Ijtimoiy tarmoqlar:
“Nazm va navo”

Millatimiz maʼnaviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari Аlisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari teranligi hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylangan. Ulug‘ mutafakkirlarning ijod namunalari yosh avlodni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, umumbashariy g‘oyalar ulug‘lanishi orqali insonlarni komillikka yetaklash, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda muhim maʼnaviy qalqon vazifasini o‘taydi. Shu bois, ularning adabiy merosini o‘rganish, o‘sib kelayotgan avlodga bu boy xazinaning qadri naqadar qimmatli ekanini tushuntirish muhim vazifalardan biridir.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi hamkorligida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakillari, jahon adabiyotida o‘z o‘rniga ega ulug‘ allomalar – Аlisher Navoiy tavalludining 579 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlab “Nazm va navo” teatrlashgan konsert dasturi tashkil etildi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimlari, shoir-yozuvchilar va olimlar, Аlisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar, poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida pedagogika va filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Dastur davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari, o‘zbek milliy “Mumtoz” ashula ansambli, Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirokida ulug‘ mutafakkirlar qalamiga mansub g‘azallar va mumtoz qo‘shiqlarini ijro etishdi. Shuningdek, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari tomonidan Navoiy va Bobur g‘azallari bilan ijro etilgan “Bo‘lmish”, “Qaro bo‘libdur”, “Mubtalo bo‘ldim sanga”, o‘zbek milliy “Mumtoz” ashula ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan “Nasrulloiy”, “Guljamol” hamda Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilar ansambli ijro etgan “Gul sochar”, “Na bo‘ldi” maqom qo‘shiqlari Аlisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bo‘lgan ehtirom, o‘lmas asarlari ona tilimizning shuhratini, beqiyos go‘zalligi va nafosatini o‘zida mujassam etganini yana bir bor namoyon etdi.

Serqirra ijodi faqat o‘zbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘ringa ega ulug‘ mutafakkirlarimiz tavalludiga bag‘ishlangan “Nazm va navo” teatrlashgan konsert dasturi yosh avlodni ulug‘ allomalarimiz va boy adabiy merosimizga bo‘lgan muhabbatini yana-da olovlantirishdek ezgu maqsad yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

11.02.2020