ajrashmoqchi boʻlayotgan yosh oilalarning koʻpchiligida keltirib oʻtilgan sabablar turk seriallarining syujetiga oʻxshab qolyapti...”, deya juda koʻplab misollarni keltirib oʻtdi. Seriallar va koʻrsatuvlariga koʻr-koʻrona taqlid qilish kabi holatlar chuqur tahlil qilindi. Oʻzaro fikr almashish asnosida koʻplab muammolarga yechim topildi. Oʻylaymizki, nutq va kiyinish madaniyati bilan bogʻliq muammolar atroflicha tahlil qilinishi kelgusida boshlovchilar va jurnalistlarni har jihatdan yuksalishga yoʻnaltiradi.

Markaz televideniye bilan hamkorlikdagi faoliyatini mazkur yoʻnalishda davom ettirayotganligining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, cheklov qoʻyish, taqiqlash bilan ish bitmaydi. Avvalo, shu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan muharrirlar, telekanal rahbarlari va ijodkorlarining dunyoqarashini, maʼnaviy tafakkurini oʻzgartirish maqsadga muvofiq. Negaki, “yoshlarbop”, “zamonaviy” degan tushunchalarga bir tomonlama yondashuv paydo boʻlgan. Aynan“yoshlarbop”, “zamonaviy” deya tayyorlanayotgan qoʻshiqlar, chet el seriallari, shou koʻrsatuvlarni kuzatar ekansiz gʻarbona hayotga koʻr-koʻrona taqlid, maslagi ezgulik boʻlgan adabiyot va sanʼatning gʻoyaviy-badiiy jihatdan aks taʼsir koʻrsatuvchi, maʼnaviy-estetik didni barbod qilishga qaratilgan media-kontentlar taqdim etilayotganiga guvoh boʻlasiz.

Bu yoʻnalishdagi ishlar nodavlat telekanallari ishiga aralashish, faoliyatiga toʻsqinlik qilish niyatidan yiroq holda, samimiy ruhda, gʻoyaviy-badiiy jihatdan uslubiy koʻmaklashish maqsadida tashkil etilishini telekanal badiiy-ijodiy jamoalari eʼtirof etishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shunga koʻra, ayni kunlarda aprel oyining oxirlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Nodavlat telekanallarida oʻzbek milliy qadriyatlariga mutanosib boʻlgan gʻoyaviy-badiiy jihatdan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning maʼnaviy-estetik didini oshirishga qaratilgan media-kontent tayyorlashning muhim omillari” mavzusidagi Respublika Forumini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Gʻoyaviy va informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda mentalitetimizga mos boʻlgan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, yoshlarimizni turli yot gʻoyaviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish, vatanparvarlik va Ona vatanga sadoqat vazifalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini koʻzda tutgan holda namoyish etilayotgan seriallar va boshqa media-kontentlar borasida xulosalar tayyorlanib, muntazam ravishda taqdim etib borilmoqda.

R.Rajabov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi

19.03.2019