Ijtimoiy tarmoqlar:
“OʼZBEK SAHNASIDA BAXTIMNI TOPDIM...”

Tangri inson vujudiga ruhni kuy bilan singdirgan emish. Shu bois, yoqimli navo eshitgan inson oʼzi bilmagan holda rohatlanadi, zavqlanadi. Аyniqsa, oʼzbek milliy qoʼshiqchilik sanʼati oʼziga xosligi bilan yillar silsilasida dunyo sahnasida oʼziga xos oʼringa ega boʼlib kelmoqda. Bunda esa isteʼdodli, sohir ovozli oʼzbek xonandalarining xizmati beqiyos. Аna shunday sanʼatkorlardan biri Berta Davidovadir.

Berta Davidova oʼzbek xonandasi, qoʼshiqchi sanʼatkor sifatida insonlar koʼnglidan joy olgan. “Men oʼzbek diyorida tugʼildim, oʼzbeklar orasida voyaga yetdim va oʼzbek sahnasida baxtimni topdim”, deya faxrlanib soʼzlaydi. Uning bu joʼshqin fikrlari zamirida tugʼilib oʼsgan yurtiga muhabbat olovlanib turadi.

1922 yil 20 dekabrda Margʼilonda tavallud topgan xonandaning bolaligidan sanʼatga mehri oʼzgacha boʼlgan. 1943 yilda Oʼzbekiston Radio eshittirish qoʼmitasi huzuridagi xorda va oʼzbek ansamblida ashulachi, shuningdek, Radioeshittirish va televidenie Davlat qoʼmitasining Maqomchilar ansamblida uzoq yillar yetakchi xonanda boʼlib ishladi.

Oʼzbek maqomchilik sanʼati rivojida Berta Davidovaning ham xizmati katta. “Munojot”, “Bayot II”, “Bayot V”, “Nasri bayot”, “Talqini bayot”, “Taronai bayot”, “Samarqand ushshogʼi”, “Figʼon”, “Dugoh”, “Xayolim senda”, “Yor armugʼoni”, “Dilnavozim”, “Gulistonim mening” kabi mumtoz qoʼshiqlar uning ijrosida xalqimizning nodir musiqa xazinasiga aylanib, sanʼat ixlosmandlari qalb qoʼridan mustahkam oʼrin egallagan.

Maʼlumotlarga koʼra, 1945 yilda Yunus Rajabiy oʼsha paytlarda endi tetapoya boʼlayotgan sanʼatkor Berta Davidovaga “Munojot”ni oʼrgatadi. Bu haqida xonandaning oʼzi shunday eslagandi:

– Yunus Rajabiy mening ovozimni eshitib koʼrganlarida “Ovozingning oʼzidan yigʼi keladi”, – dedilar. Rostdan ham qoʼshiq aytsam, odamlar birinchi satrini ijro etishim bilan yigʼlay boshlashardi. “Munojot” – men shu qoʼshiqni oʼrganganimdan baxtli edim. Bir yili Eski shahardagi Pushkin bogʼida kontsert berayotgan edik. Bir qoʼshiqchi ayol chiqib, “Munojot”ni ayta boshladi. Odamlar: “Berta chiqsin”, Berta Davidova chiqsin”, – deb baqira boshladilar. Keyin Mukarrama Turgʼunboeva chiqib raqsga tushdi. Odamlar yana toʼpolon qila boshlashdi. Mukarrama chiqib kelib, haligi xonandaga: “Siz boshqa “Munojot”ni aytmang”, – degan edi. Аxir bu xotiralarni qanday unutib boʼladi?..”

“Munojot” mana necha yildirki, koʼplab ijrochilar tomonidan kuylangan. Bu dardli qoʼshiq har bir ijroda har xil tuslanadi va eshituvchini oʼziga mahliyo etadi. Berta Davidova ijrosida esa uning xonishi yanada teranlashadi, eshitguvchi yuragining tub tubigacha yetib boradi va oʼz taʼsiri bilan inson ruhiyatini allalaydi. Uning ijrosi haligacha yosh sanʼatkorlarga oʼrnak sifatida koʼrsatiladi.

Berta Davidova sanʼatga ishtiyoqmand oʼnlab yosh iqtidor sohibalariga kasb sirlarini mahorat bilan oʼrgatgan. Xonanda Gulbahor Erqulova Berta Davidova haqida shunday xotirlaydi. “Berta opamni oʼzbek sanʼatiga qoʼshgan hissasi beqiyos. Judayam olijanob va mehrli inson edilar. Nasiba Sattorova, Maryam Sattorova va mening sanʼatimni hurmat qilishlarini, “sizlar davomchilarimsiz” deya ishonch bildirishlarini koʼp bora taʼkidlaganlar. Biz shunday sanʼatkorlarga havas qilib sahnaga qadam qoʼyganmiz”.

Аlisher Navoiyning “Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulru kelmadi” satri bilan boshlanuvchi gʼazal ilk bor Berta Davidova tomonidan ijro etilishi oʼzbek mumtoz qoʼshiqchilik sanʼatida oʼziga xos tub burilish yasadi. Bu ijro necha yillar oʼtsa hamki oʼz qadr qimmatini yoʼqotmay, nodir namuna sifatida saqlanib kelmoqda.

Berta Davidova 2007 yil 11 avgustda vafot etgan.

Berta Davidova madaniyatimiz va sanʼatimiz rivojiga ulkan hissa qoʼshgan, uning jamoat va madaniyat hayoti oldidagi xizmatlari yuqori baholanib, “Oʼzbekiston xalq artisti”, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi degan yuksak unvonlarga loyiq deb topilgan. Xonandaning ijodiy merosi avlodlar tomonidan yuksak qadrlanib, oʼzbek sanʼatida oʼziga xos ovoz va mohir ijrochi sifatida yorqin yulduz boʼlib charaqlayveradi.

Dilfuza Mahkamova,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi

27.12.2019