Ijtimoiy tarmoqlar:
MA’NAVIY-MA’RIFIY YUKSALISHNING DADIL QADAMLARI
       Bugun O‘zbekiston taraqqiyotning yangi, zamonaviy bosqichida. Jahonning eng ilg‘or mamalakatlari safidan barqaror o‘rin egallash, tinch va farovon kelajak poydevorini mustahkamlash maqsadida mamlakatning har bir sohasida jadal islohotlar kechmoqda, o‘zgarish, yangilanish, yuksalishlar davom etmoqda. O‘z navbatida, jamiyat hayotini yanada yaxshilash, har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash, inson kapitalini ta’minlashga qaratilgan bu kabi qizg‘in va jo‘shqin jarayonlarni keng aholi qatlamiga yetkazish, singdirish, yurtga daxldor har bir fuqaroning ijtimoiy faolligini oshirish, siyosiy-huquqiy ongini o‘stirish, ma’naviy-ma’rifiy tafakkurini yuksaltirish, bir so‘z bilan aytganda, “xalqni xalq, millatni millat qilib tarbiyalash”ga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, kengaytirishga tabiiy ehtiyoj tug‘ilmoqda. Zero, tarixda ham  taraqqiyotning ana shunday keskin burilish jarayonlarida millatsevar, vatanparvar, ma’rifatli siymolar sahnaga chiqib, millatni qo‘llab-quvvatlashga, dunyoqarashini o‘stirishga harakat qilganlar. Jumladan, XX asr boshlaridagi milliy uyg‘onish davrida ham yangi usul tarafdorlari – jadid ma’rifatparvarlari o‘zlarining milliy manfaatlarni himoya qilishga, axloqiy-tarbiyaviy g‘oyalarni, ilmu diyonatni targ‘ib etishga qaratilgan faol ijtimoiy harakatlari (yangi usuldagi maktablar, publitsistik chiqishlar, pedagogik, badiiy ijodiy faoliyat) bilan jamiyatni ijtimoiy-ma’naviy uyg‘otishga, hayotni har jihatdan yaxshilashga, yurt istiqlolini saqlab qolishga uringanlar.
       Hozirgi globallashgan jarayon, jamiyatning barcha soha va qatlamlariga shiddat bilan kirib borayotgan axborot-almashinuvning zamonaviy tezkor texnologiyalari ta’siridagi g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlar olidini olish, ogohlik va hushyorlikni saqlab qolish uchun ham ma’rifatparvar targ‘ibotchilar – millatsevar, vatanparvarlarga bo‘lgan talab oshmoqda. Ushbu zaruratlar taqozosi bilan hukumat ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohani riojlantirish, takomillashtirishga qaratilgan bir qancha qonun va qarorlar qabul qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli farmoni, 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-sonli, 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3898-sonli, 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3907-sonli qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 avgustdagi “Ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi 736-sonli qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlis Parlamentiga Murojaatnomasida ko‘tarilgan dolzarb masalalar, Prezident rahbarligida 2019 yil 19 martda o‘tkazilgan “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan rivojlantirish yo‘nalishlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 apreldagi “O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” F-5465-sonli farmoyishi va O‘zbekiston tarixini, buyuk allomalar merosini o‘rganish yuzasidan qabul qilingan boshqa bir qancha qarorlar, belilangan chora-tadbirlar shular jumlasidandir.
       Mazkur huquqiy asoslarga tayangan holda, ijtimoiy zaruratni hisobga olib, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-sonli qarorning 2-bandiga muvofiq “mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish, bu borada keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish”, 2019 yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-43-07-sonli qaror 9-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini samarali olib borish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshida o‘z huquqiy asoslariga ega bo‘lgan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati nodavlat notijorat tashkiloti shakllantirildi.
        Mazkur Jamiyat  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan, shuningdek, milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi qarorlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ko‘rsatmalari, buyruqlari asosida fuqarolar ma’naviy olamini shakllantirishga xizmat qiladigan, ayni paytda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini muntazam ravishda olib boradi.
       “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi muassisligidagi nodavlat notijorat tashkilot sanalib, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida amalga oshirishi belgilangan. Bugungi kunda uning hududiy bo‘limlari, sohaning yetuk mutaxassislari, madaniyat va san’at arboblari, ijodkor ziyolilardan iborat targ‘ibotchilar guruhlari shakllantirildi. Targ‘ibotchilarni moliyaviy va ma’naviy rag‘batlantirib borish, jumladan, ularning ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlaridagi ma’ruzalariga haq to‘lash hamda “Ma’rifat ziyolilari” ko‘rik tanlovi, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoniga tavsiya etish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
      “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining asosiy maqsadi – milliy ma’naviyatimizning ma’no-mohiyati, ildizlari, noyob va betakror namunalari, uning bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan izchil, ta’sirli va zamonaviy usul va vositalardan foydalangan holda targ‘ibot ishlarini olib borish; keng aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida vatanga muhabbat va sadoqat, fidoiylik, eng muhimi ularda daxldorlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarimizning hozirgi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarni o‘tkazish;  aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday ichki va tashqi tahdidlarga qarshi qaratilgan tizimli va zamonaviy tashviqot ishlarini olib borishdan iborat bo‘lib, ushbu maqsaddan kelib chiqib Jamiyat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish; dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlari, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish; jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish; milliy g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari o‘rtasida keng targ‘ib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini kuchaytirish; targ‘ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish; yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish; ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g‘urur, komil inson tarbiyasi bilan bog‘liq tuyg‘u va tushunchalarni yosh avlod qalbi va ongiga ta’sirchan vositalar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, targ‘ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi asosida tashkil etish; televideniye, radio, matbuot imkoniyatlaridan to‘la foydalanib, turli mavzu va ko‘rinishdagi ijtimoiy reklamalar tayyorlash, zamonamiz qahramonlari – yetakchi, ilg‘or fikrli, barchaga o‘rnak bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyati bilan ommani tanishtirish, ularning turli ijobiy tashabbuslarini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan illatlarni, ularning turli muammolarini dadil ko‘tarib chiqish kabi muhim vazifalarni o‘z faoliyatining tegishli chora-tadbirlar Dasturlari orqali amalga oshiradi.
         Jamiyat ushbu maqsad va vazifalarni amalga oshirishda keng aholi qatlamiga kirib borib, ular bilan faol muloqotlarni yo‘lga qo‘yish,  axborot piramidasini shakllantirishni asosiy e’tiborda tutadi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-ma’rifiy tushunchalar, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni xalqchil, oddiy va ravon tilda, sodda va ta’sirchan usullarda targ‘ib etadi. Zamonaviy innovatsion yondashuvlar, interfaol metodlardan foydalanib, targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligiga erishishni nazarda tutadi.
        “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati mamlakat bo‘ylab nafaqat targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish, balki keng aholi bilan yaqin muloqot olib borib, ularni qiynayotgan dolzarb muammolar bilan o‘rtoqlashish, ularga yechim izlash, bu borada tegishli tashkilotlarni xabardor qilish orqali, muammolarni baratraf etish, oldini olishga ham ko‘maklashishni, xalq hayotini har jihatdan yaxshilashga hissa qo‘shishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bularning barchasi jamiyat taraqqiyotini yuksaltirish, ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikka erishishga munosib zamin yaratadi, aholining ertangi kunga ishonchini oshirib, vatanparvarlik tuyg‘ularini, mas’ullik va daxldorlik hissini rivojlantirishga samarali hissa qo‘shadi.  
Alisher Qodirov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari
01.06.2019