Ijtimoiy tarmoqlar:
26-aprel Muhammad Yusuf tavallud topgan kun. Katta muhabbat bilan sevardi...

Muhammad Yusuf... Bu nomni 
"Matematika qo‘yni to‘la sir bo‘ladi.
Birni birga ko‘paytirsa bir bo‘ladi...",
deya she’r o‘qiyotgan beg‘ubor bolaning qiyofasida ko‘raman.

"Biz baxtli bo‘lamiz Xudo xohlasa, 
Xudo xohlamasa uchrasharmidik", 
deya dil rozini aytayotgan yigitning kulib turgan chehrasida ko‘raman. Yana... qizini kuyov uyiga kuzatayotgan otaning bezovta chehrasida his qilaman: “Eringga xiyonat qilma! Eringga xiyonat qilganing, Vatanga xiyonat qilganing”. Shoirning undovlari baland, chorlovlari yuksak. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning satrlarida samimiy, o‘zbekona qiyofa namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham uning she’rlari, qo‘shiqlari kirib bormagan xonadon yo‘q.

Yaxshi shoir bo‘lish avvalo uchun yaxshi shaxs bo‘lish kerak. Muhammad Yusuf qanday jufti halol, qanday ota, umuman, qanday inson edi? Shu savollar atrofida fikrlashish uchun Muhammad Yusufning umr yo‘ldoshi, shoira Nazira as-Salom bilan suhbatlashdik.

ISMINGNI HAM BILMAYMAN-U SЕVAMAN

Men Muhammad aka bilan tanishmasimdan ilgari u kishi to‘g‘risida hech eshitmagan ekanman. Ammo Muhammad aka menga e’tibor berib yurgan ekanlar.

70-yillarda men “O‘qituvchi” nashriyotida ishlardim. Butun quvonch, taskin, tasallini mehnatdan topib yurgan kunlarim edi. Biz dugonalarim bilan har kuni birinchi qavatga tushlik qilgani tushar edik. Kunlarning birida hamkasblarim bilan (har doimgidek egnimda oq kofta, qora yubka, sochlarimni maydalab o‘rib olgandim) oshxonaga ketayotsam, zina oldida turgan uch-to‘rt yigit orasidan biri yonimga kelib, mendan soat so‘radi. U qorachadan kelgan, ushoqqina, istarasi issiq, sochlari jingalak yigit edi. Unga soat necha bo‘lganini aytdim-da, yo‘limda davom etdim. O‘shanda Muhammad akani ilk bor ko‘rishim edi. Ammo unga ortiqcha e’tibor bermagandim. Keyin eshitishimcha, u meni ko‘rishi bilanoq ortiqcha surishtirmay turib o‘rtoqlariga: “Men, albatta, mana shu qizga uylanaman. Mening orzumdagi qiz xuddi shuning o‘zginasi”, degan ekan. Shundan so‘ng Muhammad akaning: “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” she’ridagi “Ismingni ham bilmayman-u sevaman” satrlari paydo bo‘lgan. Men hozir ham o‘sha bolalarimning otasini ilk bor ko‘rgan qadrdon binoda ishlayman. Shu binoni tashlab ketolmayman. Ikkovimizni tanishtirgan, taqdirimizni tutashtirgan maskan sifatida aziz menga bu joy... “Navoiy ko‘chasining o‘ttizinchi uyi” degan atama xotiram yo‘llarida chiroqday yonib turadi.

SIZ HAM SHE’R YOZASIZMI?!

Oradan uch-to‘rt oy o‘tgandan so‘ng Muhammad aka shu binoga — “Kitobsevarlar jamiyati”ga ishga joylashdi. U menga bir og‘iz ham gapirmas, lekin doim kuzatuvchan nigohlarini his qilardim. Bir kuni xonamda o‘tirsam, men bilan ishlaydigan Baxtiyor Muhammadiyev: “Muhammad ismli shoir yigitning senda ko‘ngli bor ekan“, deb qoldi. Buni u kishining xatti-harakatlaridan ancha-muncha sezgan bo‘lsam-da indamay qo‘ya qoldim. Kunlar o‘tdi. Muhammad aka o‘sha paytlari xiyla tortinchoq edilar, nazarimda. Menga hissiyotlaridan so‘z ochmasdilar. Bir kuni Yoshlar almanaxida ikkimizning she’rimiz suratlarimiz bilan bir sahifada chop etilibdi. O‘sha jurnalni Muhammad aka xonamga olib kirib: ”Nazira, she’ringiz chiqibdi“, — dedi. Men sahifadan joy olgan yana bir she’r ostidagi Muhammadjon Yusupov degan yozuvni o‘qib: ”Voy, siz ham she’r yozasizmi?" deb so‘radim. U kishi jilmayib qo‘ydilar. Keyinchalik o‘sha savolimni eslaganda har gal kulishardik.

O‘G‘LIM MЕN TANLAGAN QIZGA UYLANDI

O‘sha paytlar kuzda barcha tashkilotlar paxta terimiga yuborilar edi. Albatta, biz ham boradigan bo‘ldik. Yo‘lga tushayotganimizda “Kitobsevarlar jamiyati” ning haydovchisi yonimga kelib:
— Sizlar ketayotgan joyga mana bu amakining o‘g‘li ham ketgan ekan. Buvisi kasal bo‘lib qolibdi. O‘g‘illarini zudlik bilan olib ketishlari kerak ekan. Unga xat berib yuborsa, yetkazolasizmi? — deb so‘rab qoldi.
— Agar o‘g‘illari biz boradigan joyda bo‘lsa, mayli, olib borib beraman. Kim ekan u? — dedim.
— Muhammadjon degan yigit.
Boshdan oyog‘imgacha bir harorat yugurib o‘tgandek bo‘ldi.
O‘zimni bilmaganga olib, “U kim? Qaysi Muhammadjon?” deb so‘rab ham qo‘ydim.
Haydovchi esa menga Muhammad akani obdon tanishtirib, qo‘limga xatni berdi-da, ketdi. Meni esa Muhammad akaning otalari, bo‘lg‘usi qaynatam uzoq savolga tutib turdilar. Ular mendan ish joyim, tug‘ilgan yurtim, oilam va boshqa ko‘p narsalarni so‘rab oldilar. Shunday qilib, biz paxtaga jo‘nab ketdik.

Yetib borishim bilan xatni o‘z egasiga topshirmoqchi bo‘lib, Muhammad akani surishtirsam, otasi kelib ikki o‘g‘lini — Muhammad aka va qaynag‘amni allaqachon olib ketganini aytishdi. Hayron bo‘ldim...

Bu orada Muhammad akaning buvilari olamdan o‘tibdilar. Buvisining barcha ma’rakalarini o‘tkazib ishga qaytgan Muhammad aka yonimga keldilar:
— Buvimning ma’rakalari o‘tgandan so‘ng dadam menga uylanishim kerakligini va ishxonamda ishlaydigan bir qizni ko‘z ostiga olib ketganlarini aytdilar. Men ularga she’rlarim chiqqan jurnalni ko‘rsatdim. Dadam esa o‘sha sahifada sizning ham suratingizni ko‘rib: “Men senga mo‘ljallagan qiz mana shu bo‘ladi, o‘g‘lim!” — dedilar. Men sizga bo‘lgan munosabatim to‘g‘risida indamay qo‘ya qoldim: “Siz aytgan qizga uylanaman”, — dedim. U kishining: “O‘g‘lim men tanlagan qizga uylandi”, deb xursand bo‘lib yurishini xohlayman, — dedilar.

Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. Qaynatam rahmatli bir, umr men tanlagan kelin, deb faxrlanib yurdilar.

TANISH SOVCHILAR

Biz Muhammad aka bilan turmush qurishga qaror qildik. Uyimga qaynatam va Muhammad akaning Toshkentdagi ilk ustozi Nazir Safarov sovchi bo‘lib borishdi. Nazir ota Muhammad akadagi iste’dodni ko‘rib, uni Erkin Vohidovning oldiga olib borganlar. Erkin aka Muhammad akaning she’rlariga yuqori baho berganlar. Uch-to‘rt marta sovchilar uyimizga qatnashganidan so‘ng otam meni Muhammad akaga turmushga berishga rozilik bildirdilar va biz 1983 yilda turmush qurdik.

MЕNGA PAYG‘AMBARLAR BAXTINI ATO ETDINGIZ

Oilamizda birin-ketin ko‘zmunchoqdek qizaloqlarimiz dunyoga keldi. O‘sha paytda Muhammad akaning ko‘zidagi quvonchni ko‘rsangiz edi. Uchinchi farzandimiz ham qiz bo‘lganda men rosa xafa bo‘lib, yig‘ladim. Chunki o‘g‘il farzand kutgan edim-da. Buni bilgan Muhammad aka tug‘ruqxonaga xat kirgizib yuboribdilar. Unda shunday yozilgan ekan: “Alloh hatto payg‘ambarlarni ham qiz bilan siylagan. Siz menga payg‘ambarlar baxtini ato etdingiz. Ismini Iroda yoki Madina qo‘yamiz. Mana ko‘rasiz, qizim menga omad keltiradi”. Shunday qilib, kenja qizimizning ismini, dadasi xohlaganidek, Madina qo‘ydik. Xuddi o‘sha yili Muhammad akaning “Tanish teraklar” deb nomlangan ilk she’riy to‘plami nashrdan chiqdi. Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘imning ishlari yurishib, Darxon mahallasidan uy berildi, qator yutuqlarga erisha boshladilar. Shunday baxtli onlarda Muhammad aka menga “Qizim menga omad keltiradi”, degan gaplarini eslatardilar.

ULARDA KO‘ZLARINI KO‘RAMAN

Muhammad aka farzandlariga juda e’tiborli edi. Biror joyga borsa, ularni ham yetaklab olar, qizlari bilan o‘zini juda baxtiyor his qilardi. Men ham otasining yonida qizlarimni urishmaslikka harakat qilardim. Ayniqsa, kenjatoyimiz Madina dadasining yelkasidan tushmasdi. Uyimizda uning aytgani aytgan, degani degan edi.

Muhammad aka to‘ng‘ich qizimiz Ma’sudani uzatganimizdan keyin ancha payt uning uyimizda yo‘qligiga ko‘nikolmay yurdilar. O‘zini qo‘yarga joy topolmay, nimalarnidir bahona qilib, qizimiz uzatilgan uyga boraverar, qudalar ham hurmatini joyiga qo‘yib, kutib olishardi. Nabiramiz tug‘ilganida shunchalar quvongandilarki, ismini ham Bilol deb o‘zlari qo‘ygan edilar. Farzandlari ulg‘aygach, nabiralarini o‘ynatib charchamasdi. Ishdan charchab, toliqib kelsa bolalar bilan hordiq chiqarardi. Hozir esa farzandu nabiralarimga qarasam, nigohida Muhammad akani ko‘raman.

BAYRAMLI ONLARIMIZ

Muhammad aka bayramlarni oila davrasida kutib olishni yoqtirardilar. O‘zlari ovqat pishirib, salat tayyorlashni xush ko‘rardilar. Qizlarini xursand qilish payida ularga sovg‘alar berar, ba’zida qo‘shiq aytib, raqsga ham tushib ketardilar. Yoz oylarida bizni dala hovliga olib borib, o‘choqda ovqat tayyorlab berardilar. U kishi bu ishlarni astoydil, zavq bilan qilardilar. Yangi yil bayramida esa qizlari bilan archani birga yasatar, Qorbobo bo‘lib, ularga sovg‘a ulashardilar.

IG‘VOGAR AYOL KISHI BO‘LSA INDAMAYMAN, AGAR...

Xalqimiz “Mevali daraxtga tosh otiladi”, deya bilib aytgan. Muhammad aka haqida ham ayrim ig‘vo, g‘iybatlar tarqalgan paytlar bo‘lgan. U kishi atrofida bo‘layotgan mayda-chuyda gaplarga parvo qilmaganday ko‘rinsa-da, kezi kelganda, javob ham berib qo‘yardilar. Bir intervyuda shunday gapi bor: “Ig‘vogar ayol kishi bo‘lsa indamayman, agar erkak bo‘lsa, o‘zim bilaman”.

USTOZLIK MAQOMIDA KO‘RAMAN

Muhammad aka o‘zi ijod qilibgina qolmay, mening ham ijoddan to‘xtab qolmasligimni xohlardi. U kishi doim menga: “Shoir kunda yozishi kerak, shunda qalami charxlanadi. Siz ham yozishdan to‘xtamang”, derdilar. She’rlarimga xolis fikr bildirar edilar. Hatto, ikkimizning she’rlarimizdan iborat to‘plamni nashrga ham tayyorlab qo‘ygandik. Ammo u kishining vafotidan so‘ng men uni nashr ettirishni xohlamadim.

Muhammad aka nafaqat turmush o‘rtog‘im, balki ijodda ustozim ham edilar. Negaki, u kishidan ko‘p narsani o‘rgandim. She’rning xulosa qismini kuchaytirish kerakligi, ikki-uch so‘z o‘rnida bir so‘z ishlatish lozimligi haqidagi maslahatlari hozir ham qulog‘imda. Ammo ular har qancha undamasin, men o‘zimni ko‘proq oilaga bag‘ishladim. Bugun esa dardkashim qog‘oz va qalam bo‘lib qoldi.

XOTIRAGA AYLANGAN KO‘NGILSIZLIK

Biz bir-birimizga juda ishonar edik. Ammo Muhammad aka to‘y-tomoshalarga u kishisiz borishimni xohlamas edilar. Albatta, o‘zim ham ularning xohishidan tashqariga chiqmaganman. Ammo bir kuni Sirdaryo viloyatiga ijodiy safarga ketadigan bo‘lib qoldilar. Aynan o‘sha kuni bir dugonamning ham tug‘ilgan kuni edi. Men Muhammad akani safarga kuzatdim-da, o‘zim ulardan ruxsat ham so‘ramasdan dugonamnikiga ketdim. Biroz o‘tmasdan uyimdan kimdir qo‘ng‘iroq qildi. Bu — Muhammad aka edi. Hech nima demasdan uyga qaytdim. Hayotimda bu birinchi marta u kishidan ruxsatsiz uydan chiqishim va eng katta xatoyim edi. Muhammad aka oyoq kiyimini almashtirib ketish uchun birrovga uyga qaytgan ekanlar. Asabiylashib, Sirdaryoga ketmaydigan bo‘ldilar. Men esa eshitadiganimni eshitdim. Shundan keyin bu holni boshqa takrorlamadim. Hozir esa bu voqealarni ham sog‘inib eslayman. Xafa bo‘lsalar ham yonimda yursalar edi, deyman.

NOXUSH XABAR GIRDOBIDA

Inson hech qachon ertaga nima bo‘lishini bilolmas ekan.
Muhammad akamning Qoraqalpog‘istonda vafot etganidan barchaning xabari bor. O‘sha so‘nggi safariga ketishidan avval biz bolalar bilan qishloqqa — qaynanamnikiga borib kelishga ruxsat so‘radim. Zo‘rg‘a ko‘ndilar va bizni kuzatib qo‘ydilar. Ammo qaynanamnikiga kirar-kirmas, ortimizdan yetib bordilar. Ertasi kuniyoq Toshkentga olib ketaman, deb turib oldilar.

Qaynanam bizni juda sog‘inganlari uchun ketishimizga rozilik bermadilar, Muhammad akaning o‘jarligidan ranjib ham oldilar. Qizlarimiz buvisinikida qoladigan bo‘lishdi. Uyga er-xotin ikkimiz qaytadigan bo‘ldik. Aeroportga borsak, samolyot uchishi kechiktirilgan ekan. U kishi paytdan foydalanib, meni Andijondagi bir choyxonaga olib bordilar. Keyin shahar aylandik. Nihoyat, samolyotga o‘tirib, Toshkent tomon yo‘l oldik. U kishi yelkamga boshini qo‘yib o‘tirdilar. Bir payt qarasam, ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. So‘ng xuddi mendan rozi-rizolik so‘raganday: “Noz, meni kechir! Sen o‘zgacha hayotga loyiq eding”, dedilar ko‘zlaridagi yoshni sidirib. Men hayron bo‘ldim: “Dadasi, nega unday deysiz? Men sizdan biror marta nolidimmi?!” dedim. U kishi ko‘zlarini yana yumib oldilar. Hech nimaga tushuna olmadim, o‘sha kungi holat men uchun hanuz sir bo‘lib qoldi.

Samolyotdan tushganimizdan so‘ng men uyga, u kishi esa ishga ketdilar. Tezda uyga qaytib, Ellikqal’aga ko‘pchilik yozuvchi shoirlar bilan ketishyotganini aytdilar. Negadir kayfiyatlari yo‘q edi. Bu holdan xavotirga tushdim.
— Ko‘nglingiz chopmasa, bormang, — dedim.
U kishi unamadilar va safarga otlandilar. Ammo ketish oldidan qishloqqa qo‘ng‘iroq qilib, qizlarni tez olib kelishlarini tayinladilar. “3-4 kunda qaytasiz-ku, mayli enasi bilan maza qilib yurishsin”, — deb ko‘rdim. Baribir ko‘nmadilar. Qizlarimiz sal kechikib kelishdi. Qo‘shnilarimning aytishicha, u kishi kimnidir kutib, orqalariga qaray-qaray ketgan ekanlar.

Oradan ikki kun o‘tgach, uyimga: “Shoir og‘rib qoldi”, degan xabar keldi. Men zudlik bilan Toshkentdan boradigan shifokorlar bilan birga Qoraqalpog‘istonga — Muhammad aka yotgan kasalxonaga bordim. Xonaga kirsam, u kishi hushsiz yotardilar. Oradan uch kun o‘tdi hamki, Muhammad akaning ahvoli yaxshilanmadi, meni esa juda toliqdingiz, bu ahvolda yotib qolasiz, ozgina dam oling, deb kasalxonaga yaqin bir xonadonga jo‘natishdi. Ko‘zim ilinibdi., Shu orada tush ko‘rishga ham ulguribman: Yo‘l bo‘yida tuproq uyumi turganmish. Qo‘limga Muhammad akaning kiyimlarini avaylab ko‘tarib olganmishman, ammo Muhammad akaning o‘zlarini topolmay tinmay yig‘larmishman.

Shifoxonaga yugurdim. Muhammad akaning joni uzilgan ekan. Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Hushimdan ketib qancha yotganimni bilmayman. Hush-behush yotarkanman, ko‘z oldimga qaynanam keldilar: qanday aytaman?! Dunyo men uchun ostin-ustun bo‘lib ketgandek edi! Samolyot Toshkentga qo‘nganida ham, u yerdan Andijonga ketayotganimizda ham nimalar bo‘layotganini anglay olmadim. O‘sha onda bo‘layotgan voqealar tushim bo‘lib qolishini juda-juda xohladim. Hatto farzandlarimni ham o‘ylamabman. Marhamatga yetay deb qolganimizda bolalarim esimga tushdi. Ularni olib kelishlarini so‘radim. Muhammad akani tobutda olib chiqishlaridan sal oldin qizlarimiz kirib kelishdi...
Mana 13 yil bo‘libdiki, bir oyog‘imiz qishloqda.

U DOIM BIZ BILAN...

Muhammad akadan menga yodgor bo‘lib suyukli qizlari, har bir burchagi uni eslatadigan Darxon mahallasidagi to‘rt xonali mo‘jazgina, kamtarona, ammo men uchun qasrdan-da a’lo bo‘lgan uyimiz, kitoblari, qo‘lyozmalari, ushlagan qalamlari, kiyib yurgan kiyimlari ish stoli, eskigina mashinkasi, qo‘yingki, u kishiga tegishli bo‘lgan buyumlari qoldi.

Muhammad aka uyga har xil idishlar olib kelishni yoqtirardilar. Albatta, nimadir olib kelganlarida mendan maqtov kutardilar. Men esa ba’zida olib kelgan narsalari yoqmasa-da: “Voy, qayerdan oldingiz buni?! Qachondan beri shunaqasini qidirib yuruvdim, rahmat”, — derdim. U kishi bolalarcha quvonib: “Ha, biz topamiz-da!” derdilar. Hozir shunday voqealarni shirin orziqish bilan xotirlayman.

Muhammad aka vafotidan so‘ng shoir kirgan eshikdan kirish, u yurgan yo‘llardan yurish, u yashagan uyda yashash menga shu qadar og‘ir bo‘ldiki, xotiralardan qochib, farzandlarim bilan ota-onamnikiga ko‘chib o‘tdim. Yangi yilni ham o‘sha yerda kutib olishimizga to‘g‘ri keldi. Ammo bayram kechasida ham hech birimizning kayfiyatimiz bo‘lmadi. Qizlarim dadasini sog‘inayotganini ularning xatti-harakatidan his qilib turardim. Ertalab Madina xursand bo‘lib yonimga yugurib keldi va ko‘rgan tushini aytib berdi: “Men ertalabgacha dadam bilan gaplashib chiqdim. Ular bizni qidirib, bu yoqqa kelibdilar. Sizlarni bayram bilan tabriklagani uyga borsam, yo‘q ekansizlar”, dedilar. Amin bo‘ldimki, Muhammad aka har doim biz bilan birga ekan.

O‘sha paytlar hali u qo‘shnim, hali bu qo‘shnim tushlariga Muhammad aka kirib, qizlarini surishtirganini aytishar, bizdan tinimsiz xabar olishardi. Bir kuni mashhur san’atkorlardan biri uyimizga kelib, tilovat qildi-da, tushida Muhammad aka qizlaridan xabar olishini tayinlaganini aytib, hayratlandi. Shu-shk bizdan tez-tez xabar olib turadigan bo‘ldik. Bularning bari menga, farzandlarimga yupanch bo‘ldi. U kishidan so‘ng qizlarni uzatdim, nabiralik bo‘ldim. Prezidentimiz, hukumatimiz, shogirdlari ehtiromini hamisha his qilib yashayapmiz. Yaqinda shoir tavalludining 60 yilligini nishonlash to‘g‘risida Prezidentimizning Qarori chiqdi. Bundan juda quvondik. Qo‘ng‘iroqlar ustiga qo‘ng‘iroqlar. Qutlovlarning hali-hanuz keti uzilgani yo‘q.

Muhammad Yusuf O‘zbekistonni, xalqimizni juda sevardi. Muhabbati juda katta edi. Men shoirning tavallud bayrami ana shu muhabbat tantanasi bo‘ladi, deb o‘ylayman.
 

Gavhar SIDDIQOVA yozib oldi.

18.04.2018