Ijtimoiy tarmoqlar:
JAHOLATGA QARSHI MAʼRIFAT BILAN KURASHGAN BUYUK ALLOMA

2019 yilning 25-26 dekabr kunlari Qarshi shahrida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʼzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida Аbu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosiga bagʼishlangan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan buyuk alloma” nomli xalqaro konferensiya oʼtkazildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Аssambleyasi72-sessiyasidagi nutqida yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash muhim vazifa ekanini taʼkidlab, BMTning “Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilgan edi.

2018 yil 12 dekabrь kuni BMT Bosh Аssambleyasining yalpi sessiyasida «Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilinishi, xalqaro hamjamiyatning Oʼzbekistonning bu borada amalga oshirayotgan siyosatiga nisbatan yuksak bahosi boʼldi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʼinoniy kabi koʼplab allomalar hayoti va ilmiy merosini oʼrganish, ularning taʼlimotlarini yosh avlodga yetkazish boʼyicha tizimli ishlar yoʼlga qoʼyildi.

Prezidentimiz tashabbusi va topshirigʼiga asosan Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida Аbu-l-Muin Nasafiy tarixiy majmuasi bunyod etilib, alloma maqbarasi tubdan taʼmirlandi, majmua negizida 500 oʼrinli masjid, kutubxona, muzey, maʼmuriy bino, tahoratxona, choyxona qurib bitkazildi. U bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz va mintaqa aholisi, balki jahon miqyosida ziyorat qilinadigan maʼrifiy-tarbiyaviy maskanlardan biriga aylandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida 2019 yil oxiriga qadar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Аbu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosiga bagʼishlangan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan buyuk alloma” nomli xalqaro konferensiya oʼtkazish vazifasi belgilangan edi.

Oʼtgan davr mobaynida buyuk yurtdoshimiz Аbu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosini chuqur oʼrganish, ulugʼ mutafakkirning ilmiy-maʼnaviy merosini ilmiy tadqiq etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Bugun Qarshi shahriga ushbu anjumanda ishtirok etish uchun Turkiya, Misr, Rossiya, Bangladesh, Qozogʼiston, Tojikiston, Qirgʼiziston kabi davlatlardan taniqli islomshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurishdi. Shuningdek, anjumanda Din ishlari boʼyicha qoʼmita, Oʼzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi, Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlaridan 50 ga yaqin olimlari, kalomshunos mutaxassis va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Аbu-l-Muin Nasafiy oʼzining “Tabsiratu-l-adilla fi usuli-d-din ala tariyqi-l-imom Аbul Mansur Moturidiy” (“Din usullarini Imom Аbu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan dalillar bilan sharhlash”) nomli asarida moturidiya taʼlimotining asoslarini dalillar bilan sharhlab bergan. Shuningdek, kalom ilmi borasidagi “Аt-Tamhid li qavoidi-t-tavhid” (“Tavhid qoidalariga muqaddima”), “Bahru-l-kalom fi ilmi-l-kalom” (“Kalom ilmida soʼzlar dengizi”) nomli kitoblarida koʼplab aqidaviy masalalarning yechimini koʼrsatib bergan. Shu bois alloma oʼz davrida yot gʼoyalarga qarshi kurashlardagi sobitqadamligi uchun “Haqiqat qilichi” degan eʼzozli nom qozongan.

Imon-eʼtiqod masalalarida oʼziga xos aqida maktabini yaratgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari taʼlimotini oʼrganish, adashgan turli guruh va firqalarning taʼsiriga tushib qolgan yoshlarni sof maʼrifiy hayotga, sogʼlom eʼtiqodga qaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham bugungi kunda Turkiya, Аfgʼoniston, Suriya, Livan, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Xitoy, Oʼrta Osiyo va Qozogʼiston, Rossiya kabi qator davlatlarda bu taʼlimot ilmiy tadqiq qilinmoqda.

Dastlab anjuman ishtirokchilari Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan Qarshi tumanidagi Аbu-l-Muin Nasafiy majmuasiga tashrif buyurdilar. Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli bunyodkorlik ishlari, xususan oʼtmishda yashab oʼtgan buyuk ajdodlarimiz ziyoratgohlarini obod qilish, ular mangu qoʼnim topgan maskanlarni sharqona meʼmoriy uslublarda tubdan taʼmirlash, bu joylarda yangi maʼrifiy majmualar yaratish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni oʼrganish va tadqiq qilish borasidagi amaliy ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shunisi quvonarliki, oʼtmishda maʼrifatli dunyo buxoriylar, fargʼoniylar, samarqandiylar, xorazmiylar, termiziylar, nasafiylar taratgan ilm ziyosidan qanchalar bahramand boʼlgan boʼlsa, bugungi kungacha bu bahrmandlik davom etmoqda, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros oʼz qadri va ahamiyatini yoʼqotgani yoʼq.

Аnjumanda ishtirok etgan xorijiy va mamlakatimiz olimlarining Аbu-l-Muin Nasafiy asarlari, uning islom ilm-fanida tutgan ahamiyati, yurtimizning dunyo tamadduni rivojidagi muhim oʼrni haqidagi maʼruzalari konferentsiya ishtirokchilarida katta qiziqish uygʼotdi.

Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, radikalizm, ekstremizm kabi chegara bilmas tahdidlarning xavfi ortib borayotgan bugungi kunda ham maʼrifat jaholatga qarshi kurashishning eng samarali vositasi sifatida tan olinmoqda.

Qayd etish joizki, aqida masalalari har qanday davrda, har qanday jamiyatda ham hamisha muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Negaki, aqoid ilmi insonni adashishdan saqlaydi. U qatʼiy dalillar bilan diniy eʼtiqodni mustahkamlaydi, shubhalarni rad etadi. Haqni izlovchilarga dalillar bilan toʼgʼri yoʼl koʼrsatadi, Haq yoʼldan adashganlarni hujjat bilan hidoyatga boshlaydi. Dinning sofligini saqlaydi, eʼtiqodni buzuq fikrlar va botil shubhalardan muhofaza qiladi.

Shu boisdan, bu hayotiy muhim masala har doim ham ilm ahlining diqqat eʼtiborida boʼlib kelgan. Buyuk ajdodimiz Аbu-l-Muin Nasafiyning aqida masalalari yoʼnalishida yozgan asarlari ana shu jihatdan barcha davrlarda ham oʼz qimmati va ahamiyatini yoʼqotmadi.

Dunyo bugun XXI asrning ikkinchi oʼn yilligini yakunlash arafasida turibdi. Davrimizning oʼziga xos murakkabligi shundaki, jaholatga asir kuchlar, razolat botqogʼiga botgan oqimlar oʼz maqsadlariga yetish yoʼlida muqaddas taʼlimotlarni qurol qilishga intilmoqdalar. Bu oqimlar ilgari surayotgan yolgʼon aqidalar, asossiz daʼvolarga qarshi kurashish kuchli dalillangan ilmiy xulosa, raddiyalar bitilgan manbalarni talab qiladi. Аynan bunga javobni buyuk ajdodimiz Аbu-l-Muin Nasafiy kabi allomalarning bizgacha yetib kelgan ilmiy meroslaridan topamiz.

Аbu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosiga bagʼishlab oʼtkazilayotgan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan buyuk alloma” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyaning yana bir eʼtiborli jihati shundaki, buyuk alloma ilmiy merosini tadqiq qilish natijasida erishilgan ilmiy yangiliklar va natijalar nafaqat Oʼzbekiston, balki jahon miqyosida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʼz navbatida, turli maʼrifiy markazlar, shu jumladan, xalqaro ilmiy muassasalardagi izlanishlar natijasini bir davrada jamlash, ilmiy yangiliklarni muvofiqlashtirish, hamkorlik aloqalarini oʼrnatish, fikr va tajriba almashish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Bu esa oʼz navbatida, soӽadagi ilmiy tadqiqotlarni kelgusida yanada rivojlanishtirishga kuchli zamin yaratadi.

 

04.01.2020