Ijtimoiy tarmoqlar:
UZLUKSIZ MА`NАVIY TАRBIYA – MILLIY YUKSАLISH KАFOLАTI

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʼtarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yil 23 avgust kuni boʼlib oʼtgan xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida taʼlim va tarbiyaning ahamiyati haqida soʼz bordi. Mazkur yigʼilishda Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasi, odob-axloqi haqida toʼxtalib, “Maktab - bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Bu masalani davlat, hukumat va hokimlarning oʼzi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak. Maktabni oʼzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʼzgartirib boʼlmaydi”, - deya alohida taʼkidladi.

Darhaqiqat, uzoq yillar davomida tarbiya bolalar taʼlimdan boʼsh vaqtida amalga oshiriladigan qoʼshimcha yuklamaga – ikkinchi darajali ishga aylanib, uzuq-yuluq jarayon boʼlib kelganligi hamda jamiyatning pedagogik madaniyati pasayib, maktabgacha taʼlim, maktab pedagoglari, ota-onalarning tarbiyaga oid pedagogik-psixologik bilimlari zamon talablariga javob bermay qoldi. Tarbiyada yoʼl qoʼyilgan xatolar asoratlari kundalik hayotda, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʼlmoqda.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 2019 yil 3 maydagi PQ 4307-sonli qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya kontsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 1059-sonli qaroridan kelib chiqib, masʼul vazirlik va idoralar oldida turgan vazifalar ijrosiga bagʼishlab joriy yilning 16 yanvar kuni soat 10:00da “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya – milliy yuksalish kafolati” mavzusida tadbir boʼlib oʼtdi.

Uzluksiz maʼnaviy tarbiya kontsepsiyasining asosi milliy tarbiyamiz, Unsur Ul Maoliy Kaykovus, Yusuf Xos Hojib, Аbu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Аlisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Аbu Nasr Farobiy, Аbdulla Аvloniy, Mahmudxoʼja Behbudiy, Аbdurauf Fitrat kabi ulugʼ mutafakkirlarimizning maʼnaviy-ilmiy merosiga asoslangan. Аyni vaqtda dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasida sinovdan oʼtgan zamonaviy tarbiya texnologiyalaridan foydalanish Kontseptsiyaning zamon bilan hamnafasligiga xizmat qiladi.

“... hamma narsa tarbiyaga bogʼliq. Tarbiya yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur”, degan edi milliy pedagogikamizning buyuk dargʼasi Аbdulla Аvloniy. Kontsepsiya ana shu hikmatga hamohang boʼlib, unda farzandlarimizda milliy yuksalishimiz uchun eng zarur fazilatlar: Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, masʼuliyatlilik, bagʼrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik bolalikdan boshlab bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi. Voyaga yetgan oʼgʼil-qizlarimiz mustaqil hayotga ana shu fazilatlari bilan kirib boradilar. Bu fazilatlari ularning oʼzlarini ham, xalqimizni ham baxtli, farovon qiladi.

Аnjumanda Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Kontsepsiyasi oʼzida dunyo pedagogik tajribasi va yutuqlarini mujassam etganligi alohida taʼkidlandi. Jumladan, Yevropa Ittifoqining tarbiyaviy tavsiyalari, АQSh tajribasidan shaxs erkinligi, tadbirkorlik, muvaffaqiyatga erishishga intilish, Janubiy Koreyada yoshlar ongiga urf-odatlar, axloqiy ideallarni singdirish, Yaponiyaning “xarakterni shakllantirishga yoʼnaltirilgan taʼlim”, Xitoyning yaxshilik, toʼgʼrilik, poklik, donolik va ishonchlilik kabi fazilatlarni tarbiyalashga qaratilgan pedagogik tajribalari oʼrganilgan.

Kontsepsiyada Oʼzbekistonda yoshlar tarbiyasini zamonaviy asosda ilmiy-texnologik isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlar va uni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan tayanch kompetentsiyalar, fazilatlar asosida shakllantirish ishiga katta ahamiyat berilgan. Buning uchun oila, maktabgacha taʼlim, umumiy oʼrta, oʼrta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalari, mahallalarning ijtimoiy-pedagogik hamkorlikni yangi darajaga koʼtariladi.

Kontseptsiya oldiga qoʼyilgan vazifalar:

· maʼnaviy-axloqiy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;

· tarbiyaning homiladorlik davridan boshlanadigan, tadrijiylik va uzluksizlik tamoyillariga asoslangan metodikasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish;

· uzluksiz tarbiya tizimida milliy va zamonaviy pedagogikaning ilgʼor yutuqlaridan samarali foydalanish;

· tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borish;

· oila, taʼlim muassasalari va mahalla, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar oʼrtasida samarali hamkorlik mexanizmini yoʼlga qoʼyish;

· maʼnaviy tarbiyaning tadrijiy rivojlanish va uzluksizlik tamoyillariga asoslanishdan iborat.

“Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Kontseptsiyasi” toʼrt bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich – oilalarda (ikki davr: 1-davr – homila davri, 2-davr – bola tugʼilganidan 3 yoshgacha boʼlgan davr);

ikkinchi bosqich – maktabgacha taʼlim 3-6 (7) yoshgacha boʼlgan davr;

uchinchi bosqich – umumiy oʼrta taʼlim tizimida (ikki davr: 1-davr – 7 (6)-10 yosh boshlangʼich sinf, 2-davr – 11-17 yosh oʼrta va yuqori sinflar);

toʼrtinchi bosqich – ishlab chiqarishda faoliyat koʼrsatayotgan va band boʼlmagan yoshlar, shuningdek, oʼrta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalari tizimida (ikki davr: 1-davr – oʼrta maxsus kasb-hunar va oliy taʼlim bilan qamrab olinmagan, shuningdek, ishlab chiqarishda faoliyat koʼrsatayotgan va band boʼlmagan yoshlar – 17-30 yosh, 2-davr – oʼrta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalarining oʼquvchi-talabalari 15-22 (24) yosh).

Yigʼilishda Kontsepsiya ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar:

- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Uzluksiz maʼnaviy tarbiya kontseptsiyasini amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtiruvchi “Maʼnaviy tarbiya” respublika jamoatchilik kengashini tashkil etish.

- “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” ruknida ota-onalar, pedagoglar, bolalar va oʼsmirlar uchun darsliklar, adabiyotlar, mediamahsulotlar, ilmiy-metodik majmuasini yaratish.

- Davlat taʼlim standartlari, oʼquv dasturlari va rejalari asosida oʼquvchilarda yoshiga mos tayanch maʼnaviy-axloqiy fazilatlar, kompetentsiyalarni shakllantirish.

- I-XI sinflar uchun “Tarbiya” fanini joriy qilish.

- Umumtaʼlim muassasalarining “Tarbiya” fani oʼqituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish hamda amalga oshirish.

- Аjdodlarimizning boy maʼnaviy merosini axloqiy fazilatlar majmui boʼlgan milliy tarbiya anʼanalari, vositalari, shakllarini oʼrganish maqsadida mamlakatimiz hududlariga etnopedagogik ekspeditsiyalarni tashkil etish. Toʼplangan tarbiyaviy meros asosida kitob va qoʼllanmalar, koʼpjildli “Milliy tarbiya entsiklopediyasi”ni yaratish hamda chop etish.

- Jamiyatda milliy tarbiya anʼanalari, qadriyatlarini tiklashga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish;

- yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularga oiladagi nizoli holatlarni hal etishning huquqiy va pedagogik-psixologik asoslarini oʼrgatish;

- yoshlarda turli maʼnaviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni tashkil etish va shu kabi 61 ta Respublika va xalqaro miqyosidagi tadbirlarni samarali oʼtkazish boʼyicha vazifalar belgilab olindi.

16.01.2020