Ijtimoiy tarmoqlar:
1-son umumtaʼlim maktabida “Navroʻz” shodiyonalari. Qumqo'rgon

Surxondaryo viloyat Qumqoʻrgʻon tumanida Navroʻz bayrami munosabati bilan tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 1-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda oʻzbekona urf-odatlar, sport oʻyinlari namoyish etilib, milliy taomlar koʻrgazmasi, milliy qadriyat va urf-odatlarimizga hamohang oʻtkazish uchun qoʻrgʻonlar barpo etilib, oʻtovlar oʻrnatildi. Maktab hovlisida qoʻrgʻon oʻrnatilib unda oʻtmish va bugunni aks ettiruvchi turli osori-atiqalar va vohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalari bilan bezatildi. Xalq amaliy, tasviriy sanʼati namunalari hamda kitoblar koʻrgazmalari tashkil etildi.

Tadbirda Xalq taʼlim boʻlimi xodimlari, mahalla xayriya jamoat fondi xodimlari, maʼnaviyat, madaniyat, sanʼat fidoyilari ishtirok etdi.

– Bayramga tayyorgarlik koʻrishda har bir sinf, har bir qishloq va mahallaga xos urf-odat va anʼanalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Qumqoʻrgʻon tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 1-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori N.Mustafoqulova.

– Sayl dasturlariga xalq oʻyinlari, folklor sanʼatining eng noyob namunalari, yoshlar qalbidan chuqur joy olgan qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuygʻular tarannum etilgan kuy-qoʻshiqlar, oʻlan, lapar va doston kabilar kiritilgani mahallalarda boshlangan shodiyonaning yanada jozibali oʻtishiga xizmat qilayotganligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan “Eng ilgʻor sinf” nominatsiyasi boʻyicha 10 “A” sinf oʻquvchilari mutloq gʻolib deb topilishdi. Tadbir soʻngida Qumqoʻrgʻon tuman Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlinmasi rahbari Sh.Mamadiyev tomonidan tadbirda faol qatnashgan, boshqalarga oʻrnak boʻlgan oʻquvchilarga maxsus diplom va kitoblar sovgʻa qilindi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, jonajon Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, millatlararo totuvlik, oilalarimiz baxtu saodati, yosh avlod tarbiyasi va kelajagi, doʻstlik va insoniylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tantanasi keng namoyon boʻldi. Tinch va osoyishta yurtga, farovon turmushga shukronalik, ertangi kunga ishonch tuygʻusi mustahkam elga bayramlar yarashadi. Tuman ahli bayram arafasida hasharlar tashkil etib, keng koʻlamli obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda.

Yangi bogʻ-rogʻlar, gulzorlar barpo etilayotir. Bayramga topshiriladigan korxona va xizmat koʻrsatish binolari, koʻp qavatli va yangilangan loyihalar asosidagi namunaviy uy-joylar, boshqa ijtimoiy inshootlar atrofida bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Qumqoʻrgʻon tumanida xalq sayllari oʻtkaziladigan asosiy maydonlari, dam olish maskanlari tartibga keltirilib, aholi uchun zarur sharoitlar yaratilayotir.

Qumqoʻrgʻon tumanida mahallalarida xalq sayli sifatida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.

Sh.Mamadiyev,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Qumqoʻrgʻon tuman boʻlinmasi rahbari

19.03.2019