Ijtimoiy tarmoqlar:
АJDODLАRIMIZ JАSORАTI — MАNGU BАRHАYOT!

9 may - Xotira va qadrlash kuni. Bu kun - o‘tmish va bugunning ko‘zgusidir. Xalqimiz bu sanaga inson xotirasi va qadriga e’tiborining amaliy ifodasi sifatida qaraydi. Ikkinchi jahon urushidagi tarixiy g‘alabani ta’minlashda yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan jasorat shunday bir kitobki, o‘qib ado bo‘lmaydi, olgan saboqlaring unutilmaydi.

Ayniqsa, bu yilgi tarixiy sana Ikkinchi Jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi arafasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuqori bosqichga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni bir yaxlit tizim asosida muvofiqlashtirishga xizmat qilishi bilan xalqimiz qalbidan joy oldi. Mazkur tarixiy qaror asosida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab Toshkent shahrining Olmazor tumanida G‘alaba bog‘ining qurilishi xalqimizning o‘z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o‘lmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromining amaliy namunasidir.

Vatandan minglab chaqirim olislarda kechgan beayov janglarda ko‘ksini dushman o‘qiga qalqon qilgan, yurt sog‘inchi va qadrdonlar diydorini dilga tugib kurashlarda jon olib jon bergan minglab o‘zbek o‘g‘lonlarining matonati va qahramonligi vatandoshlarimiz yuraklarida mangu yashaydi. Bugun oramizdagi “tirik qahramonlar” ham vaqt o‘tgan sari bizdan uzoqlashmoqda. Ularni erta emas, bugun borida qadrlash, e’zozlash, suhbatlaridan bahramand bo‘lish burchimizdir.

Shunday qahramonlardan biri bekobodlik 94 yoshli Xasanboy ota Xolmatovdir. Otaxon Ikkinchi jahon jahon urushi boshlangan davrda o‘qituvchilar yetishmaganligi bois 7 sinfni tugatib, o‘zi o‘qigan maktabda bolalarga dars bera boshlaydi.

1944 yili ukasi Xusanboydan qora xat kelganda bu xat emas, bir o‘q kabi uni yuragini yaralaydi. Bu yara shunday chuqur ediki, ukasi bilan birga katta bo‘lgan uy, Vatan, dalalar ham halok bo‘layotgandek uning himoyasi shaylanadi. Qancha iltimos qilmasin, bu yosh o‘qituvchini urushga jo‘natishmaydi, zero maktabda ta’lim beruvchi yo‘q, savodsizlik esa qurbon bo‘lishdan ham yomon.

Bir necha bor harakatlaridan so‘ng frontga jo‘natiladi va birinchi jangovar tayyorgarlikni Belarusiyaning Bryansk viloyatida o‘taydi. Xasanboy ota mudxish urush davrini shunday eslaydi: “Biz okoplarda jang qilyapmiz, daydi o‘q uchib kelib, yonimdagi ko‘plab safdoshlarimni yiqityapti. Shunda bildimki, dunyoda eng aziz va qadrdon inson – bu ONA ekan. Jangchi qaysi millat vakili bo‘lmasin o‘q tekkan vaqtda u jon achchig‘ida “Ona” deya nido qilarkan. Men bu so‘zni urush davrida juda ko‘p millatga mansub quroldoshlarim og‘zidan eshitdim. Hozir ham eslasam yuragim o‘rtanib ketadi. Mana urushning nomi o‘chsin deb nimaga aytamiz. Farzandni onadan, Onaning farzanddan ayiradi. O‘sha jangchining so‘nggi nafasda aytgan “Ona” degan so‘zida nafaqat ona, balki Vatan mehri, hayotga tashnalik mujassam edi.”

Hozir otaxon keksalik gashtini surib, olti nafar farzandni voyaga yetkazib, 30 nafar nevara, 52 nafar chevara va 2 nafar evaralarning sevimli bobojoni sifatida umrguzaronlik qilib kelmoqda.

2017 yili Prezidentimiz tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Haj ziyoratiga ham borib keldi. Bu yilgi qaror bilan urush qatnashchilariga beriladigan e’tibor va g‘amxo‘rliklarni eshitib, otaxonning qalbi sururga to‘ldi.

“-O‘g‘lim, nasib qilsa Yurtboshimiz tashabbusi bilan qurilayotgan “G‘alaba bog‘i”ga boraman, nevaralarimni ham olib boraman. Ko‘rsin, bilsin, ibrat olsin deyman. Shu bog‘ barpo etilayotganini eshitganimda ko‘z o‘ngimdan jangda halok bo‘lgan safdoshlarim bir-bir o‘tdi, xuddi ular yashashda davom etayotgandek. Nazarimda urushda halok bo‘lganlar bugun har bir mard yigit yuragida, jasoratli harbiylar qonida, sadoqatli kelinlarimiz qalbida yashamoqda.

Darhaqiqat, qahramonlar o‘lmaydi, ular har bir Vatan deganda yurakda qayta va qayta dunyoga kelaveradi.

 

U.ABDUNAZAROV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Toshkent viloyati Bekobod shahar bo‘linmasi rahbari

01.05.2020