Ijtimoiy tarmoqlar:
MA’NAVIYAT – QUDRATLI KUCH

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida ayni mavzuda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimizning qaror va farmonlari ijrosi yuzasidan mutaxassislar, olimlar, ziyolilar va san’at vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish bo‘yicha targ‘ibot ishlari, “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasining faoliyati haqida fikrlar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy texnologiyalarga ega ta’lim muassasasida barcha vazirlik, idora, korxona va tashkilotlar tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlar va rahbar kadrlar malakasi oshirib kelinayotgani bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda Markazning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari xodimlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar uchun mas’ul xodimlari malakasini oshirish yuzasidan tizimli ishlar qilinmoqda.

“Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv muassasasida darslar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tilmoqda. Davlat dasturlarining ahamiyati, milliy ma’naviyatimiz qadimiy ildizlari, noyob va betakror namunalari, islom madaniyati, huquqiy savodxonlik, milliy g‘oyaning mohiyati kabi mavzularga e’tibor qaratilmoqda.

Yetuk siyosatchilar, ilm-fan, adabiyot va san’at sohasi vakillari, islomshunos, psixolog, huquqshunoslar, tibbiyot xodimlari, deputatlar, Prezident Administratsiyasi vakillari tomonidan o‘tilayotgan dars mashg‘ulotlarida tinglovchilarga amalga oshirilayotgan ishlar, ustuvor yo‘nalishlar, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati xususida ma’lumotlar berilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir” nomli kitobining mazmun-mohiyati, olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning holati va istiqboldagi strategik vazifalar, globallashuv sharoitida ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurashning samarali usullari, uch bosqichli ma’naviy tarbiya tizimining barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati, rahbar faoliyatida muloqotning samaradorligi kabi mavzular chuqur tahlillar asosida o‘qitib kelinmoqda.

Jarayonda o‘quv multimedia mahsulotlari, media-ilovalar, videofilmlar, turli ko‘rinish va shakllarga ega bo‘lgan taqdimot materiallari ishlab chiqildi. Uslubiy ta’minot, o‘quv texnologiyalari, test materiallari, ilmiy ishlanmalar va boshqa yo‘nalishlarga oid baza shakllantirilayotgani ham muhim ahamiyatga ega.

Tadbir “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi tinglovchilarining olimlar, ijodkorlar, ziyolilar bilan uchrashuvi barobarida, muassasaning jamiyat yangilanishi davridagi faoliyati sarhisobi ham bo‘ldi, deyish mumkin.

Ta’lim muassasasida malaka oshirgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

08.10.2019