Ijtimoiy tarmoqlar:
Abdulla Qodiriy ma’rifati davomchilari uchun dastlabki saboqlar boshlandi

    O'zbek xalqinining eng muhim va ulkan tarixiy yutuqlaridan biri, milliy taraqqiyotining asosiy poydevori butun insoniyatni komillikka chorlovchi, ma’rifatga yetaklovchi boy ma’naviy meros sohibi ekanligidadir. Uzoq o‘tmishdan buyon barkamol shaxs tarbiyasini ta’minlab kelayotgan milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analar, ma’naviy mezonlar; yuksak bilim va iqtidoriy salohiyatga ega mutafakkir allomalar, ma’rifatparvar siymolar; ular tomonidan yaratilgan ilmiy-ma’rifiy, badiiy-estetik manbalar ana shu bebaho merosning noyob javohirlaridir. Ulardan bahramandlik, ularga hamnafas, hamohanglik ular kabi buyuklikka, ulug‘vorlikka yetaklaydi, abadiyatga yuzlashtiradi. Shuni inobatga olgan holda, yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev buyuk allomalar, ma’rifatpesha adiblar, fan, madaniyat va san’at arboblari hayoti va ijodini, ilmiy-badiiy merosini chuqur o‘rganish va shu orqali yoshlarni vatanparvarlik, daxldorlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy iftixor va g‘ururni yuksaltirish zaruratini tez-tez ta’kidlaydilar, da’vat etadilar. Yurtimiz hududlarida ana shu ulug‘ siymolar nomi bilan ataluvchi, har tomonlama yetuk malakali mutaxassislarni, komil shaxslarni tayyorlashning dastlabki poydevorlari bo‘lgan muayyan fanlarga, sohalarga ixtisoslashtirilgan va badiiy, ilmiy ijodga yo‘naltirilgan davlat umumta’lim maktablari yuqoridagi fikr va tashabbuslar mahsuli sifatida bunyod bo‘lib bormoqda. O‘tgan yaqin kunlarda ochilgan Abdulla Qodiriy nomli ijod maktabi ana shunday qutlug‘ maskanlar jumlasidandir.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi “Buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy ijodining ulkan ahamiyatini inobatga olib, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, ajdodlarimizning ma’naviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish hamda yozuvchi tavalludining 125 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi 1027-f-son Farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning avgust oyidan Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

    Bugun Olmazor tumanidagi 119-maktabda (Abdulla Qodiriy nomidagi maktab qurilish ishlari yakuniga yetmagani sababli) mazkur ijodiy maktabning ilmga chanqoq, badiiy nafosatga oshufta o‘quvchi-yoshlari ilk o‘quv mashg‘ulotlarini boshlashdi. Ularning qalblari quvonchga to‘la, vujudini cheksiz hayajon qoplab olgan. Chunki bu yoshlar adabiyot va san’atga muhabbatli, a’lochi va faol, izlanuvchan va talabchan. Chunki ular mazkur maktabda o‘qish istagini bildirgan 480 nafardan ortiq talabgor tengdoshlari bilan bellashib, xolis va shaffoflik bilan o‘tgan yozma ijodiy ish, og‘zaki suhbat, test sinovi kabi uch bosqichli imtihonda o‘z bilim va zakovati, iqtidoriy salohiyati bilan g‘olib kelishdi. Chunki ular o‘zlarining beg‘ubor orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, ota-onasi, xalqiga munosib farzand bo‘lib ulg‘ayib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shish umidida shaxdam qadamlar bilan kirib kelgan Abdulla Qodiriy ijod maktabining O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muhtasham binosida tashkil etilgan ochilish marosimida uyushmaning taniqli a’zolari Shuhrat Rizaev, Nodir Jonuzoq, Xondamir Qodiriy kabi taniqli ijodkor, adabiyotshunoslar bilan, olimu fuzalolar bilan uchrashishdi, ularning tabriklariga, olqishlariga sazovor bo‘lishdi, adiblar qo‘lidan kitob atalmish eng bebaho sovg‘ani, yangi o‘quv-ijodiy faoliyatga yo‘llanmani qabul qilib olishdi.

    Ayni damlarda Toshkent shahrining Abdulla Qodiriy nomi bilan ataluvchi so‘lim bog‘ida ushbu iqtidorli o‘quvchilarning chuqur bilim olishlari, ijodiy iqtidorlarini rivojlantirishlari uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan maktab binosi, adabiyot muzeyi hamda kutubxona barpo etilmoqda. O‘zbek romanchiligining asoschisi, jadid adabiyotining yorqin namoyandasi, ma’rifatparvar alloma Abdulla Qodiriy siymosini abadiylashtirish, ijodiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida adib tavalludining 125 yilligi munosabati bilan qad ko‘tarayotgan mazkur majmua tez orada o‘zining ilk o‘quvchilarini bag‘riga oladi. Adabiyot va san’atga tashna, ilmga chanqoq yoshlar ushbu dargohda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan taniqli pedagoglardan, tilshunos, adabiyotshunos, san’atshunoslardan, shoiru yozuvchilardan chuqurlashtirilgan o‘quv fanlari bilan bir qatorda, badiiy ijod sirlari, notiqlik mahorati, teatr va rejissyorlik san’ati, mutolaa madaniyati kabi ko‘plab yo‘nalishlarda tahsil oladilar, iste’dodlarini tarbiyalaydilar.

    Ijod maktabining faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarning dastlabki davrdagi moslashuv jarayoni va qiyinchiliklarni yengil bosib o‘tishida ota-onalar jamoasi va kengashi barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga, amaliy ko‘maklashishga va’da berishdi. Farzandlarining mazkur maktabda a’lo baholarda o‘qib, oldilaridagi mas’uliyatni munosib ado etishi uchun hamjihatlik va hamkorlikda ish olib borishga kelishib olishdi. Umid qilamizki, bu jajji iste’dodlar zamonaviy O‘zbekistonning qadr-qimmatini yuksaltiradigan, milliy manfaatlarini himoya qiladigan, el-yurt xizmatiga kamarbasta, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida fidoyi, vatanparvar inson, yetuk mutaxassis bo‘lib ulg‘ayishadi, o‘zlariga bildirilgan qutlug‘ ishonchni oqlab, Ona vatanini jahoniy e’tiboru e’tiroflarga sazovor etishadi.

 

Feruza Azimova,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

bo‘lim boshlig‘i

09.09.2019