Ijtimoiy tarmoqlar:
“YANGI АVLOD — YANGI TАSHАBBUSLАR”

shiori ostida faol yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy muloqot

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Ozbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ozbekiston Yoshlar ittifoqi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ilgari surilgan muhim fikr va g‘oyalar, belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab “Yangi avlod — yangi tashabbuslar” shiori ostida ijodkor yoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yuksak ibrat va namuna asosida bugungi kunda badiiy ijod va jurnalistika sohasida qalam tebratayotgan, maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, Prezidentimiz yoshlar masalalarida ilgari surgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish, yoshlarning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalariga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda bugun badiiy ijodning nasr, nazm, bolalar adabiyoti, dramaturgiya, badiiy tarjima, badiiy publitsistika yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yoshlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, mamlakatimizdagi O‘zbekiston milliy universiteti, Jahon tillari universiteti, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Oliy adabiyot kursi, o‘zbek va xorijiy filologiya fakultetlari talaba-yoshlari, ilk kitoblari nashr etilgan ijodkorlar, yoshlar tashkilotlarining yetakchilari so‘zga chiqdi.

Ular Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Vatan iftixorlari” institutini joriy etish, IT-parklar tashkil etish, yurtimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarga tavsiya etadigan samarali mexanizm yaratish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va oilaviy ajrimlarning oldini olish, viloyat, tuman, shahar hokimlari va boshqa rahbarlarning yoshlar siyosati masalalariga yanada eʼtiborini oshirish, jamiyatda yoshlarning roli va obro‘sini ko‘tarish, ularga qulay sharoitlar yaratish, muammolarini hal etish, bandligi, uy-joy taʼminoti, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, taʼlim olish va kasb o‘rganishga bo‘lgan talablarini yuzaga chiqarish, yoshlar auditoriyasiga yo‘naltirilgan tele va radiokanallar, bosma nashrlar asosida “Yoshlar media xoldingi” tashkil etish kabi qator tashabbuslarni katta xursandchilik bilan qabul qilganliklarini taʼkidladi.

Shuningdek, mamlakatimizda boshlangan yangi davr, barcha sohalarda kechayotgan islohotlarni har bir yoshga yetkazish, bu borada o‘z ijodi bilan munosib hissa qo‘shish, o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasining nodir namunalarini jahon tillariga tarjima qilish, ijtimoiy tarmoqlar, internet tizimi imkoniyatlaridan foydalanib mamlakatimiz tarixi, maʼnaviyati, buyuk ajdodlarimiz merosi, bugungi islohotlar jarayoni bilan jahon ahlini mutazam tanishtirib borish, barcha sohalarda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan bunyodkor yoshlar haqida badiiy asarlar yaratish borasida o‘z tashabbuslarini bildirdi.

Prezidentimizning globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlarga qarshi kurashish borasida aytgan fikrlari asosida yoshlar bir qancha takliflarni bildirdi. Аynan bu kurashda har bir yosh milliy maʼnaviyat va qadriyatlar himoyachisiga aylanishi haqida aytib o‘tdi.

Shuningdek, Аbdurauf Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so‘zlari yana bir bor yodga olinar ekan, yoshlar tarbiyasida sanʼat, adabiyot, vatanparvarlik suv va havodek zarurligi taʼkidlandi.

Muloqot davomida so‘zga chiqqan maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishlarda xizmat qilayotgan yosh harbiy yigitlar Prezidentimiz aytganidek, “ishonsa arziydigan, suyansa tog‘ bo‘ladigan yoshlar” sifatida vatan himoyasi yo‘lida nafaqat bilak kuchi, balki bor bilim, salohiyati bilan xizmat qilajaklarini bildirdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda har bir yosh ishtirokchi o‘z fikr-mulohazalarini erkin bayon qildi. Mutasaddi rahbarlar ularni tinglash barobarida, yangi avlod vakillarining tashabbuslarini amalga oshirish ularning oldida turgan eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolishini taʼkidlab o‘tdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan nashr etilgan badiiy kitoblar taqdim qilindi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Matbuot xizmati

 

14.01.2020