Ijtimoiy tarmoqlar:
#Maktabimgakitobhadyaqilaman. Ma'naviy-ma'rifiy aksiya

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning joriy yilning 19-mart kuni “Yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalari”ga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator amaliy tadbirlar belgilanmoqda.

Xususan, joriy yilning aprel oyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda uning hududiy boʻlim va boʻlinmalarida faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va xodimlar ishtirokida “Maktabimga kitob hadya qilaman” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy aksiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Bugunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrif davomidagi Sirdaryo viloyatida uzluksiz maʼnaviy tarbiya tizimini tashkil etish hamda kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalariga asosan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo viloyat boʻlimi tomonidan “Men oʻqigan maktabimga kitob sovgʻa qilaman” shiori ostida tizimdagi rahbar xodimlarning o'zlari tahsil olgan taʼlim muassasalariga kitoblar sovgʻa qilish tadbirlari tashkil etildi. 

Tadbirlar doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mirzaobod tumani hamda Shirin shahar boʻlinmasi rahbarlari oʻzlari tahsil olgan maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini topshirib, “Oʻzimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman!” deb nomlangan maʼnaviyat darslarini oʻtishdi.

Aksiya doirasida, avvalambor, Markaz tizimidagi barcha xodimlar oʻz maktablariga kitob sovgʻa qiladilar. Shu bilan birga Hududiy Maʼnaviyat kengashlari boʻlgan viloyat hokimlari rahbarligida ushbu tashabbus butun viloyat va tuman rahbarlari tomonidan davom ettirilishi rejalashtirilmoqda. 

Xalqimizga maʼnaviyat va maʼrifat ulashishning amaliy ifodasi boʻlgan mazkur aksiyalardan reportajlarni Markazning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida kuzatib borishingiz mumkin.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Matbuot xizmati

26.03.2019