Ijtimoiy tarmoqlar:
TO‘Y-MAROSIMLARNI TARTIBGA SOLISH TO‘G‘RISIDAGI QARORNING JOYLARDAGI IJROSI TASHKIL ETILISHI

Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi vazirlik hamda idoralar rahbarlari ishtirokida to‘y-marosimlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qarorning joylardagi ijrosi tashkil etilishi masalalariga bag‘ishlangan press-konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumki, 2019 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi hamda Senati Kengashlarining "To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Ushbu qaror hamda u bilan tasdiqlangan nizom joriy yilning 1 yanvaridan kuchga kirdi. Senatorlar va deputatlar hududlarda aholi bilan uchrashuvlarda Qaror va nizom talablari haqida batafsil tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. Qarordagi vazifalar ijrosini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan Qorapalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek, fuqarolar yig‘inlarida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarning o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyati jonlandi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan To‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi "O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi tayyorlandi.

Loyihada to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibini mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish yoki to‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan buzish holatlarida qo‘llaniladigan jarima miqdori belgilangan. Qonun loyihasi tez orada qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma'qullangandan keyin Senat muhokamasiga kiritiladi.

Parlament qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi tomonidan "To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni tashkil etish va uni o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlari raislari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini tashkil etish tartibi" ishlab chiqildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi tomonidan 2019 yilning oktyabr oyida "To‘y, marosim va ma'rakalarni me'yorida o‘tkazish haqida fatvo" loyihasi tayyorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarda pullik avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyatini alohida nazoratga olindi. Bugungi kunga qadar adliya organlari tomonidan ushbu qarorning mazmun-mohiyati bo‘yicha joylarda jami 2793 marotaba targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi, 2063 marotaba seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi, 31 marotaba televidenie hamda 64 marotaba radio orqali chiqishlar tashkil etildi, 395 marotaba gazetalarda maqolalar chop qilindi.

O‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarining 1172 tasi mahallalarda, 374 tasi mehnat jamoalarida, 287 tasi ta'lim muassasalarida hamda 230 tasi boshqa joylarda tashkil etildi. Shuningdek, hududiy davlat soliq xizmati organlari tomonidan jami 1482 ta to‘yxona egalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, to‘y xarajatlarining asossiz ikki-uch baravar mikdorda oshirish holatlarini oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning birgina yanvar oyida ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida to‘ylar mavzusida jami 473 ta material e'lon qilindi.

Mazkur materiallarning 162 tasi matbuotda, 90 tasi "Feysbuk" ijtimoiy tarmog‘ida, 59 tasi telekanallarda, 60 tasi radiokanallarda, 58 tasi "Telegram" messendjeri, 44 tasi veb-saytlarda joylangan. O‘zbekiston savdo-sanoat palatasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda barcha hududiy boshqarmalar tomonidan to‘yxona egalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar ishtirokida uchrashuvlar tashkillashtirilib, tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimida 580 tadan ortiq davra suhbatlari hamda uchrashuvlar o‘tkazilgan. Shuningdek o‘tkazilayotgan tadbirlarda "love story", avtomashinalar korteji, "ommaviy madaniyatning" salbiy oqibatlari haqida ma'lumotlar berib borilmoqda. Anjumanda ta'kidlanganidek, amalga oshirilayotgan targ‘ibot tadbirlariga qaramay, hamon to‘ylarni dabdaba bilan o‘tkazishga, qator kortejlar tashkil qilishga urinayotgan yurtdoshlarimiz uchrab turgani, bunday holatlar ijtiomiy tarmoqlarda tarqalayotgani barcha mutasaddilar, keng jamoatchilik birgalikda yanada ko‘proq ish olib borishi zarurligini ko‘rsatmoqda.

Bundan buyon senatorlar, qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, to‘y va boshqa marosimlarni tartibli o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan joylardagi komissiyalar, mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalla vakillari yanada mas'uliyatli bo‘lishga chaqirildi.

19.02.2020