Ijtimoiy tarmoqlar:
DAVLAT TILI RAVNAQI YO‘LIDA YАNA BIR DADIL QADAM

Til jamiyat hayotidagi eng muhim va yagona aloqa-aralashuv, muomala-munosabat vositasi hisoblanadi. Inson tafakkur tarzi, dunyoqarashi til va so‘z orqali chuqur namoyon bo‘ladi, har qanday fikrini til vositasidagina jonli va ta’sirchan bayon qila oladi. Shu jihatdan ham til ­– dil kaliti, til – millat qalbi, millat ruhi deya e’tirof etiladi.

Bugun mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ham kuchli siyosiy maqom kasb etib, o‘zining yanada yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilib bormoqda. Millat tili taqdiri borasida uzoq yillardan buyon qayg‘urib kelayotgan tilshunos, adabiyotshunos, madaniyat va san’at ahlining, har bir millatsevar, vatanparvarning maqsad-muddaolari munosib yechimini topmoqda.

Kuni kecha adliya Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ana shunday amaliy harakatlarning yana bir natijasidir. Mamlakatimizdagi mavjud holat va xorijiy tajribani o‘rganish asosida shakllantirilgan ushbu qonun loyihasi davlat tili to‘g‘risidagi qonun mohiyatini kuchaytirish, uning mukammal ijrosini ta’minlashning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada mansabdor shaxslar mas’uliyatining oshirilishi ham tabiiy. Qaysi bir tashkilot rahbarining o‘z ona tiliga hurmat va e’tibori cheksiz bo‘lsa, u shu tizim xodimlariga ham ushbu talabni qat’iy qo‘yadi. Davlat tili me’yorlarini bilmagan va rioya qilmagan har qanday rahbar chinakam vatanparvar bo‘la olmaydi.

Binobarin, hozirgi global jarayonlar, texnologiyaning yuksak taraqqiyoti davrida davlat tili talablariga rioya etilishini ta’minlash, milliy til maqomini mustahkamlash va saqlab qolish dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham, millat tilining asosiy himoyachisi va targ‘ibotchilaridan bo‘lgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan muntazam ravishda tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar olib boriladi, shu asosda tegishli organlarga taklif-tavsiyalar taqdim etiladi, aholi va yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari tashkil qilinadi.

Mohir so‘z ustasi Abdulla Qahhor ham o‘z davrida o‘zbek tiliga munosabatdan ozorlanib, “Nega ko‘cha qoidasini buzganga hushtak chalinadi-yu, til qonunlarini buzganga hech kim indamaydi?” degan savoliga arzirli javob ololmay xunob bo‘lgan. Biz ham uzoq yillardan buyon ushbu savol ustida bosh qotirdik, uni til to‘g‘risidagi hikmatlar qatoriga qo‘ydik, o‘z munosabatimizni shu orqali isbotlashga urindik.

Bugunga kelib, shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek tiliga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda uzoq vaqtdan buyon yechimini kutib kelayotgan muammolarga barham berilmoqda. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda har qanday bahs-munozaralarga sabab bo‘lmasin, mazkur qonun loyihasida o‘zbek tilining buguni va kelajak taqdiri nazarda tutilgan, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat manfaatlari qamrab olingan, boshqa tillarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘yilmagan. Shunday ekan, butun mamlakat ahli Adliya vazirligi tomonidan davlat tili talablariga javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq. Zotan, bu qonuniy talab davr va vaziyat taqozosi, ijtimoiy zarurat mahsuli sifatida maydonga keldi. Huquqiy javobgarligi kuchaytirilmagan hujjatning esa qog‘ozlardagina amal qilish ehtimoli yuqori.

 

FERUZA AZIMOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

26.04.2020