Ijtimoiy tarmoqlar:
Kichiklar uchun yozuvchi katta ijodkor

Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Tarjimai holimdan lavhalar”ida shunday yozilgan: “Men 1932-yilning 17-dekabrida Farg‘ona viloyatidagi Katta Tagob qishlog‘ida tug‘ilgan ekanman. Otam To‘xtavoy 21 yoshida quloq qilingan bo‘lib, Tojikistonning Chorku degan joyida vafot qilgan. Ikki yildan so‘ng onam Sorabibi xolasi Ashirbibi o‘lib, besh bolasi yetim qolgani sababli, uning eri Usta Qodirga turmushga chiqqan (qarindoshlarning qarori shunday bo‘lgan) ekan.

Mening tarbiyam bobom Erkavoy, enam Robiyabibilarning ixtiyorida bo‘lgan. Ruhim, xulqi-axloqim va xarakterimda neki bo‘lsa, bog‘bon bobom, ertakchi enam tufayli shakllangan.

O‘smirlik davrlarim Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan. 1949-yili Qo‘qon pedagogika bilim yurtini, 1955-yili Toshkent davlat universitetini (ilgari SAGU deb atalgan) bitirganman.

1958-yili Toshkentga keldim. Avval “Toshkent oqshomi”, so‘ng hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida hammasi bo‘lib 14 yil ishladim.

14 yil davomida 300 dan ortiq feleton yozdim. Yo‘q, baribir, ulardan ko‘nglim to‘lmadi. Bostirib kelayotgan tankka qarshi rogatka (cho‘zma)ga kesak solib otganimiz bilan ta’sir qilmaganidek, jamiyatdagi illatlarga qaratilgan feletonlarimning ham hech ta’siri bo‘lmayotgandek edi. “Ruhi-dunyosi pok bo‘lgan, tarbiyaga quloq soladigan, savob va gunohni bilishga intilayotgan, ruhim go‘zallikka talpinayotgan bolalar dunyosida ishlasam qalay bo‘larkan”, deb o‘ylay boshladim va shunday qaror qabul qildim”.

X. To‘xtaboyev o‘zi ta’kidlagandek, butun ijodiy salohiyatini bolalar, o‘smirlar dunyosini sharh etishga, ularning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qiladigan asarlar yaratishga baxsh etdi. Shu bois yoshlar nashriyoti, “Gulxan”, “Yosh kuch” jurnallari, “Iste’dod” jamg‘armasi boshqaruvida rahbar lavozimlarida ishlab, bola va o‘smir ruhiyatidagi go‘zallikni himoyalashga, boyitishga e’tibor qaratdi.

E’lon qilingan hikoya va to‘plamlari: “Shoshqaloq” (1961), “So‘qmoqlar” (1966), “Muhabbat qo‘shig‘i” (1967), “Jonginam, shartingni ayt” (1969), qissalari: “Sir ochildi” (1961), “Omonboy bilan Davronboy sarguzashti” (1974), romanlari: “Sariq devni minib” (1968), “Sariq devning o‘limi” (1973), “Besh bolali yigitcha” (1976), “Qasoskorning oltin boshi” (1981), “Yillar va yo‘llar” (1983), “Shirin qovunlar mamlakati” (1986), “Mungli ko‘zlar” (1988), “Jannati odamlar” (1966), “Qiz talashgan o‘smirlar”, “Quyonlar saltanati”, “Qiz bolaga tosh otmang”, barcha-barchasi, uning qizg‘in ijodiy faoliyatining samarasi bo‘ldi.

Adib 1972-yili O‘zbekiston Yoshlar tashkilotining mukofoti, 1982-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, 1989-yili O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari tojik, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, arman, rus, ukrain, belorus, moldovan, eston, latish, litva, fin, bolgar, venger, nemis, chex, italyan — jami 24 tilga tarjima bo‘lgan.

“Sariqni devni minib” asarining jahon tillariga tarjima qilinishiga sabab, 1971-yili Italiyaning Rim shahrida o‘tgan jahon bolalar yozuvchilarining kengashida Janni Rodarining shu asar haqida aytgan iliq gaplari bo‘lgan edi.

17.12.2019