Ijtimoiy tarmoqlar:
TINCHLIK-OSOYISHTALIK – FAROVON TURMUSH POYDEVORI

Dunyo yaralishidan buyon o‘tayotgan davrlar mobaynida insoniyat turli darajadagi qirg‘inbarot urushlarga, qonxo‘rlik, xunrezliklariga ham guvoh bo‘lib kelmoqda. 1939 yilda fashistlar tomonidan uyushtirilgan Ikkinchi jahon urushi ham ana shunday bashariyat tinchligi, hayoti va kelajagiga rahna soluvchi dahshatli hodisa sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Ushbu shafqatsiz urush millionlab insonlar umriga zomin bo‘ldi, yuzlab shaharu qishloqlarni vayron etdi, insoniyat hayotini izdan chiqardi, har tomonlama zaiflashtirdi. Bu sovuq urushning sovuq oqibatlari tarix sahifalaridan mangu o‘rin egalladi. Qonxo‘r fashistlarning dahshatli jangu-jadallari ustidan qozonilgan g‘alabada ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ham munosib hissasi bor.

O‘sha davrda matonatli o‘zbek xalqining mard va jasur o‘g‘lonlari ham qalb amri bilan tinchlik va osoyishtalik uchun kurashga otlandilar. Ikkinchi jahon urushi davomida va g‘alabaning dastlabki yillarida o‘zbek xalqi o‘z boshidan nihoyatda og‘ir va suronli damlarni o‘tqazdi. Frontga safarbar etilgan bir yarim milliondan ortiq alp yigitlarning kattagina qismi jang maydonlarida halok bo‘ldi, bedarak yo‘qoldi va bir qismi turli darajadagi jarohatlar bilan yaqinlari bag‘riga qayta oldi.

Bugungi tinch va osoyishta, to‘kin va farovon zamonda shu kunlarga yetib kelishimizga sharafli hissa qo‘shgan, mudhish kunlarni boshidan o‘tqazgan, urush og‘irliklarini mardonavor yengib o‘tgan zahmatkash, matonatli xalqimiz, tinchligimiz posbonlari nomini yod etish va abadiylashtirish biz avlodlar zimmasidagi burchdir.

Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning
75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ana shu borada tashlangan muhim qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: “
El-yurtimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda”.

Mazkur qaror asosida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar dasturi hamda Toshkent shahrida barpo etiladigan G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi tasdiqlandi va mutasaddi idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bugungi kunda shu asosda mas’ul tashkilotlar hamkorligida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, mehnat fronti faxriylarini, shuningdek, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolarini har tomonlama ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, qarorda “Ajdodlarimiz jasorati mangu barhayot” degan g‘oya asosida mamlakatimizdagi barcha viloyat, tuman va shaharlarda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari qahramonliklari, o‘zbek xalqining front ortidagi fidokorona mehnati va g‘alabaga qo‘shgan beqiyos hissasi, front hududlaridan respublikamizga ko‘chirib keltirilgan yuz minglab insonlarga nisbatan ko‘rsatgan yuksak insonparvarlik fazilatlarini har tomonlama chuqur aks ettiradigan madaniy-ma’naviy tadbirlar, targ‘ibot aksiyalari, konsert dasturlari, tasviriy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar, ommaviy sport musobaqalari, “uch avlod vakillari uchrashuvlari”ni, hamda mehnat jamoalari, mahalla va guzarlarda, turar-joy mavzelarida obodonchilik ishlarini tashkil etish belgilan edi. Bugun bu ishlar xalqimiz tomonidan katta ko‘tarinkilik bilan amalga oshirilmoqda. Fashizmga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz haqida yangi badiiy va hujjatli asarlar, kino va spektakllar, musiqa va tasviriy san’at asarlari yaratilmoqda, O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi “G‘alaba bog‘i” qad rostlamoqda.

O‘ylaymizki, urushdan saboq chiqargan, mardlik maktabida tahsil olgan fidoiy va oliyjanob xalqimiz global epidemiyaning og‘ir va sinovli davrlarini ham yanada hamjihatlikda, yanada birdamlikda mardonavor yengib o‘tadi.

 

Baxtiyor HUSANOV,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi

30.04.2020