Ijtimoiy tarmoqlar:
Ma’rifatli kelajak

Bugun respublikamizda barkamol shaxs tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining bugungi kundagi pirovard maqsadlaridan biri bolalar va yoshlar tarbiyasi shakllanishiga alohida ahamiyat berishdir. Shu munosabat bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun “Ma’rifatli kelajak” shiori ostida kitobxonlik aksiyalari o‘tkazilib, kitoblar jamlanmasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Jumladan, Markaz xodimlari Toshkent shahridagi bir qancha maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lishdi. Ular tarbiyalanuvchilar uchun bir-biridan qiziqarli hikoyalar o‘qib berishdi, bolajonlarga qanday mazmundagi ertaklar yoqishi to‘g‘risida suhbatlashishdi. Bayram munosabati bilan Markaz tomonidan “Ma’rifatli kelajak” shiori ostida kitobxonlik aksiyalari o‘tkazilib, maktabgacha ta’lim muassasalariga 1000 dan ortiq turli yo‘nalishdagi ertak kitoblari taqdim etildi.

Darhaqiqat, bola ma’naviy tarbiyani ota-onasi bilan bir qatorda bog‘chada tarbiyachisi va yon atrofidagi o‘rtoqlari bajarayotgan xatti-harakatlariga, so‘zlariga, o‘zlarini tutishiga qarab andoza olib, o‘rganishini hamisha yodda tutishimiz lozim. Farzandlarimiz ma’naviyatini o‘stirish jarayonida ularning kitob mutolalasiga ham alohida ahamiyat qaratish lozim. Ayniqsa, oilada ota-onasi, maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchisidan turli bolalarga xos bo‘lgan ertaklarni eshitishi, bola ruhiyati va turmush tarzida insoniylik, atrofdagi turli vaziyatlarga xolisona baho berish, qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lish, ota-ona va kattalarni hurmat qilish, yomonlikka, yovuzlikka qarshi kurashish kabi fazilatlarni shakllantirib boradi.

 

01.06.2019