Ijtimoiy tarmoqlar:
AJDODLAR MARDONA RUHI BIZGA YOR

XX asrda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushi garchi O‘zbekistonimiz zaminida ro‘y bermagan bo‘lsa-da, uning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazdi. Mamlakatimizning barcha shaharu qishloqlari kabi ko‘hna Buxoroi Sharif ham bu urushda yuzlab qahramonlarni yetkazib bergan zamin bo‘ldi. Manbalarda keltirilishicha, Ikkinchi jahon urushida Buxoro viloyatidan 74 mingdan ziyod kishi qatnashgan. Fashizmga qarshi janglarda jasorat va matonat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning sarg‘aygan suratlari, tarixiy hujjatlarning har biri muayyan taqdir, ma’lum bir makondan guvohlik beradi.

Shulardan biri Buxoroning asl farzandi, o‘sha davrda “Qahramon” unvoniga sazovor bo‘lgan Ernafas Xo‘jaevdir. Har bir jasur insonning keyingi avlodlarga ibrat bo‘ladigan o‘z hayot yo‘li, tarjimai holi bor. Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan vatandoshimizning tarjimai holi II Jahon urushida mardlik ko‘rsatgan minglarcha jangchilarning tarjimai holiga o‘xshasa-da, mardligi va jasorati tufayli qahramonga aylangan insonning “Vatanparvarlik qissasi” ekanligi bilan alohida ajralib turadi.

Ernafas Xo‘jaev 1916 yil 15 mayda Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi Qoqishtuvon qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘iladi. Ernafas Xo‘jaevning ota-onasi bevaqt olamdan o‘tganligi uchun, u yolg‘iz singlisi Javharoy bilan ammasi tarbiyasida qoladi. Turmush qiyinchiliklari erta bo‘yniga tushgan Ernafas o‘rta maktabni to‘liq tugallamasdan dalaga ishga chiqib, ro‘zg‘orni butlashga harakat qilardi.

1941 yilda boshlangan urush 25 yoshli Ernafasning hayotini o‘zgartirib yuboradi, u ham ko‘p sonli ko‘ngillilar qatori harbiy komissariatga urushga jo‘nash haqida ariza beradi. Ernafas 1942 yilda frontga jo‘naydi va jang qilish sirlarini qunt bilan o‘rganib, uzoq davom etgan tayyorgarlikdan so‘ng Stalingrad ostonalarida dastlabki jangga kirib Polshagacha 1-Beloruss fronti, 48-armiya, 42-o‘qchi korpusi, 170-o‘qchi diviziya, 177-o‘qchi polki tarkibida mardonavor jang qilib boradi.

Polsha chegarasidagi 1943 yil 29—30 noyabr kunlarida bo‘lib o‘tgan janglarda Ernafasning jasorati tillarda doston bo‘ladi. O‘sha kuni erta tongdan u xizmat qilayotgan polk o‘zining o‘ng va chap qanotidagi qo‘shinlari bilan kelishgan holda nemislar iskanjasidagi temir yo‘l stansiyasiga hujum qilishadi. Dushman qo‘shinlari polkning shiddatli hujumi bilan stansiyadan surib chiqariladi. Kechga borib dushman katta yordam olib, stansiyani yana qo‘lga kiritish uchun yaqinlashib, old qatorda turgan o‘qchi vzvod soldatlarini qurshovga oladi. Xo‘jaev o‘z bo‘linmasini mardona hujumga boshlaydi. Ushbu jangda o‘qchi vzvod komandiri og‘ir jarohatlanadi. Ernafas Xo‘jaev vaziyatni boshqarishni o‘z qo‘liga olib, katta mardlik ko‘rsatib, komandirini ko‘tarib olgan holda dushmanga qarshi hujumni ham bo‘shashtirmaydi. Hujum bir necha soat davom etib, ushbu hujum natijasida ular qurshovni yorib o‘tadilar. Ammo vzvodda 3 kishigina qolgan edi.

Bir necha kunlik jangdan so‘ng qaqshatqich zarbaga uchragan dushman yangidan kuch to‘plab, Polshaning «Katta Tinivichlar» qishlog‘ida navbatdagi hujumga o‘tish uchun hozirlik ko‘rayotganligi aniqlanadi. Shuning uchun ham dushman hujumidan bir kun oldin 1944 yil 21 iyulda 717-o‘qchi polk hujumga o‘tadi. Fashistlar o‘zining aviatsiyasi, tanklari va to‘plari yordamida hujumni to‘xtatmoqchi va qarshi hujumga o‘tmoqchi bo‘lishadi. Ernafas Xo‘jaev ushbu jangda safdan chiqqan vzvod komandirining o‘rnini egallab, ahvol og‘irlashgan bir vaqtda hayqiriq bilan dushman askarlari ustiga otiladi. Uning jasurligidan ilhomlangan boshqa jangchilar ham yovga tashlanib, dushmanning ko‘p sonli qo‘shinini tormor etishadi. Polk aholi punktini egallaydi.

Ernafas Xo‘jaev Polshaning yana o‘nlab aholi punktlarini ozod qilishda faol qatnashadi. 1944 yil 26 oktabrda u ko‘kragidan og‘ir yaralanib, 1252-sonli harbiy ko‘chma gospitalga olib kelinadi, olgan og‘ir jarohatlari natijasida 30 oktabr kuni 28 yoshida qahramonlarcha halok bo‘ladi.

Fashistlarga qarshi janglardagi ko‘rsatgan jasoratlari uchun Ernafas Xo‘jaev o‘limidan so‘ng “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ladi.

Tariximizning qonli sahifalari, Ernafas Xo‘jaevdek ne-ne navqiron qahramonlarni qatordan chiqargan qora kunlar dono xalqimizning “Tinchlikdan ulug‘ ne’mat yo‘q”, - degan hikmati naqadar haqiqat ekanligini yana bir bor isbotlaydi.

Darhaqiqat, butun insoniyat, borliqdagi barcha mavjudot, xatto chumoli uchun ham tinchlik ulug‘ ne’matdir. Oila va yurt notinch bo‘lsa, hayot lazzatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutolmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og‘irlik qiladi. Demak, o‘zini vatanparvar hisoblagan har bir o‘zbekistonlik mard va jasur ajdodlarimiz nomini hamisha yodda saqlagan holda qancha qurbonlar va zahmatlar evaziga qo‘lga kirtilgan bu tinch osoyishta va farovon hayotning qadriga yetishi, uni asrab-avaylashi lozimdir.

Marhabo Pardaeva,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Buxoro viloyati bo‘limi rahbari

30.04.2020